O‘zbekiston | 07:47 / 05.07.2023
4546
1 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkaziladi

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Rim shahrida o‘tgan BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) 43-konferensiyasida ishtiroki davomida FAO bosh direktori o‘rinbosari, Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Vladimir Raxmanin bilan uchrashdi.

Foto: Agro.uz

Vazirlik matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonning FAO bilan hamkorlikdagi qo‘shma loyihalarining jami soni 66 ta bo‘lib, umumiy qiymati 70,05 million dollarni tashkil etadi. Bugunga qadar jami 15,03 million dollarlik 33 ta loyihani amalga oshirish yakunlandi. Hozirda 33 ta loyiha ustida ish olib borilyapti (umumiy qiymati – 55,14 million dollar) va umumiy qiymati 41,3 million dollarga teng 4 ta loyiha ishlab chiqilyapti.

Muloqotda FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi faoliyatini kengaytirish, kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish, shu maqsadda o‘zbekistonlik yoshlar uchun qo‘shma dasturlar tashkil qilish takliflari xususida fikr almashildi.

Tomonlar shu yil 7-8 sentabr kunlari Samarqandda FAO bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyaga e’tibor qaratdi. Ushbu tadbirni o‘tkazishga oid tashkiliy masalalar muhokama qilindi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid