Jahon | 21:44 / 07.06.2023
31748
17 daqiqa o‘qiladi

O‘zi o‘pirildimi yoki ataylab buzishdi? - Kaxovka to‘g‘oniga nima bo‘ldi

Kaxovka GESi to‘g‘oni yorilishi jiddiy humanitar oqibatlarga olib keladi, Ukraina iqtisodiyotiga salbiy ta’sir o‘tkazadi va urushning borishida ham o‘z aksini topish ehtimoli bor. Ayni paytda Ukraina to‘g‘onni buzishda Rossiyani ayblamoqda, Rossiya bunga qarshi ayblovlarni ilgari surmoqda, ekspertlar esa o‘pirilish Xerson oblastida yozda va kuzda bo‘lib o‘tgan janglar oqibati o‘laroq ro‘y bergan bo‘lishi mumkinligi borasida bahslashishmoqda.

Kaxovka GESi to‘g‘oni 6 iyun kuni yorilib ketdi. Foto: Anadolu

Ukraina hukumati ta’kidiga ko‘ra, Kaxovka GES inshootlarini portlatish tungi soat 3 larda, katta ehtimol bilan RF qurolli kuchlari 205-motoo‘qchi brigadasi harbiylari tomonidan amalga oshirilgan. Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, to‘g‘on va undan o‘tuvchi avtoyo‘lni minalashtirishlarini rossiyaliklar o‘tgan yilning bahorida stansiyani egallashgan zahoti amalga oshirishgan, deb yozadi BBC.

Kreml barcha ayblovlarni rad etmoqda va goh GESga Ukraina tomoni raketa hujum uyushtirgani, goh «qo‘poruvchilik» oqibatida portlatilganini ta’kidlamoqda. RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov buni qo‘poruvchilik harakati deya atab, maqsadlar ichida «Qrimni suvdan quruq qoldirish» bo‘lganini ta’kidlagan.

Qandaydir mustaqil surishtiruvlar natijasidan umid qilmasa ham bo‘ladi, to‘g‘on Rossiya qo‘shinlari nazorati ostida, ukrainalik tergovchilar va texnik mutaxassislar uning qoldiqlarini tekshira olishmaydi.

To‘g‘on o‘pirilishidan bir necha kun avval, 31 may kuni Rossiya hukumati negadir Ukraina bilan urush davomida okkupatsiya qilingan hududlarda «harbiy harakatlar, qo‘poruvchilik va terrorchilik aktlari natijasida sodir etilgan» gidrotexnik inshootlarda avariyalarni texnik surishtirishni to‘xtatib turuvchi qaror qabul qilgan.

Kaxovka to‘g‘oni o‘pirilishi xavfi haqida Xerson oblastida qizg‘in urush borgan 2022 yilning kuzidan buyon ko‘p gapirib kelinadi. O‘shanda har ikki taraf Ukrainaning qarshi hujumiga tayyorlangandi — Rossiya armiyasi to‘g‘on ustidan ko‘prik orqali Xersondagi guruhini o‘q-dorilar bilan ta’minlashga urinar, Ukraina QK esa bunga faol ravishda to‘sqinlik qilardi. Biroq, to‘g‘on ko‘plab o‘q yomg‘irlariga turib bergandi. Endi, ko‘plab belgilarga ko‘ra, Ukraina yana qarshi hujumni boshlamoqda. Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlarda eng birinchi bo‘lib to‘g‘on ataylab portlatib yuborilgani haqidagi versiya paydo bo‘ldi.

Rossiya harbiylari Kaxovka GESida. Ular stansiyani bosqinning dastlabki kunlari, 2022 yilning fevralida egallab olishgan edi. Foto: EPA

Nima bo‘lganda ham to‘g‘onning o‘pirilish sabablari hozircha aniq emas. Voqea ro‘y berganidan bir necha soat o‘tib, ikkita asosiy versiya paydo bo‘ldi: o‘pirilish janglar davomida yetkazilgan ziyonlar tufayli ro‘y berganmi yoki u ataylab buzib tashlangan?

Damba yoki to‘g‘on?

Damba va to‘g‘onning farqi – ularning nima uchun mo‘ljallanganida. Dambalar suv oqimini cheklash uchun o‘rnatiladi, masalan, biror hududni suv toshqinlaridan asrash uchun. Dambalar ba’zan suv oqimini bo‘lish yoki daryo o‘zanini cheklash uchun o‘rnatiladi.

To‘g‘onlar esa suv sathini ko‘tarish – suv omborlari yoki gidroelektr stansiyalar barpo etish uchun quriladi. Dambalar xuddi to‘g‘on singari turli materiallar – grunt, beton, shag‘al yoki toshlardan ko‘tariladi. To‘g‘on yog‘ochdan ham barpo etilishi mumkin. Kaxovka GES gidrotexnik inshooti suv sathini tartibga solish uchun ishlatilgani tufayli to‘g‘on deb ataladi. Stansiya tarkibida tuproqdan yasalgan ko‘tarma va betondan yasalgan suv tashlovchi to‘g‘on bor.

Kaxovka GESi o‘ng qirg‘oqqa yaqin joylashgan ko‘tarma to‘g‘on va 28 ta suv tashlovchi tiqinlarga ega beton to‘g‘ondan iborat. Ularning ustida metall tiqinlarni ko‘tarib tushiruvchi minorali kran yurishi uchun rels yotqizilgan. Bundan tashqari, mashina zaliga ega GES va kemalarni ko‘tarib tushiruvchi shlyuz ham bor.

Sun’iy yo‘ldosh va dronlar orqali olingan suratlarga ko‘ra, to‘g‘onning o‘pirilishi mashina zaliga yaqinroq joyda — yo‘l GES binosini aylanib o‘tish uchun burila boshlagan uchinchi tiqin hududida ro‘y bergan.

Ko‘prikka yetkazilgan ziyon

Rossiyalik harbiylar Kaxovka GESi dambasini bosqin boshlangan 24 fevral kuniyoq egallab olishgan. Kuzga kelib, Ukraina Xerson oblastida qarshi hujum boshlagach, damba xavf zonasida qolgan edi — u orqali Xerson shahrida va Dnipro daryosining o‘ng sohilida bo‘lib turgan rus harbiy guruhlariga o‘q-dori, yonilg‘i, oziq-ovqat va yordamchi kuchlar yetkazilgan.

Antonov ko‘prigidagi avtoyo‘l va temiryo‘l kabi Kaxovka GESi to‘g‘oni ustidagi ko‘prikka ham o‘t ochib turiladi. 13 avgust kuni Ukraina QK ko‘prik ishdan chiqarilganini e’lon qildi. Unga raketa artilleriya zarbalari berilgandi.

Ko‘prik «ishdan chiqarilishi» uning vayron bo‘lganini anglatmasdi, shunchaki, undan og‘ir texnika olib o‘tish imkonsiz bo‘lib qolgandi. Bu hol to‘g‘onga zarar yetkazilganini ham bildirmasdi — u ko‘prik ostida joylashgan bo‘lib, ziyon ko‘rmagan bo‘lishi ham mumkin edi.

Xerson portining suv ostida qolgan qismi. Foto: Getty Images

Ushbu zarbadan so‘ng paydo bo‘lgan videotasvirlarda ko‘rinishicha, u ko‘prikning 2023 yil 6 iyun kuni ro‘y bergan o‘pirilishdan uzoqdagi shlyuzi ustidagi qismiga to‘g‘ri kelganini ko‘rish mumkin.

Rossiya qo‘shinlari Dniproning o‘ng sohilidan chekina boshlaganda, 11 noyabr kuni ular ko‘prikning tuproqli ko‘tarmaga yondosh qismini portlatib yuborishadi. Portlash onini GES binosida joylashgan videokamera tasvirga olgan. Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan kadrlarga qaralsa, ko‘prikning bu qismi ham to‘g‘on yorilgan joydan uzoqda ekaniga amin bo‘lish mumkin.

28 may kuni sun’iy yo‘ldosh orqali olingan fotosuratda to‘g‘on yorilgan joydagi yo‘lga ziyon yetkazilganini ko‘rish mumkin. Bu yerda yo‘l burila boshlaydi va o‘sha kuniyoq suv faol ravishda otilib chiqa boshlagan tiqinlardan biroz naridan o‘tgan.

Dambalar nega vayron bo‘ladi?

O‘z nomini oshkor etishni istamagan gidrotexnik inshootlar sohasi bo‘yicha ekspert BBC’ga to‘g‘onlarning o‘pirilishi suv haddan ziyod to‘planib, to‘g‘on ustidan oshib tushishda yoki unga ziyon yetkazilganda paydo bo‘luvchi «proran»lar (yoriq yoki tuynuklar) tufayli sodir bo‘lishi mumkinligini aytdi.

«Umuman olganda, u yerda to‘g‘onning butunligiga raxna soluvchi nimadir sodir bo‘lgan. Gap shundaki, har qanday to‘g‘on yuvilib turadi. To‘g‘on sirtida qandaydir nuqson paydo bo‘lishi bilan, uni suv bilan yuvilishdan asrash kerak. Mayli, u sal-pal namlanib turar, lekin o‘sha joyni suv yuvib o‘tishi hamono proran hosil bo‘ladi. Proranda suv bosimi hisobiga ziyon kattalashaveradi. Suv po‘latmi, betonmi — farqi yo‘q, uni yemirib boraveradi. U joyda shunday zo‘riqishlar paydo bo‘ladiki, proran kengayib boraveradi. Ya’ni, proran paydo bo‘ldimi, tamom, har qanday to‘g‘on yemiriladi, u xoh gravitatsion bo‘lsin, xoh qoziqli bo‘lsin, xoh arkali bo‘lsin, tuproqli yo betonli bo‘lsin. Unisi ahamiyatsiz», — degan mutaxassis.

Mutaxassisga ko‘ra, to‘g‘onlar juda tez vayron bo‘ladi: «Agar u tuproqdan ko‘tarma shaklida qilingan to‘g‘on bo‘lsa, uning uzunligi bir kilometrmi, ikki kilometrmi, farqi yo‘q — bir necha metr proran hosil bo‘lsa, to‘g‘on 15–30 daqiqa ichida yuvilib ketadi. Beton va gravitatsion to‘g‘onlar bir-bir yarim barobar uzoqroq vaqtda vayron bo‘ladi».

Uning so‘zlari rossiyalik matematiklar guruhining «Yumshoq asosga o‘rnatilgan beton to‘g‘onlarning buzilishi. Ko‘pseksiyali to‘g‘onlarning asosidagi proran rivojlanishining sonli modeli» ilmiy ishi bilan ham tasdiqlanadi. Unda yozilishicha, to‘g‘onning vayron bo‘lishi bosqichlaridan biri — terakt, zilzila, to‘g‘on asoslari va devorlarining eskirishi natijasida «plotina asosida nuqson — boshlang‘ich proran hosil bo‘lishi»dir.

To‘g‘onning 28 may kuni sun’iy yo‘ldoshdan tushirilgan surati. GES binosi oldidagi ko‘prik qismi hali qulab tushmagan. Foto: Maxar

Ekspert shuningdek, Kaxovka suv omboridagi suv sathi fevral oyidagiga nisbatan juda yuqori darajada bo‘lganiga e’tibor qaratgan: «Fevraldan so‘ng suv omborini to‘ldirish bilan mashg‘ul bo‘lishgan. Kaxovka suv omboridagi suv sathini Rossiya nazorat qiladi. To‘g‘onning o‘pirilishi suv ombori to‘ldirilishi eng maksimal, o‘rtacha yillik sathdan yuqoriroq darajada bo‘lganida ro‘y bermoqda. Suv omborini maksimal darajagacha to‘ldirishgan».

Buni nima uchun qilishganini aytish qiyin — to‘g‘on Rossiya nazorati ostida, front chizig‘i ham suv ombori orqali o‘tadi, shu sababli Rossiya tomoni suv sathini kuzatgan yoki yo‘qligini aniq aytish qiyin.

Nazariy jihatdan suv sathini suv tashlovchi tiqinlarni ko‘tarib, nazorat qilish mumkin. To‘g‘on ustidagi ikkita ko‘k rangli obektlar shu ish bilan shug‘ullanuvchi kranlar. To‘g‘onda jami 28 ta tiqin bor. Ulardan uchtasi rossiyaliklar uyushtirgan portlash tufayli zararlangan bo‘lishi mumkin, lekin yana 25 tasi bor edi.

5 iyun kuni sun’iy yo‘ldosh orqali tushirilgan fotosuratlardan ko‘rinib turibdiki, yorilish nuqtasidagi uchta tiqinning tashqi ko‘rinishi boshqalaridan farqlanib turibdi: ular ko‘tarilgan. Ehtimol, ular suvning kuchli oqimini to‘sish uchun yuqoriga siljitilgan bo‘lishi mumkin. Bu holda nega boshqalari ko‘tarib qo‘yilmagani noma’lum.

To‘g‘onning 5 iyun kuni sun’iy yo‘ldoshdan tushirilgan surati. Foto: Maxar
Yuqoridagi suratning kattalashtirilgani. Bu yerda uchta tiqin boshqalaridan farq qilishi, ular ko‘tarib qo‘yilgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rish mumkin. Foto: Maxar

Ataylab portlatish versiyasi

Yuqoridagilarning barchasi Kaxovka GESining to‘g‘oni ataylab, qasddan portlatilmaganini anglatadimi? Yo‘q, buni aniq qilib aytib bo‘lmaydi.

«Avtomobil yo‘li o‘tgan ko‘prikning bir qismi nega qulab tushgan? Yaqin tiqinlarni ham zararlagan o‘t ochishdanmi yoki to‘g‘onning proran hosil bo‘lishiga olib kelgan o‘sha qismi yaqinida uyushtirilgan portlash tufaylimi?» — ekspertning so‘zlariga ko‘ra, ochiq manbalardagi axborotlarga qarab bu savolga aniq javob berib bo‘lmaydi.

«Portlash u qadar katta bo‘lishi ham shart emas. U hattoki suv ostida yuz bergan bo‘lishi ham mumkin. U yerda tashqi tomonda biror narsani portlatishga ham hojat yo‘q. Muhimi proran hosil qilishda. U uch-to‘rt metr kenglikda bo‘lishi kerak. Qolganini suvning o‘zi bajaradi. Suv sathining 16 metr balandlikda ekani nihoyatda katta bosimdan darak beradi», — degan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tajribali gidrotexnik mutaxassis 200-300 kilogramm portlovchi modda bilan kichikroq tuynuk ochish mumkin bo‘lgan joyni aniqlab bera oladi.

Bu versiyani na tasdiqlab, na rad etib bo‘ladi.

Bu kimga kerak?

Maqsadli portlatish versiyasi harbiy harakatlar mantig‘iga unchalik mos kelmaydi. Voqealarning bunday tus olishi har ikki tomon uchun ham manfaatli emas.

Dnipro daryosining o‘ng sohilidan Rossiya qo‘shinlari olib chiqilgach, frontning bu uchastkasi ancha sokin bo‘lib qoldi. Yirik va keng daryo tabiiy to‘siq bo‘lib turar, hujum qilish uchun rossiyaliklar ham, Ukraina qo‘shinlari ham uni kechib o‘tishiga to‘g‘ri kelardi.

Daryo bo‘ylab o‘tgan bunday pozitsiyalarni mudofaa qilish osonroq, shu sababli tomonlar bu yerda yirik guruhlarni saqlashmagan.

Biroq, ekspertlar Ukraina qurolli kuchlari aynan shunday operatsiyaga qo‘l urishi — daryodan kechib o‘tib, so‘l sohilda platsdarm va unga o‘tish yo‘laklari yaratib, ular vositasida asosiy kuchlarni o‘tkazishi mumkinligini ham taxmin qilishayotgan edi.

Lekin tahlilchilar ko‘rib chiqayotgan variantlar ichida bu reja eng xavflisi edi — o‘tish yo‘laklari Rossiya artilleriyasi olovi ostida qolardi, ularni yo‘q qilish uchun Rossiya yetarli miqdordagi aviatsiya kuchlarini ham tashlashi tabiiy edi. Shu sababli bunday operatsiya ehtimoli past deb qaralayotgan edi.

To‘g‘onning yorilishi har ikki tomon uchun ayrim taktik plyuslar bilan birga, zararlar ham yetkazgan va bu ayni damda bu kim uchun manfaatli degan savolga aniq javob berishga xalaqit qiladi. Shu sababli hodisaga nima sabab bo‘lganidan qat’i nazar, har ikki tomon sodir bo‘lgan voqelikdan qanday foydalanishi mumkin, degan savol o‘rinliroq bo‘lardi.

Kaxovka GESining to‘g‘oni yorilgach shundoq ham sersuv bo‘lgan Dnipro daryosi yanada kengroq daryoga aylanadi, uni kechib o‘tish yanada qiyinlashadi.

Biroq, vaqt o‘tishi bilan suv sathi pasayadi, o‘shanda daryoni kechib o‘tish yanada osonlashadi. To‘g‘on yorilishi ortidan paydo bo‘lgan suv toshqini rus qo‘shinlarini qirg‘oqdan shosha-pisha chekinishga majbur qiladi, keyin yana shu pozitsiyalarga qaytish ularning qo‘shinini zaiflashtiradi.

Bundan tashqari, Dniprodan kechib o‘tish jarayonida to‘g‘onning yorilishi imkoniyati potensial xavf sifatida qaralayotgan edi, chunki kechuv boshlanganda aynan mana shunday toshqin yuzaga keltirib, uning oldini olish mumkin edi.

Boshqa tomondan, bunday yorilishning siyosiy, iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy oqibatlari frontdagi vaziyatni vaqtinchalik o‘nglash imkoniyati uchun katta to‘lov bo‘ladi va bu o‘nglanish g‘alabani aslo kafolatlay olmaydi.

To‘g‘onning yorilishiga ruslarni aybdor deb hisoblayotgan ukrainalik harbiy sharhlovchilar Rossiya qo‘shinlari Ukraina qurolli kuchlarining shu uchastkadan turib qarshi hujumga tayyorlanayotganini ko‘rgach yoki shundan xavfsirab bu ishga qo‘l urgan, deb hisoblashmoqda.

Biroq bu vaziyatda barcha toshqinlar chekinishi va bir necha haftalar ichida Dnipro o‘z o‘zaniga qaytishi hisobga olinsa, rossiyalik harbiylar nimadan umid qilishgani tushunarsiz.

Rossiya uchun bunday qo‘poruvchilik katta tashqi siyosiy muammolar bilan burkanadi — Yevropaning qoq markazida urush boshlagan mamlakatning nufuzi jahonda shundoq ham yuqori emas, bunday aksiya uni yanada tushiradi.

Shu sababli to‘g‘onni ataylab, qasddan portlatish versiyasi harbiy mantiqqa ko‘p ham mos kelmayapti.

Mavzuga oid