Iqtisodiyot | 17:00 / 17.06.2023
33575
4 daqiqa o‘qiladi

Tranzaksiya amalga oshdi: OTP Bank O‘zbekistonning Ipoteka bankini sotib olish orqali Markaziy Osiyo mintaqasiga kirib keldi

OTP Bank O‘zbekistonning beshinchi yirik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi muassasasi – Ipoteka bankning asosiy aksiyadoriga aylandi va O‘zbekiston bank sektorini xususiylashtirishda ishtirok etayotgan birinchi g‘arb banki sifatida tarixga kirdi. Bankning yangi aksiyadorlari ishtirokidagi matbuot anjumanida kelgusidagi rejalari va maqsadlari ma’lum qilindi.

O‘zbekiston bank sektorini xususiylashtirishda ishtirok etayotgan birinchi g‘arb banki sifatida OTP Bank, mamlakatning beshinchi yirik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi muassasasi – Ipoteka bankning asosiy aksiyadoriga aylandi. Bugun bankni sotib olishning birinchi bosqichi yakunlandi, OTP Bank Ipoteka bankning O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligiga tegishli aksiyalaridan 75 foizini sotib oldi, qolgan 25 foizi 3 yillik muddatda sotib olinadi. O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida OTP Guruh o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yayotgan birinchi davlat bo‘lib, o‘zbek bank bozoriga kirish Guruh tarixida yangi sahifa ochadi. Ipoteka bank aktivlari bo‘yicha bank bozorining 7,6 foiz ulushiga hamda 1,5 millionga yaqin chakana mijozlarga ega. Ushbu (egalik huquqini o‘tkazish bilan bog‘liq) bitim Ipoteka bank mijozlaridan hech qanday harakatni amalga oshirishni talab qilmaydi. 

15 iyun kuni Toshkent shahrida Ipoteka bankning yangi aksiyadorlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda OTP bank boshqaruv direktori o‘rinbosari Laslo Volf kelgusidagi rejalar haqida gapirdi.

"O‘ylaymanki, iste’molni moliyalashtirish, yakka tartibdagi tadbirkorlarga moliyaviy resurslar ajratish masalalarida qaror qabul qilish jarayonini ancha tezlashtiramiz. Bundan tashqari, biz o‘rta va yirik kompaniyalar uchun pul mablag‘larini boshqarish xizmatlari deb ataladigan to‘lov xizmatlarini, shuningdek, aytib o‘tganimdek, yangi loyihalar va yirik kompaniyalarni moliyalashtirishni joriy qilmoqchimiz”, - dedi u.

Ipoteka bank Boshqaruv raisi Elyor Inomjonovning ta’kidlashicha, 2019 yildan buyon Ipoteka bank uzluksiz transformatsiya jarayonlarini boshdan kechirmoqda, bu esa barqaror o‘sish va mahalliy banklar orasida kuchli pozitsiyani egallash imkonini bermoqda.

“Mazkur bitim, albatta, bizning tariximizda yana bir muhim bosqich bo‘ladi va shubhasiz, OTP Bank guruhining a’zosi sifatida mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatining yanada yuqori standartlarini taqdim eta olamiz hamda yangi raqamli texnologiyalar, mahsulotlar va boshqaruv tajribasi yordamida bank sektorida yetakchilikka erishamiz”, - dedi u.

Ipoteka bank haqida

Ipoteka bank aktivlari hajmi bo‘yicha 7,6 foiz bozor ulushiga ega O‘zbekistonning beshinchi yirik banki hisoblanadi. Bank yirik korporativ mijozlarga ega bo‘lishdan tashqari, chakana mijozlari soni 1,5 millionni tashkil etadi va 39 ta filiallar tarmog‘i, 200 dan ortiq mijozlarga xizmat ko‘rsatish markazlari orqali o‘z faoliyatini amalga oshirib kelmoqda. Bank aktivlari so‘nggi uch yilda kredit portfelida yillik o‘rtacha 20 foiz, depozit portfelida esa 24 foizga o‘sish hisobiga ko‘payib, so‘nggi yillardagi sof foydasi ham doimiy ravishda yaxshilanib bormoqda.

OTP Guruhi haqida

OTP Guruhi, yuqori rentabellik, barqaror kapital va likvidlik pozitsiyasiga ega bo‘lgan, Markaziy va Sharqiy Yevropa mintaqasidagi eng tez rivojlanayotgan yetakchi bank guruhlaridan biri hisoblanadi. Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropaning 12 mamlakatida 41 000 dan ortiq xodimga ega bo‘lgan guruh 17,5 milliondan oshiq mijozlarga universal moliyaviy xizmatlar ko‘rsatadi. Markaziy va Sharqiy Yevropa mintaqasi bank sektoridagi eng faol moliyaviy birlashtiruvchi sifatida Guruh 2000-yillardan boshlab 23 ta bankni muvaffaqiyatli sotib oldi va birlashtirdi. Hozirgi vaqtda bank Vengriya, Bolgariya, Serbiya, Chernogoriya va Sloveniyada bozor yetakchisi hisoblanadi. OTP Guruhi bosh ofisi Vengriyada joylashgan bo‘lib, mulkchilikning diversifikatsiyalangan va shaffof tuzilmasiga ega. Bank Guruhi 1995 yildan beri Budapesht fond birjasida ro‘yxatga olingan.

Mavzuga oid