Jahon | 11:05 / 30.05.2023
7991
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston TIV Rossiyani tark etgan 25 kompaniyaning mamlakatga ko‘chirilishi haqida ma’lumot berdi

Qozog‘iston hukumati Rossiyani tark etishga qaror qilgan 400 kompaniyani mamlakatga ko‘chirishni taklif qildi, dedi Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Almas Aydarov. Uning so‘zlariga ko‘ra, 401 ta kompaniyadan 67 tasi o‘z roziligini bildirgan va «25 ta kompaniya uchun ko‘chirish yakunlangan».

Foto: ortcom.kz

Rossiyani tark etishga qaror qilgan 25 kompaniya Qozog‘istonga ko‘chib o‘tdi, dedi Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Almas Aydarov Senatdagi hukumat soatida. Bu haqda mahalliy «Vlast» nashri yozmoqda. Uning ta’kidlashicha, mamlakat rasmiylari bunday kompaniyalarni Qozog‘istonga ko‘chirish bo‘yicha «katta ish» olib bormoqda – jami ular Rossiya bozoridan chiqishlarini e’lon qilgan 401 ta kompaniyani mamlakatga taklif qilishgan.

«Bizning elchilarimiz [Rossiyadan chiqib ketayotgan korxonalarning] bosh kompaniyalari bilan uchrashmoqda», — dedi Aydarov. Uning aniqlik kiritishicha, 67 kompaniya allaqachon yuborilgan taklifnomalarni qabul qilgan, «25 ta kompaniya uchun ko‘chirish yakunlangan». 

Gap turli mamlakatlar, birinchi navbatda, Germaniya, AQSh, Shveytsariya va Yaponiya kompaniyalari haqida bormoqda, dedi vazir o‘rinbosari. «Ko‘chirilishi yakunlangan asosiy kompaniyalar: Amerikaning Honeywell Olmaotada kichik ishlab chiqarish ochdi, TikTok, hamma biladi, o‘z ofisini Qozog‘istonga ko‘chirdi, InDriver, Fortescue (Metals Group) (Avstraliya), Alstom (Fransiya) ham ko‘chib o‘tdi. Xo‘sh, oxirgilaridan: Ozon, u Ostonada logistika parkini ochmoqda», dedi u. 

O‘tgan yozda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev hukumatga Rossiyani tark etishga qaror qilgan xorijiy kompaniyalarni boshqa joyga ko‘chirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha topshiriq bergan edi. 

Mavzuga oid