«Jang orqali razvedka qilish bosqichi»: Ukraina janubidagi qarshi hujum haqida nimalar ma’lum?
Ukrainaning Zaporijjya oblasti janubida ukrain qo‘shinlari sezilarli ravishda faollashib qoldi, ular qarshi hujumga o‘tgan bo‘lishi ehtimoli ham bor. Kiyev hozircha rasman buni tasdiqlagani yo‘q. BBC muxbiri Pol Adams vaziyatni tahlil qildi.
Uzoq kutilayotgan qarshi hujum boshlandimi?
Rossiya prezidenti Vladimir Putin aynan shunday deb hisoblaydi. «Biz mutlaqo aniq qilib ta’kidlashimiz mumkinki, bu qarshi hujumning o‘zginasi», degan u juma kuni Telegram-kanallarda tarqatilgan videoda.
Qandaydir ma’noda qarshi hujum alomatlari ko‘zga tashlanayotganiga bir necha hafta bo‘lgan — Ukraina ruslarning front chizig‘idan ortda joylashgan moddiy-texnika ta’minoti obektlariga artilleriya va raketa zarbalari berib, tayyorgarlik operatsiyalarni o‘tkazmoqda.
Dushanba kuni jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berishi va’da qilinayotgandi: Ukrainaning yengil zirhlangan kichikroq otryadlari ochiq dalalar bo‘ylab, Zaporijjyadan janubiy sharq tomondagi Rossiya harbiylari istehkomlari sari harakat qildi.
«Hozir butun front bo‘ylab jang bilan razvedka qilish deb ataluvchi bosqich ketmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsadi Rossiya mudofaa chizig‘ini aniqlashtirib olish», – degan BBC’ga harbiy ekspert, Ukraina xavfsizlik va hamkorlik markazi raisi Sergey Kuzan.
Ijtimoiy tarmoqlarda joylangan videolarga ko‘ra, ayrim sharhlovchilar ukrainlar tezda muammolarga duchor bo‘lganini taxmin qilishmoqda.
«Qayerdadir bu ishni kichikroq yo‘qotishlar bilan muvaffaqiyatli amalga oshirishmoqda, ruslar qattiq qarshilik ko‘rsatayotgan qayerlardadir muvaffaqiyatsiz», – degan Kuzan.
U konkret aholi punktlarini nomini aytishni rad edi va voqealarning barchasi Zaporijjyadan janubda ro‘y berayotganini aytdi, xolos.
Seshanba kundan boshlab butun jahonning nigohi Nova Kaxovkada vayron etilgan to‘g‘on va Dnipro daryosining har ikki sohilida qariyb 600 kilometr kvadrat maydonni qamrab olgan suv toshqiniga qaratildi.
Garchi Kreml to‘g‘onning vayron bo‘lishiga o‘zining aloqasi borligini to‘liq rad etayotgan bo‘lsa-da, bu aslo tasodifga o‘xshamayapti. To‘g‘on va u uzra o‘tgan yo‘l Rossiya qo‘shinlarining joylashuvini beqarorlashtirish yo‘llarini qidirayotgan Ukraina armiyasining ehtimolli hujum yo‘nalishi bo‘lishi mumkin edi.
To‘g‘onni nazorat qilib turgan Rossiya kuchlari uni portlatib, Kiyevning harbiy operatsiyalaridan birini kun tartibidan olib tashlashga qaror qilgan bo‘lishi mumkin.
Kiyev avval ham frontning bu uchastkasiga bir necha bor qiziqish bildirgan
Aprel oyining oxirlarida ukrainalik harbiylar Dnipro daryosidan kechib o‘tib, Oleshki shaharchasi yonida pozitsiya o‘rnatishdi. Ukrainlar Xerson yaqinida Dnipro deltasidagi bir nechta orolchalarda ham nazorat o‘rnatib bo‘lishgan edi.
Bu hududda Kiyevning harbiy rejalari ayni paytda noma’lumligicha qolmoqda va sof nazariy xarakterga ega. Halokatli suv toshqini daryoni kechib o‘tish imkoniyatlarini yo‘qqa chiqardi.
«Lekin rossiyaliklar ularda bunday imkoniyat borligini bilib turishgan edi», – deydi Kuzan.
Suv toshqinidan sharq tomonda jangovar harakatlar yangicha kuch bilan davom ettirildi.
«Frontning bir necha uchastkasida og‘ir janglar davom etmoqda», – deb yozdi Twitter’da Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi, uchastkalarning katta qismida Ukraina tashabbusga ega bo‘layotganini qo‘shimcha qilib.
O‘sha kuni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Rossiya qo‘shinlari tunda Zaporijjyadan janubda ukrainlarning 150 ta zirhli texnika va 1500 askar bilan amalga oshirgan hujumini qaytarganini ta’kidlab chiqdi.
Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainaning 47-mexanizatsiyalashgan brigadasi «Rossiya pozitsiyalarini yorib o‘tishga urinib ko‘rgan».
Joriy harbiy operatsiyalar to‘g‘risida sukut saqlashga odatlangan Ukraina rasmiylari esa bir qator intrigali shamalarni qilishdi.
Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar Rossiya qo‘shinlari Zaporijjyadan 65 km janubiy-sharqdagi Orixiv shahri hududida «faol himoyalanayotgani»ni bosiqlik bilan ma’lum qildi.
Telegram kanalida u shuningdek Donetsk oblastining Vuhledar shahridan g‘arbda joylashgan Velika Novosilka posyolkasida ham janglar ketayotganini tasdiqladi.
Orixiv va Velika Novosilka mustahkamlangan front chizig‘ining g‘arbiy va sharqiy chetlarida joylashgan, ko‘pchilik tahlilchilarning fikricha, Ukraina alal-oqibatda aynan mana shu joyda Rossiya harbiylarining pozitsiyalarini yorib o‘tishga harakat qilmoqda.
«Sir emaski, bizning bosh maqsadlarimizdan biri dushmanning janubiy qo‘shinlari guruhini ta’minlayotgan quruqlikdagi yo‘lakni kesib qo‘yishdan iborat», – degan Kuzan.
Rossiyaparast Telegram-kanallar Ukrainaning so‘nggi harakatlarini nafrat bilan ko‘p muhokama qilishmoqda.
Boshqalari Ukraina armiyasining harakatga kelganini tan olib, tirik kuchlar va zirhli texnikalardagi yo‘qotishlar o‘zini oqlamasligini pisanda qilgan.
«Berdyansk va Melitopolni qo‘ya turaylik, ularda Tokmakkacha yetib borish uchun kuch yetarlimikan?» – deya savol bergan guruhlardan birining foydalanuvchisi.
Lekin, bular urush borayotgan yagona joylar emas.
Ushbu urushning eng qaqshatkich janglari kechgan Baxmut shahrining shimoli va janubidan jo‘natilayotgan tasvirlarda ham ukrain qo‘shinlari qarshi hujumga o‘tganini ko‘rish mumkin.
Anna Malyarning so‘zlariga ko‘ra, ular «turli uchastkalarda 200 metrdan 1100 metrgacha ilgari siljigan». Bu hozircha Rossiya qo‘shinlari egallab turgan shaharni qurshab olishga intilishga o‘xshaydi.
«Jang maydonidagi vaziyat o‘ta og‘ir», – deya qayd etadi Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi.
Xo‘sh, bu Ukraina qarshi hujumi yangi, hal qiluvchi bosqichga kirishayotganini anglatadimi?
Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilov chorshanba kuni bu taxminlarning ustidan kulgan. «Bularning barchasi yolg‘on, – degan u Reuters’ga. –Biz qarshi hujumga o‘tganimizda buni hamma his qiladi».
Ammo, nimadir o‘zgargani rost.
«Gap shundaki, uzoq vaqt turg‘un holatda bo‘lgan front nihoyat qo‘zg‘ala boshladi», – deydi Sergey Kuzan va Ukraina quroli kuchlari qo‘mondonligida turli variantlar borligini qo‘shimcha qiladi.
Bir qator omillar Ukraina jangovar harakatlarining imkoniyatlarini cheklab turadi. Ulardan eng asosiysi – jang chog‘ida osmondan ko‘mak bera oladigan qiruvchi uchoqlarning yo‘qligi.
«Mana, nima uchun biz juda sekin harakatlanib, ortimizdan havo hujumidan mudofaa tizimini tortib kelmoqdamiz», – deydi ekspert.
Yana bir omil – vaqt. Qarshi hujum besh oydan ziyodga cho‘zilmaydi, shundan so‘ng kuzgi yomg‘irlar yana dalalarni og‘ir zirhlangan texnikalar yurishi uchun yaroqsiz ahvolga keltiradi.
Muvaffaqiyat qanday ko‘rinishga ega bo‘ladi?
Agar Ukraina qo‘shinlari Azov dengizigacha chiqib borishni uddalashsa, Rossiyaning ushbu kesmaning g‘arb tomonidan joylashgan barcha qismlari zaif ahvolda qoladi va faqat Qrim yarimoroli orqali jo‘natiladigan ta’minotga bog‘liq bo‘lib qolishadi.
Bu holatda Rossiya va Qrimni bog‘lab turgan Kerch ko‘prigini vayron qilish, yarimorolga yuklarni tashish uchun foydalanyotgan kemalar va samolyotlarga hujum qilish qoladi, xolos.
«Bu esa intiho bo‘ladi, – deydi u. – Lekin bu yaqin kelajakda sodir bo‘lishiga umid qilmaslik kerak. Bunga oylar ketadi».
Mavzuga oid
14:54
Kaya Kallas: Ukrainaning YeIga qo‘shilish bo‘yicha aniq yo‘li bor
09:22
Ukrainalik faollar yana Navalnayaning nutqini to‘xtatishga urindi
07:56
Pentagon Ukrainaga yordam uchun qolgan pul miqdorini e’lon qildi
21:13 / 12.11.2024