22:34 / 01.06.2023
31905

“Tolibon”–Eron nizosiga sabab nima? Afg‘onshunos bilan suhbat

27 may kuni Afg‘oniston–Eron chegarasidagi postlardan birida to‘qnashuv yuz berdi. Eron tomonidan ikki nafar chegarachi, “Tolibon” tomonidan bir nafar harbiy halok bo‘lgani aytilmoqda. Har ikki tomonning markaziy hukumatlari bosiqlik bilan reaksiya bildirishi sabab eskalatsiyaning oldi olindi.

Qator tahlilchilarga ko‘ra, bu konfliktga 1973 yilda Afg‘oniston va Eron o‘rtasida tuzilgan suv taqsimlanishi shartnomasining buzilishi sabab bo‘lishi mumkin.

Bir necha hafta avvalroq Eron prezidenti Ibrohim Raisi “Tolibon”ni bu bitim shartlariga amal qilishga chaqirib, Hilmand daryosi oqimini cheklash orqali Eronning sharqiy hududlariga suv borishiga to‘sqinlik qilmaslikni talab qilgandi. Toliblar bu ayblovni rad etgan.

Kun.uz mavzu yuzasidan afg‘onshunos Suhrob Bo‘ronov bilan suhbatlashdi.

— “Tolibon” va Eron konflikti faqatgina 1973 yilgi suv kelishuvi bilan bog‘liqmi yoki markazlashmagan “Tolibon”ga tashqi ta’sirlar natijasimi?

— Tehron va “Tolibon” o‘rtasidagi ziddiyat yaqin kunlardagi rezonansga sabab bo‘lgan voqea bo‘ldi. Bu masalada boshqa omil ham borki, o‘rtadagi munosabatlarga bevosita va bilvosita ta’sir ko‘rsatadi. Bular – tarixiy, etnodiniy va geosiyosiy omillardir.

1996-2001 yillarda “Tolibon” ma’muriyati va Tehron munosabatlari ziddiyatli bo‘lgan va “Tolibon”ni dastaklovchi kuch markazlarining aksariyati Eronning Afg‘onistondagi ta’sirini kamaytirishga uringan.

Tehronning Afg‘onistondagi etnodiniy ta’sir omili esa – aholining shia mazhabidagi hazora qatlamidir. Sunniy bo‘lgan toliblar o‘sha davrda hazoralar faoliyatini jiddiy cheklash uchun kurash olib borishgan va Eron ta’siridagi Hizbi Vahdat partiyasi rahbari Abdul-Ali Mozoriy yo‘q qilingan.

So‘nggi voqealar shuni ko‘rsatdiki, “Tolibon” va Eron o‘rtasidagi suv muammosi geosiyosiy omil sifatida baholanishi mumkin. Tehronning Moskva va Pekin bilan yaqin munosabatlari uchun ham bu signal hisoblanadi. Shuningdek, Eronda uranni boyitish jarayoni ham yirik kuch markazlarining e’tiborini torta boshladi.

— Nega ziddiyatga Eron jiddiy reaksiya bildirmadi, bu qanday omillar evaziga?

— Buni ikki guruhga ajratib olishimiz mumkin. Birinchidan, Eronning “Tolibon” bilan munosabatida manfaatli tomonlari ham bor, ya’ni bir vaqtning o‘zida manfaati uchun do‘st va dushman. Pentagon hisobotlarida aytilishicha, rasmiy Tehron o‘ziga xayrixoh bo‘lgan kuchlarni dastaklash maqsadida 2007 yildan buyon “Tolibon”ga ta’sir ko‘rsatishni boshlagan. Masalan, “Tolibon” ma’muriyatining ilk rahbarlaridan biri Mulla Ahtar Mansur 2016 yilda Erondan Pokistonga qaytayotganida Qo‘shma Shtatlarning uchuvchisiz qurilmasi yordamida portlatib yuborilgan. Eronning asosiy maqsadi – AQShning Afg‘onistondagi harbiy mavjudligini kamaytirishdan iborat.

Shuningdek, Tehronning Afg‘onistondagi faolligini cheklash uchun IShID-Xuroson guruhi to‘g‘ridan to‘g‘ri Eronga qarshi kurashish yo‘lini tanlagan. So‘nggi yillarda Afg‘onistonda ro‘y bergan teraktlarni ular hazoralarga qarshi amalga oshirilgani birlashtirib turadi.

Eronning oldida hozir ikki yo‘l bor: to‘g‘ridan to‘g‘ri urushga kirish yoki uchinchi qo‘l bilan buni amalga oshirish. Mening fikrimcha, Eron ikkinchi yo‘lni tanlasa kerak, chunki Tehronning “Tolibon”dan ham qolishmaydigan ta’sir kuchi bor. Bu – marhum Qosim Sulaymoniy boshqaruvida bo‘lgan afg‘on qochoqlaridan iborat Fotimiyun nomli brigada. Bu brigada 2018 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra 50 ming nafar harbiydan tashkil topgan. Ayni vaqtda Fotimiyun Suriya, Iroq hududlarida, lekin guruh Afg‘onistonga yo‘naltirilsa, “Tolibon” uchun jiddiy muammoga aylanadi. Shunga qaramay, Eron tarixan vazmin siyosat yuritadi.

— Mintaqadagi bu mojaro Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari uchun qanday signal sifatida qabul qilinishi kerak?

— Bu masala Afg‘onistonning har bir qo‘shni davlati uchun muhim signal sifatida qabul qilinishi kerak. Eron va “Tolibon” chegarasidagi to‘qnashuv arafasida Ashxobodda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari ishtirokida uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvning asosiy mavzusi – Qo‘shtepa kanali va transchegaraviy masalalar haqida muhokama bo‘lgan. Bu kanal Amudaryoning quyi oqimida joylashgan davlatlar uchun bu xavfli bo‘lishi mumkin.

— Yaqin kelajakda mintaqa istiqbolini qanday tasavvur qilish mumkin?

— O‘ylaymanki, kelajakda Markaziy Osiyo davlatlari uchun asosiy muammolardan biri bu suv muammosi bo‘ladi. MRBning 2012 yilgi hisobotida suv siyosiy qurol vositasiga aylanishi mumkinligi taxmin qilingan. Hattoki suvning noto‘g‘ri taqsimlanishi sabab 2050 yilga yetmasdan turli og‘ir ziddiyatlar kelib chiqishi mumkin degan taxminlar bor.

Jahon suv resurslari instituti tomonidan tuzilgan, dunyodagi eng kam suv bilan ta’minlangan davlatlar ro‘yxatida mintaqamizdan O‘zbekiston va Turkmaniston ham joy olgan.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid
Top