Jahon | 18:03 / 27.06.2023
36531
10 daqiqa o‘qiladi

«Tepadan buyruq kelgandi - qon to‘kilmasligi uchun „Vagner“ning ishlariga aralashmaslik». Isyon kuni Rostov-Donda nimalar bo‘ldi?

24 iyunga o‘tar kechasi «Vagner» XHK otryadlari hech qanday qarshiliksiz Rostov-Don shahriga kirib keldi, ularga boshchilik qilgan Yevgeniy Prigojin bundan oldinroq Rossiya harbiy rahbariyatidagi «qonunsizlik» va mamlaktadagi «tartibsizlik»ni hal qilmoqchi ekanini e’lon qilgandi.

Foto: Reuters / Scanpix / LETA

XHK jangchilari shaharning bir qancha markaziy kvartallarini, jumladan, Janubiy harbiy okrug shtabi joylashgan Pushkin ko‘chasini bloklashdi. Shu va unga qo‘shni ko‘chalarga ular harbiy texnikalarni, jumladan ikkita tankni joylashtirishdi («Ozodlik radiosi» muxbiri uchta tank sanagan). Texnikalardan biri Rostov sirki eshigiga — 4-raqamli politsiya bo‘limi ro‘parasiga, yana biri — shtab binosi oldiga qo‘yilgan. Shtab ichida keyinroq Prigojinning RF mudofaa vaziri o‘rinbosari Yunus-Bek Yevkurov hamda Bosh shtab rahbari o‘rinbosari Vladimir Alekseyev bilan muzokarasi bo‘lib o‘tadi.

24 iyun tongida, vagnerchilar Rostov markazida bo‘lib turganida, Janubiy harbiy okrug shtabiga yaqin bo‘lgan Budennovskiy prospektida dorixonalar, do‘konlar va supermarketlar yopiladi, ko‘plab kafe va restoranlar ochilishga ulgurmaydi, deya xabar bergan 161.ru. Shahar markazidagi «Rossiya pochtasi» bo‘limi, SDEK yetkazib berish xizmatlari va Ozon internet do‘koni punktlari ishlamadi. Maktablarda 24 iyun kuniga belgilangan bitiruv kuni, oliy ta’lim muassasalarida esa — darslar va imtihonlar bekor qilinadi.

Rostovliklardan bir qismi boshliqlar tomonidan 24 iyun kuni ishlanmaydigan kun ekani haqida ogohlantirilgan. Shahar aholisining bir qismi esa bu haqda vagnerchilardan bilgan: XHK kuchlari o‘rab olgan hudud ichida qolgan gul do‘konlari va sartaroshxonalar xodimlari aytib berishicha, yollanma jangchilar ularni yoki hududga kiritmagan yoki ishxonani ochmaslikni so‘ragan. Shahar markazida ishlovchilarning bir qismi vaziyat murakkabligi tufayli ish joylariga borishdan bosh tortgan. Shu bilan birga, shanba kuni Rostov markazida ishlagan do‘konlar va kafelarning xodimlari yaxshigina pul ishlab olishdi, deya yozadi 161.ru.

Bu yerda Moskva shahri, Moskva va Voronej oblastlaridan (yollanma jangchilarning boshqa guruhi ushbu hudud orqali poytaxt tomon yurish qilayotgandi) farqli ravishda, aksilterror amaliyotlar rejimi e’lon qilishmadi. Rostov oblasti rasmiylari faqat region bo‘yicha «Krepost» rejasi e’lon qilish hamda mahalliy aholini «zarurat bo‘lmaganda» uydan chiqmaslikka chaqirish bilan cheklandi. Ammo, OAVda berilgan reportajlardan ko‘rish mumkinki, odamlarning hammasi ham rasmiylarning chaqiriqlariga quloq tutmagan.

Rostovda yashovchilar BBC rus xizmati muxbiriga aytib berishicha, shahar markazidan tashqarida «hayot odatiy tarzda davom etgan». Suhbatdoshlardan biri u yashaydigan shaharning chekka rayonida kundalik hayot deyarli o‘zgarmagan, u faqat do‘konda «yengil vahima»ni payqagan. «Odamlar aravalariga hojatxona qog‘ozlari, go‘sht konservalari, boshqa zaruriy buyumlarni to‘ldirib olishgandi. Zapravkalarda ham navbatlar, hatto benzinni kanistrda olib kelib quyishardi. Holbuki mahalliy pabliklar vahima qilmaslik kerakligi, taqchillik yo‘qligi haqida yozayotgandi», — deya hikoya qiladi rostovlik ayol.

Rostovliklarning ayrimlari shaharni tark etishga urinib ko‘radi: shahar chekkasidagi temiryo‘l vokzalida navbatlar yuzaga keladi, Rostovdan chiqishda esa — tirbandliklar. Shaharliklarning yana bir qismi esa hech qanday qarshiliksiz markaziy ko‘chalarga kelib, yollanma jangchilar bilan gaplashib, Putin ularni «sotqinlar» deb ataganiga qaramay, ular va harbiy texnikalar bilan suratga tushadi.

«Ozodlik radiosi» qayd etishicha, vagnerchilar shahar aholisi bilan xayrixoh ohangda muloqot qilgan. Ularning ayrimlarining yuzi balaklavalar bilan to‘silgan, boshqalari esa yuzini yashirmagan, ammo suratga olmaslikni so‘ragan. Bir qancha jangchilarni «Vkusno — i tochka» restoranlaridan birida ko‘rishgan. Xabar qilishlaricha, yollanma jangchilar shahar aholisi vakillariga kompaniya bayroqlarini tarqatishgan, odamlar esa o‘z navbatida jangchilarga suv, yegulik va sigaretlar keltirishgan.

Jurnalistlarning xabarlariga ko‘ra, markazda yig‘ilganlarning aksari yollanma jangchilarni qo‘llab-quvvatlagan. «Ozodlik radiosi» shaharda yollanma jangchilarni yaxshi qabul qilishganini mahalliy aholining ko‘pchiligining do‘stlari yoki qarindoshlari XHK saflarida xizmat qilishi bilan izohlagan. Shu bilan birga, jangchilar bilan bahslashib, ular nega «vatanni himoya qilmasdan», Rostov-Donga kelgani bo‘yicha izoh so‘raganlar ham topilgan.

Kun o‘rtalarida shahar markazidagi vaziyat o‘zgara boshlagan: yolllanma jangchilar aholidan xavfsizlik nuqtayi nazaridan ko‘chalarni tark etishni so‘ragan. Ko‘p o‘tmay Rostovda otishma va portlash ovozlari eshitilgan. Kun oxiriga borib vagnerchilar Budennovskiy prospektidagi «Rostelekom» binosini ham o‘qqa tutgan. Bu yerda nima bo‘lgani hozirga qadar ayon emas.

Prigojinning isyoni qanchalik kutilmagan tarzda boshlangan bo‘lsa, shunday kutilmagan tarzda yakunlandi. Aleksandr Lukashenko bilan muzokaralar olib borilgani to‘g‘risidagi xabar va XHK asoschisining yollanma jangchilar «o‘z kolonnalarini ortga qaytargani» to‘g‘risidagi bayonotidan keyin, vagnerchilar Rostovni tark eta boshladi.

161.ru xabariga ko‘ra, yollanma jangchilar buzilib qolgan zirhli mashinani shaharga tashlab ketishgan va xayrlashuv ramzi sifatida havoga o‘q uzishgan. Mahalliy aholi vakillari vagnerchilarni shunday hayqiriqlar bilan kuzatib qo‘yishgan: «Vagner!», «Rostov!», «Barakalla!».

Prigojinning o‘zini markaziy ko‘chalardan birida yo‘ltanlamasda ketayotganida uchratishgan. Uni hayqiriqlar va olqishlar bilan qarshilashgan, u mashinaga yaqinlashib kelgan ayrim odamlar bilan qo‘l berib ko‘rishgan. Kremldagilar Prigojinga qarshi harbiy isyon bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi to‘xtatilganini, yollanma jangchilar rahbari Belarusga «ketishi mumkinligi»ni ma’lum qilgan. Bu nimani anglatishiga izoh berilmagan.

Shaharda shanba kuni kun bo‘yi chechen harbiylari yetib kelishini kutishdi, ular «keskinlik zonasi»ga yo‘l olgani haqida Checheniston rahbari Ramzan Qodirov anons qilgandi. Yakunda, aytishlaricha, ular Rostov-Don va Rostov oblastidagi dislokatsiya punktlariga kelib joylashishgan, ammo 24 iyun kuni kechqurun isyon kutilmaganda yakunlangach, «maxsus amaliyot» hududiga qaytishgan.

Politsiya xodimlari Rostov ko‘chalarida faqat vagnerchilar keta boshlaganidan keyin ko‘rinish berdi, deb yozadi 161.ru. Budennovskiy prospektida olomon ularga hushtakbozlik qilgan va shunday hayqirgan: «Xoinlar!», «Sharmanda!».

Nashrning huquq-tartibot organlaridagi suhbatdoshi politsiyachilarning 24 iyun kungi harakatsizligi bo‘yicha tushuntirish berib, bir kun avval politsiya va Rosgvardiyaning asosiy kuchlari shahar chekkasidagi rayonlarda va trassalarda mudofaani egallab, isyonchilar Rostovga kiritilmasligi uchun shahardan olib chiqilganini aytgan. Lekin manba bu holatda vagnerchilar nima uchun hech qanday qarshiliksiz baribir shaharga kirganini ochiqlamagan.

Manbaning so‘zlariga ko‘ra, rayonlardagi politsiya bo‘limlarida ham qo‘riqlash kuchaytirilgan. «Asosiy buyruq kelgandi — qurollar saqlanadigan xonalar va omborxonalar egallanishiga yo‘l qo‘ymaslik. <…> Avvaliga shahar va oblast IIB qo‘mondonlik tarkibidagilarning birortasi, qolganlar ham biz kimni kimdan himoyalashimiz kerakligi, nima uchun biznikilar vagnerchilarga chiqa olmasligini tushunmasdi. Barchaga yuqoridan buyruq bo‘lgandi — bir tomchi qon to‘kilmasligi uchun „Vagner“ning ishlariga aralashmaslik. Va Moskvaning qarorini kutish», — deydi 161.ru manbasi. Uning tasdiqlashicha, politsiyachilarga asosiy maqsadlar — «tinchlikni saqlash va vatanga xiyonat qilmoqchi bo‘lganlarni zararsizlantirish» — XHK otryadlari ketib bo‘lganidan keyin tushuntirilgan.

4-sonli ichki ishlar bo‘limi xodimlaridan birining qarindoshining aytishicha, politsiyachilarni bo‘limda qariyb bir kun davomida tutib turishgan. «Hech qanday yegulik bo‘lmagan, faqat krandan chiqadigan suvni ichishgan», — degan nashr suhbatdoshi. Huquq-tartibot organlaridagi manba politsiya xodimlari bo‘limga chaqirilganini tasdiqlagan, ammo ular bo‘limda oziq-ovqatsiz qoldirilganini rad etgan.

Nashrning kuchishlatar tuzilmalardagi manbasi politsiyachilar Janubiy harbiy okrug shtabi oldida rostovliklar ularga «Sharmanda!» deb baqirganini «eslab qolishgani»ni qayd etgan. «„Pozor“ krichalkasi — tinchlik saqlangani uchun shapaloq bo‘ldi. Ro‘y berayotgan barcha hodisalar nafaqat shtab yoki politsiya bo‘limlaridan turib kuzatib turildi, balki xodimlarning bir qismi fuqarolik kiyimida odamlar bilan birgalikda maydonlarda ham yurishdi. Qolaversa, Janubiy harbiy okrug shtabining o‘zida poytaxtdan bo‘lgan xodimlar bor edi — ular Prigojin bilan muloqot qilishdi», — deya qayd etgan u.

Yollanma jangchilar Rostovdan ketganidan keyin, shahar ma’muriyati 10 ming kvadrat metrdan ortiq yo‘l qoplamasi shikastlanganini xabar qildi. JHO shtabi yaqinidan o‘tgan Budennovskiy prospekti hammasidan ko‘proq zarar ko‘rgan. Hozircha keltirilgan zarar miqdori ma’lum emas. Region gubernatori Vasiliy Golubev tomonidan berilgan press-relizda aytilishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gap millionlab rubl haqida boradi.

Mavzuga oid