Jahon | 19:44 / 06.07.2023
15806
4 daqiqa o‘qiladi

Bloomberg: Rossiya va Ukraina tanklari soni tenglashdi

Ammo bu raqamlarda qator jihatlar hisobga olinmagan.

Foto: Ukraina bosh shtabi

Rossiya va Ukraina tanklari soni bo‘yicha tenglashdi, deb yozmoqda Bloomberg Kil jahon iqtisodiyot instituti va Oryx tahlil loyihasi ma’lumotlariga tayangan holda.

Institutning Ukraine Support Tracker ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqin boshlaganida qariyb uch yarim ming tankka ega bo‘lgan, ammo, Oryx ma’lumotiga ko‘ra, urushning 16 oyi mobaynida ikki yarim mingdan ortiq texnika jang maydonida boy berilgan (jumladan, Ukraina qurolli kuchlari 545 ta tankni o‘lja qilib olgan).

Rossiya bosqini boshlanganida Ukraina armiyasida mingga yaqin tank bo‘lgan. Oryx mutaxassislari tasdiqlashicha, urush davomida Ukraina qurolli kuchlari 550 dan ortiq tankni yo‘qotgan, ammo bu yo‘qotishlar o‘rnini to‘ldirishga muvaffaq bo‘lingan, jumladan rossiyaliklarning egallab olingan tanklari va G‘arbdan yetkazib berilgan texnikalar hisobiga. Kil instituti ma’lumotiga ko‘ra, bosqin boshlanganidan buyon Kiyevga 471 ta tank berilgan, yana 286 tank keyinroq keladi.

Shu tariqa, institutning hisoblashicha, hozirda ikki tomonda ham bir yarim mingtadan tank mavjud.

Urush davomida Ukraina Rossiya bilan artilleriya va baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari borasidagi farqlarni ham qisqartirishga muvaffaq bo‘lgan: Rossiyada hozirda 1900 ta og‘ir artilleriya qurollari va 841 ta baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari bor, Ukrainada esa mos ravishda — 1100 va 427 tadan. 

Bloomberg agentligi Kil instituti va Oryx loyihasi ma’lumotlariga ehtiyotkorlik bilan yondashish lozimligini qayd etgan, chunki bu ma’lumotlar faqat ochiq manbalardan yig‘ilgan, tomonlarning hech biri o‘z yo‘qotishlari to‘g‘risida rasman ma’lumot bermaydi. Bundan tashqari, urush davrida Rossiya qancha texnika va qurol ishlab chiqqani ham ma’lum emas.

Avvalroq Buyuk Britaniya mudofaa shtabi boshlig‘i admiral Entoni Radakin Rossiya yiliga 200 ga yaqin tank ishlab chiqara olishini aytgandi. Shuningdek, u Rossiya armiyasi urush davrida Ukrainadagi harbiy salohiyatining teng yarmidan ayrilganini qayd etgan.

G‘arblik harbiy ekspertlarning ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil boshida RF qurolli kuchlarining tanklari soni Ukrainanikidan bir yarim baravar ko‘proq bo‘lgan. O‘tgan vaqt mobaynida bu nisbat qay darajada o‘zgarganini aniqlab bo‘lmaydi. Bloomberg agentligi ko‘plab noma’lumliklarni hisobga olmagan:

  • Ukraina o‘lja qilib olgan tanklarning qancha qismini janglarda qo‘llay olishi aniq emas. Ularning bir qismi o‘lja qilib olingan boshqa tanklarni ta’mirlash uchun qismlarga ajratilgan. Bundan tashqari, bu sonlarda RF qurolli kuchlari ham ukrainlarning tanklarini o‘lja qilib olgani hisobga olinmagan (Oryx loyihasiga ko‘ra — 130 dona atrofida).
  • Rossiyaliklarning jang maydonida yo‘q qilingan deb hisoblangan tanklaridan bir qismi jiddiy shikastlanmagan va keyin katta ehtimol bilan evakuatsiya qilingan va tank ta’mirlash zavodlarida qayta tiklangan.
  • Rossiyada tanklar ishlab chiqarish ko‘lami aniq emas. RF Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev 2023 yilda tanklar ishlab chiqarish uchun fantastik rejani aytgandi — 1500 dona. «Vedomosti» bilan gaplashgan ekspertlar real ishlab chiqarish hajmi Ukrainaga g‘arbdan yetkazib beriladigan tanklar soniga teng bo‘lishini taxmin qilishgan.

Mavzuga oid