Jahon | 11:14 / 23.06.2023
8446
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya prezidenti Bishkekni Rossiyaga qarshi sanksiyalarga rioya qilishga chaqirdi

Frank-Valter Shtaynmayyerga ko‘ra, Qirg‘iziston BMT Bosh assambleyasida Ukrainadagi urush masalasi bo‘yicha ovoz berishda betaraf qolganiga Berlin tushunish bilan qaragan.

Foto: president.kg

Qirg‘izistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lgan Germaniya federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer Bishkekni Ukrainadagi urush tufayli Rossiyaga qarshi joriy qilingan sanksiyalarga rioya qilishga chaqirdi. 22 iyun, payshanba kuni qirg‘izistonlik hamkasbi Sadir Japarov bilan bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida Germaniya davlati rahbari Berlin Qirg‘izistonning BMT Bosh assambleyasida Ukrainadagi urush masalasi bo‘yicha ovoz berishda betaraf qolganini tushunishini ta’kidladi. Respublika Rossiya bilan ko‘plab tarixiy, iqtisodiy, madaniy va insoniy aloqalarga ega ekani fonida GFR «BMTdagi ovoz berishni Qirg‘iziston harbiy kuch ishlatishni oqlaydigan signal sifatida ko‘rmaydi», dedi Shtaynmayyer. 

Muzokaralarning asosiy qismi ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarga bag‘ishlandi. «Germaniya Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaqinroq hamkorlik qilishni istaydi, ayniqsa, biz yashayotgan mana shunday keskin davrda», - dedi Shtaynmayyer. Japarov, o‘z navbatida, ikki davlat o‘rtasida «hamkorlik uchun juda katta foydalanilmagan salohiyat» mavjudligini ta’kidlab, investitsiyalar hajmini oshirish va nemis texnologiyalarini Qirg‘izistonga o‘tkazishga umid bildirdi. Bunga javoban Germaniya prezidenti sarmoyadorlarni muayyan shartlar qiziqtirayotganini ta’kidladi. «Bu, jumladan, demokratik standartlarga rioya qilish va qonun ustuvorligini o‘z ichiga oladi», — dedi u. Shtaynmayyer, shuningdek, nemis biznesiga Japarovning korrupsiyaga qarshi kurash, buning uchun zarur bo‘lgan huquq-tartibot va sud organlarini rivojlantirish Qirg‘iziston prezidentining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi haqidagi bayonotlarini yetkazishini ta’kidladi. 

Germaniya va Qirg‘iziston o‘rtasidagi savdo hanuzgacha ancha past darajada. Germany Trade & Invest ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda Germaniya 20 million yevroga yaqin mahsulot import qildi va 49 million yevrodan sal kamroq qiymatdagi tovarlarni eksport qildi. Nemis kompaniyalarining Qirg‘izistondagi sarmoyaviy faolligi ham past. Shu bilan birga, Germaniya Markaziy Osiyo respublikasiga xomashyo bo‘yicha qiziqish bildirmoqda. Bu yerda nodir metallar va oltinning yirik konlari bor, deya eslatadi dpa agentligi. 

Mavzuga oid