Shu yil 31 may kuni JIB Nurota tuman sudida Xatirchi tumanida yashovchi 57 yoshli ayolga sud hukmi (pdf) o‘qildi (hukm Oliy sudning onlayn platformasiga joylangan). Ma’lum bo‘lishicha, sudlanuvchi ayol 2015-2019 yillarda Turkiyaning Istanbul shahrida qariyalarga qarovchi bo‘lib ishlagan.

2018 yilda “Odnoklassniki.ru” ijtimoiy tarmog‘ida profil ochgan hamda o‘zbekzabon shaxsning “benamozlik” haqidagi 5 daqiqalik videoma’ruzasiga “klass” belgisini bosgan.

Ayol uyiga qaytganidan 4 yil vaqt o‘tib, 2023 yil 15 fevral kuni IIB xodimlari uni Xatirchi tumani IIBga qarashli militsiya tayanch punktiga chaqirgan. Sud hujjatlarida ayolning mobil qurilmasi va ijtimoiy tarmoqlardagi profili “tegishli sanksiya orqali” ko‘zdan kechirilgani yozilgan. IIB xodimlari ayolning “Odnoklassniki” profilini ham tekshirgan va yuqoridagi videoga layk bosganini topishgan.

Tergov organi ayol mazkur postga “klass” munosabat belgisini bosib, Internet jahon axborot tarmog‘ida o‘zining 130 nafar virtual do‘stlariga tarqatgan, deya kvalifikatsiya qilgan.

Ayolning “Motorolla” rusumli qo‘l telefoni 2023 yil 15 fevral kuni ashyoviy dalil tariqasida olingan hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertiza xulosasiga asosan ushbu ma’ruza diniy aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgani, shuningdek uni O‘zbekiston hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlangani aniqlangan.

Sud hujjatlarida ma’lum bo‘lishicha, ayblanuvchi ushbu harakatni eslay olmagan. Yana bir muhim jihat – ayol ushbu “klass”ni O‘zbekiston hududida emas, balki Turkiyada (Istanbul shahri) migrant sifatida ishlab yurganida bosgan.

Ayol sudda o‘zi “klass” bosgan postlari virtual do‘stlariga tarqalishini bilmaganligi, qachon va nima sababdan bosganligini ham eslay olmasligini hamda ishidan pushaymonligini aytgan. Bundan tashqari, 57 yoshli nafaqaxo‘r ayol sog‘lig‘i yaxshi emasligi, koviddan so‘ng oyoqlarida suyak yemirilishi xastaligi paydo bo‘lganligi, hassaga suyanib qolganligi, qaramog‘ida 3 nafar farzandi borligini aytib, suddan yengillik so‘ragan.

Sudda 2 nafar guvoh ayolning profilida yuqoridagi ma’ruzaga “klass” bosilganini tasdiqlagan.

Ayblanuvchining o‘g‘li onasi bilan "Odnaklasniki" orqali gaplashib turganini, lekin bunday ma’ruzaga "klass" bosilganidan bexabar ekanini aytgan hamda onasi uchun suddan yengillik so‘ragan.