Navoiy shahri havosi doim “qizil chiziq” ustida turgan. Bunga sabab, hududda yirik sanoat korxonalari borligidir. Yaqin yillargacha “Navoiyazot” AJdan atmosferaga chiqarilgan zararli moddalar miqdori ancha baland bo‘lgan. Biroq keyingi yillarda ushbu gigant korxona tomonidan buning oldini olish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Ming afsuski, bugunga kelib hududda atmosferaga chiqindi chiqarishda yirik korxonalar o‘rnini asta-sekinlik bilan kichik ishlab chiqarish sexlari egallab olmoqda.


Ayniqsa, so‘nggi kunlarda navoiyliklar buni yaqqol sezishyapti: tutun ichida qolgan shaharda nafas olish og‘irlashgan. Bir necha kundirki shahar aholisi ijtimoiy tarmoqlarda shahar va unga tutash Karmana tumani hududlarida ko‘mir tutuni hamda hididan nafas olish qiyin bo‘layotgani, farzandlarida turli allergik kasalliklar alomatlari kuzatilayotgani haqida yozmoqda. Holat yuzasidan viloyat Ekologiya boshqarmasiga ham murojaatlar ko‘payib ketgan.
Karmana tumani markazida yashovchi Madina Adizovaning ta’kidlashicha, shahar havosining tobora ifloslanib borayotgani aholi noroziligi kuchayishiga sabab bo‘lyapti.
“Karmana tumanining Navoiy shahriga tutash qismida yashayman. Oxirgi yillarda global miqyosidagi ekologik o‘zgarishlar biz yashayotgan hududda ham yaqqol sezilib turibdi. Shahar atrofida qurilgan qonuniy-noqonuniy ishlab chiqarish korxonalaridan chiqarilayotgan zararli tutun aholi orasida norozilikning kuchayishiga, kasalliklar ortishiga sabab bo‘lyapti. O‘rta yoki katta yoshli fuqarolarga sezilmayotgandir, lekin yosh bolalarga ta’siri kuchli bo‘lyapti. O‘zim ham buviman, nevaram bor, stomatit, dermatit kasalliklaridan boshimiz chiqayotgani yo‘q. Aholining bee’tiborligimi, mutasaddilarning bee’tiborligimi, Navoiy shahri bugungi kunda yashash sifati ancha pasaygan shaharlar sirasiga kirib qoldi. To‘g‘ri, Navoiy industrial shahar, ishlab chiqarishni ham to‘xtatib bo‘lmaydi. Lekin aholi punktlari yonida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish qanchalik to‘g‘ri? Menimcha to‘g‘ri emas”, deydi Madina Adizova.

Navoiy shahrida yashovchi yana bir fuqaro O‘roloy Turdiyevaga ko‘ra, yangi tashkil etilayotgan kichik zavodlardan chiqayotgan zaharli gazlar shahar aholisini tashvishga solmoqda.



















