O‘zbekiston | 10:03 / 04.06.2023
37828
12 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyevning saylovoldi dasturi, uzoq kutilgan organ va tergovdagi yana bir o‘lim - hafta dayjesti

Shavkat Mirziyoyev agar qayta saylansa, 7 yil davomida – 2030 yilgacha nimalar qilmoqchi ekanini e’lon qildi. Nihoyat, aholining ijtimoiy himoyasi bilan alohida organ shug‘ullanadigan bo‘ldi. Chilonzor IIBga olib kelingan yosh yigit shubhali ravishda vafot etdi. Haftaning shu va boshqa asosiy voqealari – Kun.uz dayjestida.

O‘zbekiston 2030 yilgacha: Mirziyoyev nutqidagi asosiy nuqtalar

O‘zbekiston prezidentligiga asosiy nomzod Shavkat Mirziyoyev seshanba kuni O‘zLiDeP sezdidagi chiqishida saylovoldi dasturini e’lon qildi. Kelgusi 7 yillik muddati ichida, ya’ni 2030 yilgacha erishilishi ko‘zda tutilgan maqsadlar dasturda beshta yo‘nalishga bo‘lingan.

Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, bog‘chalarga bo‘lgan ehtiyoj 2030 yilgacha 100 foizga qondiriladi. Maktab yetishmovchiligi muammosi esa 7 yil davomida har yili 500 mingtadan o‘quvchi o‘rni, jami 2,5 millionta qo‘shimcha o‘rin yaratish orqali hal qilinishi aytilyapti. O‘zbekistondagi bog‘cha va maktablarning hammasi filtrlangan ichimlik suvi bilan ta’minlanishi va’da qilindi.

Prezidentlikka nomzodning so‘zlariga ko‘ra, keyingi 7 yilda har bitta bog‘chada kompyuter sinfi, har bitta maktabda esa boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining hammasiga yetadigan ta’lim planshetlari bo‘ladi. Informatika fanini o‘qitish 1-sinfdan boshlanadi. Barcha maktablarga chet eldan chet tili o‘qituvchilari olib kelinadi. Chekka hududlarda bepul maktab avtobuslari qatnay boshlaydi.

Infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha rejalar ham ancha katta. 2 yil ichida qishloqlar va ovullarning hammasi internet bilan qamrab olinishi, 2030 yilgacha 100 foiz aholi punktlari toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishi, tuman markazlaridan har bir qishloqqacha sement-beton yo‘llar qurib, avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi aytilyapti.

Iqtisodiy yo‘nalishda, 2030 yilgacha jon boshiga yalpi ichki mahsulotni hozirgidan 2 barobarga oshirib, 4 ming dollarga yetkazish maqsadi qo‘yilgani yana bir bor aytib o‘tildi. Agar bu amalga oshsa, O‘zbekiston daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga qo‘shilishi mumkin.

Shavkat Mirziyoyev 17 turdagi davlat monopoliyasi bekor qilinishini aytdi. Ko‘pchilikni qiziqtiradigan avtosanoat bo‘yicha, 4 ta nufuzli xorijiy kompaniyaning avtomobil zavodlari ochilishi va “sohada haqiqiy raqobat paydo bo‘lishi” ta’kidlandi. Avtomobil ishlab chiqarish darajasi yiliga hozirgi 350 mingtadan 1 milliontaga yetkazilishi e’lon qilindi. Bojlarni pasaytirish masalasi esa faqatgina Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘linganidan keyin, tashkilot tomonidan O‘zbekistonga beriladigan imtiyozli davr oxiriga boribgina hal bo‘ladiganga o‘xshayapti. Bu esa avtomobillar uchun bojlar keskin pasayishiga hali kamida 5 yil vaqt bor degani.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, keng ko‘lamli xususiylashtirish natijasida davlat ishtirokidagi kompaniyalarning soni hozirgi 2300 tadan 360 taga kamayadi. Milliybank, Xalq banki va Agrobankdan tashqari qolgan hamma banklar xususiylashtiriladi. “Kelgusi yillarda faqat magistral energiya va transport tarmoqlari, davlat boshqaruvi va xavfsizligi bilan bog‘liq sohalar davlat tasarrufida qoladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muhim yangiliklardan yana biri – Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilishi bo‘ldi. Faollar bunday agentlikka katta ehtiyoj borligi haqida bir necha yildan beri gapirib kelayotgan edi. Prezidentning saylovoldi nutqida aytilishicha, agentlik hozirda 6 ta vazirlikda tarqoq bo‘lgan ijtimoiy xizmatlarni birlashtiradi. Yangi organ keksalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj odamlar, kam ta’minlangan oilalar, zo‘ravonlikka uchragan shaxslar, nogironlar, yetimlar, qariyalar va boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatadi. Buning uchun professional ijtimoiy xodimlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi hukumatdan mustaqil ravishda, prezident huzurida faoliyat yuritadi, uning direktori bir vaqtning o‘zida prezident maslahatchisi ham hisoblanadi. Bu lavozimga administratsiyada departament rahbari o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Mansurbek Olloyorov tayinlandi.

“Fuqarolar o‘z dini ta’limotlarini o‘rganish huquqiga ega”

O‘zbekistonda e’tiqod erkinligi kafolatlangan. Fuqarolar o‘zi e’tiqod qiladigan dinning ta’limotlarini o‘rganish huquqiga ega. Bu – vijdon erkinligi to‘g‘risidagi qonunda yozib qo‘yilgan. Qonundagi bu talabni O‘zbekiston musulmonlari idorasi shu hafta e’lon qilgan bayonotida eslatib o‘tdi.

Idora o‘z bayonoti bilan “endi hatto juma tabrigini ham yuborib bo‘lmaydi” degan mazmundagi xavotirli gap-so‘zlarni rad etdi. Telegram'dan juma tabrigini yuborish, oyat-hadislarni ulashish va o‘zbekistonlik ulamolar va imomlarning ma’ruzalarini tarqatish endi mumkin emas, degan mazmundagi ogohlantirishlarni Musulmonlar idorasi asossiz va yolg‘on deb atadi.

Lekin ta’kidlash kerak, tekshirilmagan diniy materiallarni tarqatishga doir qonuniy taqiqni hech kim bekor qilgani yo‘q. Oxirgi paytlardagi voqealardan kelib chiqib, bunday materiallarni internet orqali ulashishda hushyor bo‘laverish kerak. Musulmonlar idorasining bayonoti esa, yuqoridagi qonun talabini eslatishdan tashqari, diniy elektron manbalar ro‘yxati taqdim qilingani bilan ahamiyatli. Fuqarolar bu ro‘yxatdagi resurslarda keltirilgan diniy materiallardan foydalanishlari va yaqinlariga ulashishlari mumkin.

Idoraning qo‘shimcha qilishicha, buzg‘unchi oqimlar o‘z g‘oyalarini tarqatishda o‘ziga jalb qiluvchi musiqalar, suratlar va ramzlardan foydalanyapti. Ekstremistik g‘oyalarni tarqatish, saqlash va foydalanishning har qanday shakli esa qonunan taqiqlangan.

Tergov vaqtidagi navbatdagi noxush hodisa

Chilonzor tuman IIBda tergov qilinayotgan 21 yoshli yigit shubhali tarzda vafot etdi. Surxondaryolik Hafizulloh Turg‘unboyev bir necha yildan beri oilasidan uzoqda, Toshkentda yashab, ishlayotgan bo‘lgan. Rasmiylar izohiga ko‘ra, u so‘roqqa olib ketilayotgan paytda hojatxonaga chiqib kelishni so‘ragan va qochmoqchi bo‘lib, binoning 4-qavatidagi hojatxona oynasidan o‘zini tashlagan. Natijada oyog‘i sinib, shifoxonada vafot etgan. Lekin bu izohga yigitning yaqinlari ishonmayapti. Ularni va umuman ko‘pchilikni shubhalantirayotgan ayrim sabablar bor.

Turg‘unboyevning otasi suhbatlashgan shifokorlar uning o‘g‘lida 4-qavatdan yiqilish alomatlari bo‘lmagani, yigitning hech qayeri sinmaganini aytgan.

“Doktor ham oyoq-qo‘li sinmagan, hech narsa bo‘lmagan, dedi. Shunga shubham bor, o‘g‘lim baquvvat va yosh edi, qamoqdan qo‘rqadigan bola emasdi. Mening bittagina o‘g‘limni urib o‘ldirishgan deb o‘ylayman. IIB binosi oynalarida panjaralar bo‘ladi, u sig‘maydi-ku. Agar tashlagan bo‘lsa, kameralar bo‘ladi – tashlaganini ko‘rsatishsin yoki barmoq izlarini ko‘rsatishsin”, – dedi Kun.uz bilan suhbatda yigitning otasi Erkin Xolboyev.

Kun.uz suhbatlashgan shifokorlar holatga izoh berishni istamay, o‘z ko‘rsatmalarini tergov va sudda aytishlarini bildirdi. IIB binosining 4-qavatidagi hojatxona oynasini ko‘rish haqidagi so‘rovimiz esa tergov siri deya rad etildi. Holat bo‘yicha Chilonzor tumani prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazyapti. Sud-tibbiy ekspertizasi ham tayinlangan.

Toshkent: Himoyasiz daraxtlar, himoyasiz odamlar

Hafta davomida Toshkentdagi boshqa ayrim holatlar ham jamoatchilik diqqat markaziga tushdi. Chilonzorda o‘nlab daraxtlarning ildizlari kesib tashlangani katta rezonans chiqarganiga bir yil ham bo‘lmay, Bo‘zsuv kanalining shu tuman hududidan oqib o‘tuvchi qismida, ko‘p yillik daraxtlarning ildizlariga zarar yetkazildi. Ildizlarning qo‘porib tashlanishi natijasida azim daraxtlarning yashab ketishi so‘roq ostida qoldi. Holat elektr tarmoqlarini o‘tkazish uchun qazish ishlari olib borilayotgan paytda ro‘y bergan. Mas’ullar holat bo‘yicha o‘rganish ishlari boshlaganini bildirdi.

Yashnobodda esa aholi vakillari va hokimlik xodimi o‘rtasida janjal yuzaga keldi. Fuqarolar o‘zlari yashaydigan mahallaning tor ko‘chasiga yuk mashinalari kirishi taqiqlangani haqidagi belgi qo‘yilgan bo‘lsa ham, har kuni yuk mashinalari kirib-chiqib yurganidan shikoyat qilgan, lekin bu shikoyatlari natija bermagan. Shundan keyin aholi vakillari ko‘chaga qo‘lbola arka yasab qo‘yishgan. Tor ko‘chadan yuk mashinalari qatnashidan manfaatdor bo‘lgan tadbirkor esa bu arkani olib tashlashni so‘rab murojaat qilgan. Aholining murojaati paysalga solinib yotgan bir paytda, tadbirkorning murojaati zudlik bilan ko‘rib chiqilib, ijobiy hal etilgan.

Hokimlik va boshqa tashkilotlar vakillari arkani buzish uchun kelganida, aholi vakillari bilan janjal yuzaga kelgan. Bu janjalda rasmiy shaxslar jamoasiga Yashnobod tumani hokimligi bosh mutaxassisi boshchilik qilgan. Bu barzangi erkakka ayollar jarohat yetkazgan degan vaj bilan keyinroq jinoyat ishi ham ochilgan. Vaholanki, videolarda hokimlik xodimi fuqaroning yuziga tosh bilan zarba berganini ham ko‘rish mumkin. Natijada ayol miya chayqalishi jarohatini olgan.

Fuqarolarning huquqlarini himoya qilishi kerak bo‘lgan organlar nega ularga qarshi ish tutayotganini izohlash qiyin. Davlat xizmatchisi bo‘lgan erkak ayol fuqaroning yuziga tosh bilan urishini esa umuman izohlab bo‘lmaydi. Bu vaziyatda hokimlik yuk mashinalari kirishi taqiqlangan ko‘chadan yuk mashinalari qatnashi uchun sharoit yaratib berish o‘rniga, sanoat zonasiga olib boradigan boshqa yo‘llar nega yopib qo‘yilgani bilan qiziqsa, to‘g‘riroq bo‘lardi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Toshkent metrosida bir qizga shilqimlik qilgan ikki talaba 5 sutkaga qamaldi. Yigitlardan biri vagonda ketayotgan qizning qo‘liga teginish bilan unga shilqimlik qilgan, sherigi esa bu holatni videoga olgan. 22 yoshli talabalar videoni prank sifatida internetga joylashi ortidan, Chilonzor tuman sudi ularga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinladi.

Qishdagi gaz muammolaridan keyin, O‘zbekistonda benzinga talab keskin oshib ketgani ma’lum bo‘ldi. 2023 yilning dastlabki 4 oyida benzin ishlab chiqarish hajmi 32 foizga, import hajmi esa salkam 2 barobarga oshgan. Import benzinning deyarli hammasi Rossiyadan olib kelinyapti. Shu hafta mamlakatdagi eng katta benzin shoxobchalari tarmog‘i – UNG Petro AYoQShlarini xususiylashtirish jarayoni boshlandi. Ayni paytda xususiylashtirish uchun konsalting kompaniyasi qidirilmoqda.

Ekologiyaga mas’ul davlat organining nomi yarim yil ichida ikkinchi marta o‘zgardi. Dekabr oyidagi ma’muriy islohot vaqtida Tabiat resurslari vazirligi deb nom berilgan organ bundan buyon Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi deb ataladi. Biz vazirlik nomi bo‘yicha bir to‘xtamga kelolmayotgan bir paytimizda, ekologik muammolar og‘irlashishda davom etyapti. Oxirgi xabarlarga qaraganda, Tuyamo‘yin suv omboridagi suv sathi 2,3 kub kilometrgacha kamayib ketgan.

Yoz bilan birga, uning jaziramasi va anomal issiqlar ham boshlanyapti. Dushanbadan boshlab O‘zbekiston hududiga Eron hududlaridan issiq havo oqimi kirib keladi. “O‘zgidromet” prognoziga ko‘ra, 2023 yilning iyunida harorat ko‘p yillik o‘rtacha me’yorlardan 2-3 darajaga yuqoriroq bo‘ladi. Avvalroq xabar berganimizdek, dunyo olimlari ham yaqin 5 yilda rekord darajadagi global isishdan ogohlantirgan.

Mavzuga oid