O‘zbekiston | 23:37 / 06.07.2023
11585
5 daqiqa o‘qiladi

Xorijga qaram urug‘chilik, sho‘rlanayotgan yerlar va rejasizlik xavfi - qishloq xo‘jaligi vaziri bilan intervyu

Toshkentda “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi tadbirlari davom etmoqda. Haftalikning 6 iyul kungi dasturida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov ham ishtirok etdi va sohani 2030 yilgacha rivojlantirish bo‘yicha imkoniyat va istiqbollari mavzusida taqdimot qildi.

Kun.uz muxbiri tadbir yakunida Aziz Voitov bilan qator mavzular yuzasidan intervyu o‘tkazdi.

— Bugungi tadbirda O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalariga ko‘proq urg‘u berib gapirdingiz. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda esa ekinlarni to‘g‘ri joylashtirish, rejalashtirish juda muhim. Ammo bugun O‘zbekistondagi deyarli barcha tomorqachilar, dehqonlar ekinni tavakkalchilik ustiga, bu yil yaxshi bo‘lib ketar, degan umid bilan ekadi. Davlatni bu borada ularga tavsiya beruvchi yoki to‘g‘ri rejalashtiruvchi sifatida ko‘rmaymiz, sezmaymiz. Nega shunday?

— Juda to‘g‘ri savol. Avvallari bizda majburiy ekin turlari bor edi, keyin bu ixtiyoriy qilingan. Bizning oldimizda turgan masala tadbirkorlarga to‘liqroq ma’lumot berish. Ya’ni O‘zbekistonda qaysi mahsulotga ehtiyoj qanchaligi, eksportga qancha ketishi, qaysi mahsulot daromadli bo‘ladi, degan masalalarda dehqonlarga ma’lumot, tavsiya berish kerak.

Masalan, takroriy ekinda yaxshi mahsulot ekishga sharoit bo‘ladi. Lekin ba’zilar kam daromad keltiruvchi mahsulotlar ekib, o‘ziga ham, oziq-ovqat xavfsizligiga ham kam foyda keltiradi. Shuning uchun biz ko‘proq ma’lumot va tavsiyalar berishimiz lozim. Bundan tashqari, ichki va tashqi bozorni ko‘rsata olishimiz kerak tadbirkorlar-dehqonlarga.

— Oziq-ovqat xavfsizligiga bevosita ta’sir qiluvchi masala — O‘zbekistonda urug‘chilik, milliy genofond yaratish. Ammo bugun O‘zbekiston shunday muhim, strategik masalada mustaqil emas. Juda ko‘plab mahsulotlar urug‘i bizga xorijdan kirib keladi.

Ikkinchidan, bugun o‘simliklar kasalliklarining iqlim o‘zgarishi oqibatida ko‘payib borayotgani va dehqonlarga zarar keltirayotgani masalasi ham bor. Bugun bu muammo ham dehqonlarni kasod qilayotgan omillardan biri. Xo‘sh, siz vazirlikka kelarkansiz, bu masalalarda endi qanday o‘zgarishlar ko‘ramiz?

— Juda murakkab va kerakli savollar. Agar biz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlamoqchi bo‘lsak, albatta, urug‘chilikni yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Boshqa davlatlarga qarab qolishni maksimal darajada kamaytirish lozim. Juda qiyin masala bu.

Prezident qaroriga ko‘ra, ilmiy ishlar va amaliyot integratsiyasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhokama qildik. Ko‘p olimlarimizning ishlanmalari amaliyotga joriy qilinmay qolib ketgan. Urug‘chilik va urug‘shunoslik markazini yaratishni oldimizga maqsad qilib qo‘ydik bugungi kunda. Bu masalalarda tez orada yaxshi natijalarga erishamiz. Ekinlarning kasalliklari ham katta muammo sifatida turibdi oldimizda.

— Afsuski, bugun ilm-fanimiz kasalliklarga qarshi kurasholmayapti. Dehqonlar kasallikka qarshi dorini tavakkaliga sepadi.

— Bu gapingizga unchalik ham qo‘shilmayman. Bizda bu borada ilm bor, faqat amaliyotda dehqonlarga yetkazib berishda muammolar bo‘lyapti. Oldimizdagi katta masala ham shu — biz dalagacha yetkazib berishimiz kerak.

— Bugun O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi yerlarining katta maydoni (ayrim manbalarda 60 foizga yaqin deyiladi) sho‘rlanib ketayotgani masalasi. Bu masala sizni qanchalik xavotirga soladi va bu borada qanday amaliy ishlar qilinyapti? Yoki nimalarni kutishimiz mumkin?

— Yerlarning sho‘rlanishi O‘zbekiston uchun ham, boshqa davlatlar uchun katta muammo. Suv xo‘jaligi masalasida ham bu muammoga to‘xtaldik. Buning oldini olish bo‘yicha ko‘proq ishlashimiz kerak. Bu borada olimlarimizning ishlari, chet el tajribalari bor. Amaliyotda qo‘llashimiz lozim bo‘ladi. Raqamlashtirish, suv yo‘llarini betonlashtirish kabi masalalar bor. Bundan tashqari, yer o‘zlashtirish masalasi ham bor. Lekin mavjud yerlarning holatini yaxshilash, sho‘rlanish oldini olish kerak. 

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid