O‘zbekiston musulmonlari idorasi bu mazmundagi xabarlarni “asossiz hamda vahima uyg‘otuvchi yolg‘on” ekanligini bildirib, aholini sarosimaga soluvchi shunday noto‘g‘ri xabarlar tarqatish javobgarlik keltirib chiqarishini ma’lum qildi.
“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunga asosan, e’tiqod erkinligi kafolatlangan. Shunga ko‘ra, fuqarolar dinga e’tiqod qilish, diniy rasm-rusumlar va marosimlarni o‘tkazish hamda o‘z dinining ta’limotlarini o‘rganish haq-huquqiga egadir.
Shunga binoan mo‘min-musulmonlar uchun zarur bo‘lgan diniy masalalar rasmiy elektron manbalar orqali keng yoritib borilmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy veb-saytlari, masjid-madrasalar, iqtidorli imom-xatiblarning sayt va ijtimoiy tarmoq sahifalarini mutolaa qilish hamda ulardagi ma’lumotlarni yaqinlariga ulashish mumkin, jumladan, juma tabriklarini ham tarqatishga ruxsat etilgan. Bularga hech qanday ta’qib yo‘q”, — deyiladi idora bayonotida.
Musulmonlar idorasi bayonotiga “rasmiy va yetakchi” elektron manbalar ro‘yxati havola qilingan hamda o‘zbekistonliklar ushbu tarmoqlardagi barcha diniy-ma’rifiy ma’lumotlarni mutolaa qilishlari hamda yaqinlariga ulashishlari mumkinligi ta’kidlangan.
Shuningdek, idora va uning tizimidagi imom-domlalar tomonidan internetda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlarda muntazam targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilayotgani ta’kidlangan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarovning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida ruhiy tarbiya, odob-axloq, ilm-ma’rifat va inson ma’naviy yuksalishiga oid go‘zal suhbatlarni tarqatilayotgani ma’lum qilindi. Xususan, muftiyning ma’ruzalarini quyidagi havolalar orqali kuzatib borish mumkin:
- Telegram: https://t.me/Muftiy_Nuriddin_domla
- Facebook: https://www.facebook.com/muftiynuriddindomla















