20 yil ichida ShHT doirasida birortayam yirik iqtisodiy loyiha amalga oshirilmadi, dedi Qosim-Jo‘mart To‘qayev tashkilotning Dehli sammitida. Anjumanda Shavkat Mirziyoyev muhim kodeksni ilgari surdi. Si Jinping yana rangli inqiloblar haqida gapirdi. Eron esa ShHT a’zosiga aylandi va dollardan voz kechishga chaqirdi.

“Geosiyosat” dasturining navbatdagi mavzusi – ShHT. Suhbatdoshlarimiz – siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Suhrob Bo‘ronov.

— Eronning ShHTga a’zoligi tashkilotga qanday yutuqlar yoki muammolar keltirishi mumkin? Kuchlar muvozanatiga qanday ta’sir o‘tkazadi?

Suhrob Bo‘ronov: Eronning tashkilotga a’zo bo‘lishi global tartibot uchun muhim voqelik bo‘ldi, deyishimiz mumkin. Bugungi kunda tashkilotning xalqaro darajadagi mavqeyi kuchayib bormoqda, Eron qo‘shilishi bilan yanada muhim ahamiyat kasb etadi. To‘g‘ri, bu voqelik bir qator imkoniyatlar bilan birga, muammolarni ham keltirib chiqarishi mumkin.

ShHTda iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish ustuvor hisoblanadi va bu borada Eron muhim rol o‘ynaydi. Iqtisodiy koridorlarda Eron o‘tish halqa vazifasini bajaradi. Bundan tashqari, Eron gaz va neft zaxiralariga boy davlat bo‘lib, top-5 talikda turadi. Bu tomondan ShHTda energetika klubini yaratishda muhim rol o‘ynaydi.

Keyingi muhimligi – Eron orqali tashkilot Yaqin Sharqqa, xususan, Islom olamiga chuqurroq kirib kelishini kuzatish mumkin. Eron ShHTga a’zo bo‘lishi bilan Yaqin Sharqdagi 6 ta nufuzli arab davlatlari tashkilotda muloqot bo‘yicha sherik maqomini olishdi. Yana bir muhimligi shundaki, Eron mintaqada terrorizm, narkobiznesga qarshi kurashda tajribaga ega. Bundan tashkilot doirasida foydalansa bo‘ladi.

Bundan tashqari, ShHTning harbiy vazni ortadi. 4 ta yadroviy qurolga ega davlat safiga yadroviy dasturga ega davlatning qo‘shilishi harbiy nufuzni kuchaytiradi.

G‘arbga qarshi blokka aylanib qolishi mumkin, degan fikrlar ham bor. Ibrohim Raisiyning dollardan voz kechish haqidagi gaplari shunga da’vatdek tuyuldi. G‘arblik ekspertlar ShHTga nisbatan «Sharq NATOsi» degan fikrlarni ham bildirishyapti, lekin ShHT – nizomida yozilganidek, avvalo iqtisodiy hamkorlik tashkiloti.

ShHTda sanksiyalar ostida qolgan davlatlar ko‘payishi Markaziy Osiyo davlatlariga ta’sir qilishi mumkin. Shuningdek, qarorlar qabul qilish jarayonida murakkabliklar paydo bo‘lishi mumkin, chunki Eron o‘z so‘ziga ega davlat, tashkilotda esa qarorlar konsensus yo‘li bilan qabul qilinadi.