Jahon | 09:04 / 09.06.2023
10847
2 daqiqa o‘qiladi

Kaxovka omboridagi suv sathi "o‘lik nuqtadan" pastga tushdi

8 iyun kuni kechqurun Kaxovka suv omboridagi suv sathi 12,5 metrni tashkil etdi. 

Foto: Picture Alliance

“Bu 12,7 metrlik “o‘lik nuqta”dan pastda, biz endi aholi punktlari va Zaporijjya AESga suv ololmaymiz”, dedi "Ukrgidroenergo" rahbari Igor Sirota milliy telemarafon efirida. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, suv sathining pasayishi yana 7-8 kun davom etadi va taxminan 3 metr atrofida to‘xtaydi. Hozir esa u kuniga 1 metrga pasaymoqda.

6 iyunga o‘tar kechasi Kaxovka GESning to‘g‘oni buzildi. Voqea sodir bo‘lgan hududda suv sathi 10 metrga ko‘tarilgan, o‘nlab aholi punktlari suv bosishi xavfi ostida qolgan. Novaya Kaxovka shahrining GESdan 5 km uzoqlikda joylashgan ko‘chalari suv ostida qoldi, u yerda favqulodda holat rejimi joriy etildi. Ukraina va Rossiya rasmiylari elektr stansiyasi ta’mirlab bo‘lmas holatga kelib qolganini bildirmoqda.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Twitter’da sodir bo‘lgan voqeada Rossiya tomonini aybladi. 

Kreml to‘g‘onni buzishda Moskvaning ishtiroki borligi haqidagi ayblovlarni rad etdi. Moskvaga ko‘ra, bu - Ukraina tomonining "diversiyasi". Rossiya Tergov qo‘mitasi tomonidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi "a", "v" bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan kelishuv asosida sodir etilgan va katta miqdorda mulkiy zarar va boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelgan terrorchilik harakati) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid