Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Pentagon Xitoy aerostati razvedka ma’lumotlari to‘plaganini rad etdi
Pentagonning hozirgi taxminlariga ko‘ra, AQSh hududi uzra urib tushirilgan havo shari razvedka ma’lumotlarini to‘plamagan. Aerostat hodisasi ikki davlat munosabatlarini keskinlashtirdi.
Yil boshida AQSh hududi ustidan uchib o‘tgan Xitoy havo shari hech qanday razvedka ma’lumotlarini to‘plamagan. Bu AQSh Mudofaa vazirligining hozirgi taxmini, dedi Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayder 30 iyun, juma kuni bo‘lib o‘tgan brifingda. Vashington voqea sodir bo‘lgan paytda havo shari razvedka ma’lumotlarini yig‘ish qobiliyatiga ega ekanligini bilgan, ammo apparatning bunday ehtimoliy urinishlarini minimallashtirish choralarini ko‘rdi, dedi mudofaa mahkamasi rasmiysi.
Shar foto va video suratga olish imkonini beruvchi AQShda ishlab chiqarilgan uskunalar bilan jihozlangan edi, deb yozgan bir kun avval The Wall Street Journal amerikalik rasmiylarga tayanib. Pentagon vakili bu ma’lumotni na tasdiqladi, na inkor qildi.
Yanvar oyi oxirida AQSh hududi uzra Xitoy shari aniqlandi va 4 fevral kuni u Janubiy Karolina sohillari yaqinida urib tushirildi. Bu voqea ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni keskinlashtirdi. Shu tariqa, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 5 va 6 fevral kunlari Xitoy poytaxtiga rejalashtirilgan tashrifini bekor qildi. Amerika diplomatiyasi rahbari o‘z pozitsiyasini «AQSh havo hududida Xitoyning yuqori balandlikdagi razvedka havo sharining mavjudligiga» munosabati bilan izohladi.
Shu bilan birga, Pekin Vashington va AQSh OAVning ayblovlarini rad etib, voqeadan «Xitoyni qoralash uchun bahona» sifatida foydalanilganini bildirdi. Xitoy tomoniga ko‘ra, havo shari fuqarolik obekti bo‘lib, meteorologik maqsadlar uchun mo‘ljallangan va tasodifan AQSh havo hududiga kirib qolgan.