Jahon | 18:57 / 19.06.2023
15703
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Rossiyaga qurol yetkazmaslikka va’da berdi – Blinken

Ammo AQSh bunday ta’minotni xususiy kompaniyalar amalga oshirishi mumkinligidan xavotirda.

Foto: Pedro Pardo/AFP/Getty Images

Xitoy rasmiylari Amerika tomonini Rossiyaga halokatli qurol yetkazib bermagani va yetkazib berish niyatida emasligiga ishontirdi. Ammo Vashington buni xususiy kompaniyalar amalga oshirishi mumkinligidan xavotirda. Bu haqda Pekinga tashrif buyurgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken aytdi, deb yozdi CNN.

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, u Xitoy tomonidan bunday kafolatlarni olganidan xursand va hozircha bu kafolatlarni inkor etuvchi dalillar yo‘q.

«Biroq, biz doimo Xitoy kompaniyalaridan xavotirdamiz, ular Rossiyaning Ukrainadagi agressiyasini kuchaytirish uchun foydalanishi mumkin bo‘lgan texnologiyalarni taqdim eta oladi. Biz Xitoy hukumatidan bu borada o‘ta hushyor bo‘lishni so‘radik», dedi Blinken.

O‘tgan hafta oxirida AQSh Davlat kotibi (tashqi ishlar vaziri) Entoni Blinken rasmiy tashrif bilan Pekinga bordi. So‘nggi 5 yil ichida birinchi marta amalga oshirilayotgan bunday tashrif uning katta ahamiyatidan dalolat beradi. Hozir AQSh va Xitoy munosabatlari o‘ta keskin va tomonlar uni yumshatish niyatida.

Ushbu tashrif doirasida Blinken boshqa narsalar qatori Xitoy rahbari Si Jinping bilan ham uchrashdi. Muhokamaning asosiy mavzusi, shubhasiz, Tayvan atrofidagi vaziyat edi. Biroq, so‘nggi paytlarda Ukraina mavzusi ikkala davlat uchun ham katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

Shunisi e’tiborga loyiqki, ushbu tashrifdan biroz oldin Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Xitoyda ishlab chiqarilgan yangi zirhli mashinalar bilan maqtangan edi. Xitoy rasmiylari bunday ta’minot bo‘lmagani haqida umumiy bayonot berdi. Ammo Qodirov jangarilari zirhli mashinalarni qayerdan olgan bo‘lishi mumkinligiga oydinlik kiritmadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid