19:09 / 07.07.2023
9267

Uzum Market marketpleys sotuvchilari uchun mamlakatdagi yirik logistika majmuasini qurmoqda

Uzum Market maydoni 112 ming kvadrat metrdan katta bo‘lgan ombor majmuasini qurishga kirishdi. Bu bilan 5000 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

Foto: Uzum Market

Atigi 9 oy ichida Uzum Market platformasida o‘zbekistonlik 5 mingdan ortiq tadbirkor va kompaniyalar o‘z mahsulotlarini sotishni boshladilar — mamlakatdagi eng yirik logistika majmuasining ishga tushirilishi kompaniyaga assortimentni kengaytirish va butun mamlakat bo‘ylab ko‘proq sotuvchilar va xaridorlarni jalb qilish imkonini beradi. Uzum Market ombor majmuasining birinchi bosqichi 2024 yil fevral oyida ishga tushiriladi, kelgusi yilning iyun oyida O‘zbekistondagi yetakchi logistika markazi esa to‘liq kuchda ishga tushiriladi, uning umumiy saqlash maydoni 112 ming kvadrat metrdan ziyod bo‘ladi. Bir necha yil ichida Uzum Market logistika infratuzilmasi maydoni 500 ming kvadrat metrdan oshadi.

Yangi fulfilment-markazning birinchi bosqichi amaldagi Uzum Market omborining yonida qurilmoqda, u ishga tushirilgandan so‘ng marketpleys mamlakat bozorida sotish uchun 25 million donaga yaqin tovarlarni saqlashi mumkin bo‘ladi. Hozirning o‘zida marketpleysda butun mamlakat bo‘ylab sotuvchilardan 500 mingdan ortiq noyob tovar nomlari taqdim etilgan, Uzum Market so‘nggi bir oyning o‘zida o‘z mahsulotlarini marketpleysda sotmoqchi bo‘lgan kompaniyalar va tadbirkorlarning 1000 dan ortiq arizalarini ro‘yxatdan o‘tkazdi.

Jadal o‘sish sharoitida sotuvchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini ta’minlash va logistika kuchini oshirish maqsadida Uzum Market 18 ming kvadrat metr maydondagi yana bir ombor majmuasida barcha zarur kommunikatsiyalar va mezzanin saqlash tizimini o‘rnatishni boshladi. Ushbu ombor 1 oktyabrda ishga tushiriladi, shuning uchun kompaniya sentabrgacha yangi sotuvchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishni to‘xtatadi – bu mavjud logistika majmualarini optimallashtirishga, shuningdek, omborlar o‘rtasida tovarlarni transportirovka qilish uchun zarur bo‘lgan kompaniya va uning hamkorlarining resurslarini tejashga yordam beradi.

— O‘zbekistonlik tadbirkorlarning bizning platformamizga bo‘lgan qiziqishi taxmin qilganimizdan ham oshib ketdi, — deydi Uzum Market bosh direktori Ilshat Xametov. — Ye-commerce'ning eng zamonaviy standartlariga binoan jihozlangan yangi logistika markazining ishga tushirilishi keng ko‘lamli va obektiv sabablarga ko‘ra uzoq jarayondir, ammo biz o‘z bizneslarini biz bilan rivojlantirishga tayyor bo‘lgan tadbirkorlar sifatli xizmat olishlari uchun hamma narsani qilishga harakat qilamiz. Yangi omborni bosqichma-bosqich ishga tushirish bizga ushbu vazifani iloji boricha tezroq hal qilish imkonini beradi.

– Xabaringiz bor, o‘tgan yili yangi tahrirda "Elektron tijorat to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi (2023 yil 1 yanvardan kuchga kirdi) va elektron tijorat faoliyatini huquqiy maydon bilan ta’minladi, shuningdek tovarlarni yetkazib berish va elektron tijorat sub’yektlari o‘rtasida o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish xizmatlarini yaxshilashga imkon berdi, — deb izoh berdi O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos. — Raqamli texnologiyalar vazirligi elektron tijorat sohasidagi regulyator sifatida O‘zbekistonda elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirishga kuchli turtki bergan Uzum kabi kompaniyalarning elektron tijoratning yaxlit ekotizimini yaratishda erishgan yutuqlarini mamnuniyat bilan qayd etadi. Shunday qilib, mamlakatda yangi logistika infratuzilmasi obektlarini yaratish infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha o‘z vaqtida chora hisoblanadi va elektron tijorat sub’yektlariga o‘z mijozlariga sifatli xizmatlarni taqdim etish imkonini beradi.

Uzum ekotizimi mamlakatda tadbirkorlikni rivojlantirishga turtki bo‘ladigan, shuningdek, kompaniyalar guruhining o‘zida minglab ish o‘rinlarini yaratishga imkon beradigan yuqori texnologiyali infratuzilmani yaratishga faol investitsiya kiritmoqda. Shunday qilib, Uzum Market’ning yangi omborida 5000 dan ortiq xodim ishlaydi, logistika markazi ishga tushirilishi, shuningdek, platformada ko‘proq tovarlarni taklif qilish orqali biznes tezligini oshirishi mumkin bo‘lgan sotuvchilar uchun yangi ish o‘rinlarining paydo bo‘lishiga yordam beradi.

Bugungi kunda Uzum Market marketpleysida butun mamlakat bo‘ylab 5000 dan ortiq kompaniya va sotuvchilar o‘z mahsulotlarini sotmoqdalar, saytda 500 mingdan ortiq noyob tovarlar namoyish etilmoqda va yil oxiriga kelib ularning soni 800 mingga yetadi, shu bilan birga mamlakat bo‘ylab 60 ta aholi punktida 1 kun ichida tez yetkazib beriladigan tovarlarga buyurtma berish mumkin bo‘ladi.

Reklama

Top