Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qirg‘izistonda sanksiyalar tahdidi tufayli 50 ta korxona tugatildi
Avvalroq, Yevropa Ittifoqi birinchi marta Qirg‘izistonga nisbatan Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi maxsus mexanizmni qo‘llagan edi.
Foto: Azim Travel
Qirg‘iziston Adliya vazirligi «sanksiyalar xavfi yuqori bo‘lgan operatsiyalarda ishtirok etgan» 50 ta yuridik shaxsning faoliyatini bir vaqtning o‘zida to‘xtatish to‘g‘risida buyruq chiqardi.
Qayd etilishicha, chora-tadbirlar «Sanksiya xavfi yuqori bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat va operatsiyalarning insofsiz ishtirokchilarini aniqlash bo‘yicha idoralararo hamkorlik to‘g‘risida»gi buyruqni amalga oshirish doirasida ko‘rilgan.
Adliya vazirligining aniqlik kiritishicha, kompaniyalar ro‘yxati Iqtisodiyot va tijorat vazirligi hamda avvalroq sanksiyalar rejimi doirasidagi cheklovlardan bo‘yin tovlash holatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘rgangan boshqa davlat organlari tomonidan taqdim etilgan.
«Milliy iqtisodiyotni himoya qilish va Qirg‘iziston Respublikasi uchun ehtimoliy ikkilamchi sanksiya choralaridan salbiy oqibatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida G‘arb hamkorlari tomonidan bir qator nazorat mexanizmlari qabul qilindi», deyiladi vazirlik xabarida.
Ta’kidlanishicha, bunday choralar mamlakatda birinchi marta ko‘rilmoqda.
Shu yil 22 aprel kuni Yevropa Ittifoqi birinchi marta Qirg‘izistonga nisbatan Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi maxsus mexanizmni qo‘lladi. Unga ko‘ra, bir qator ikkimaqsadli tovarlarni Yevropadan respublikaga yetkazib berishga taqiq joriy etildi. Yevropa Ittifoqi Qirg‘iziston ushbu tovarlarni Rossiyaga reeksport qilishning tizimli kanaliga aylanganini va Bishkek bilan texnik muzokaralar chegaralarda nazoratni kuchaytirishga olib kelmaganini ta’kidlamoqda.
Bundan tashqari, Qirg‘izistonning bir qator logistika kompaniyalari Yevropa Ittifoqining transport infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatidan mahrum qilindi. Avvalroq, Rossiyaga qarshi cheklovlarni chetlab o‘tishda gumonlar tufayli Yevropa Ittifoqi Qirg‘izistonning bir necha bankiga nisbatan sanksiyalar qo‘llagan edi. Qirg‘iziston bunday sanksiyalar asossiz ekanini bir necha bor ta’kidlagan.