Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda «Hamshiralar akademiyasi» tashkil qilinib, ayrim shifokorlar oyligi 2 baravar oshiriladi
Shavkat Mirziyoyev saylovoldi dasturidan o‘rin olgan tibbiyot sohasiga oid rejalarini e’lon qildi.
O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev andijonlik saylovchilarni o‘z saylovoldi dasturi bilan tanishtirish davomida tibbiyot sohasidagi rejalariga to‘xtaldi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi.
Dasturda keltirilishicha, kelgusi 7 yilda:
- tuman va shaharlarda 700 ta yangi poliklinika tashkil etish orqali qo‘shimcha 3 million aholi birlamchi tibbiy xizmatlar bilan qamrab olinadi;
- birlamchi bo‘g‘indagi barcha oilaviy shifokor punktlari, poliklinika va shifoxonalar ta’mirlanib, filtrlangan ichimlik suvi va issiq suv bilan to‘liq ta’minlanadi;
- gemodializ bo‘limlari soni 2 karra ko‘paytirilib, 200 taga yetkazilib, barcha tuman va shaharlar mazkur xizmat bilan qamrab olinadi;
- har yili 1 million aholi jigar sirroziga olib keluvchi gepatit B va S bo‘yicha skriningdan o‘tkaziladi, gepatit S bilan xastalangan bemorlar to‘liq davlat hisobidan davolanadi;
- barcha tuman va shaharlarda xususiy sheriklik asosida MRT va MSKT yo‘lga qo‘yish uchun 100 million dollar investitsiya yo‘naltiriladi.
«Yana bir yangi tashabbus. Endi oilaviy shifokorlarni kafolatlangan tibbiy xizmatlar bo‘yicha qayta tayyorlab, ularga malaka sertifikati beramiz. Sertifikati bor shifokorlarning oylik ish haqi 2 karra oshiriladi. Xuddi shu tartibni tibbiyotning haqiqiy fidoyilari bo‘lgan hamshiralarimizga ham joriy qilamiz. Tibbiyot xodimlariga ko‘p yillar ishlaganlik uchun to‘lanadigan ustamalar miqdori ham qayta ko‘rib chiqilib, oshiriladi. Tez tibbiy yordam avtomobil parki kelgusi yetti yilda to‘liq yangilanadi va ularning 50 foizi elektromobillar bilan to‘ldiriladi. Bu orqali yonilg‘ining o‘zidan yiliga 200 milliard so‘m tejaladi va ushbu mablag‘lar tez tibbiy yordam xizmatlarini rivojlantirishga sarflanadi», dedi Mirziyoyev.
Shuningdek:
- bemorlarga dorilarni «elektron retsept» asosida berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi va barcha dorixonalar bu tizimga ulanadi;
- kelgusi uch yilda tibbiyot oliygohlari o‘quv dasturlari Yevropa, AQSh, Janubiy Koreya o‘quv metodikasi va darsliklari asosida qayta ishlab chiqiladi;
- hududlardagi 15 ta tibbiyot texnikumi tajribali kompaniyalar boshqaruviga berilib, ulardagi ta’lim dasturlari ham to‘liq yangilanadi;
- joriy yilda Toshkent shahrida Germaniya, Janubiy Koreya va Turkiyadan malakali mutaxassislar jalb qilinib, «Hamshiralar akademiyasi» tashkil etiladi.
Mavzuga oid
20:34 / 16.10.2025
Is gazidan zaharlanishga qarshi birinchi samarali vosita ishlab chiqildi
14:40 / 15.10.2025
O‘zbekistonlik tibbiyot xodimlarining birinchi guruhi Italiyaga ishlash uchun jo‘nab ketdi
19:17 / 26.08.2025
Iordaniya podshohining O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunlandi
14:58 / 26.08.2025