13:06 / 12.07.2023
10253

Xitoy Tayvanga harbiy bosimni kuchaytiryapti

Xitoy harbiy samolyotlari Tayvan bo‘g‘ozining o‘rta chizig‘ini ikki kun ichida kamida 55 marta kesib o‘tdi, u - orol va qit’a o‘rtasidagi bufer hisoblangan norasmiy chegara.

Foto: Getty Images

Xitoy ikki kun davomida Tayvanga dengiz kemalari va katta guruhda harbiy samolyotlarini, jumladan qiruvchi va bombardimonchi samolyotlarni yubordi. Bu haqda 12 iyul, chorshanba kuni AP agentligi tan olinmagan davlat Mudofaa vazirligiga tayanib xabar berdi.

Harbiy idora ma’lumotlariga ko‘ra, Tayvanni ehtimoliy bosqinchilikdan himoya qilishga qaratilgan yillik harbiy mashg‘ulotlar boshlanishidan avval Xitoy Xalq ozodlik armiyasi harbiy-dengiz kuchlarining 38 ta harbiy samolyoti va 9 ta kemasini jo‘natgan. 12 iyul kuni ertalabdan tushgacha Xitoy harbiylari J-10 va J-16 qiruvchi samolyotlari ishtirokida yana 30 ta parvozni amalga oshirdi. Xitoy harbiy samolyotlari Tayvan bo‘g‘ozining o‘rta chizig‘ini ikki kun ichida kamida 55 marta kesib o‘tdi, u - orol va qit’a o‘rtasidagi bufer hisoblangan norasmiy chegara. 

Iyul oyining oxirida Tayvan har yilgi o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishni rejalashtirmoqda, uning davomida qurolli kuchlar jangovar tayyorgarlikni oshirish va bosqinning oldini olish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Bundan tashqari, har yili tinch aholini tabiiy ofatlarga tayyorlash va havo hujumlari sodir bo‘lgan taqdirda evakuatsiya qilishni o‘rgatishga qaratilgan mashg‘ulotlar uyushtiriladi. 

Xitoy o‘zini o‘zi boshqaradigan Tayvanni o‘z hududi deb biladi va so‘nggi yillarda orol hukumatining siyosiy faolligidan keskin noroziligini bildirib, Tayvan tomon yuborilayotgan harbiy samolyotlar sonini oshirdi. O‘tgan yili u orol yaqinidagi suvlar bo‘ylab parvoz qilish uchun dengiz kemalari va dronlarini ham jo‘natishni boshladi. 

Mavzuga oid
Top