Sport | 16:32 / 20.07.2023
31679
9 daqiqa o‘qiladi

«Liverpul» sardorsiz qolmoqda, «Siti» yangi himoyachi olmoqda. So‘nggi transfer xabarlari

Yozgi transferlar davom etmoqda, navbatdagi kunda ham qator futbolchilarning yangi klublari nomi ma’lum bo‘ldi. Quyida so‘nggi kunning eng qiziqarli transfer xabarlari dayjesti.

Foto: Getty Images

«Barselona» Buskets o‘rniga tarbiyalanuvchisini qaytardi

Kataloniya klubi Oriol Romeu qaytgani haqida e’lon qildi. 31 yoshli tayanch yarimhimoyachisi katta ehtimol bilan, AQShga yo‘l olgan Serxio Buskets o‘rniga olib kelindi, u bilan uch yillik shartnoma imzolangan. «Jirona»ga transfer uchun 3,4 mln yevro to‘lab berilgan.

Romeu «Barsa» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi, u klubni 2011 yilda tark etgandi. Shundan buyon Oriol «Chelsi», «Sauthempton», «Jirona» va boshqa klublarda to‘p surgandi.

Oriol Romeu. Foto: FCBARCELONA.COM

«PSJ» yosh yulduzini «Leypsig»ga jo‘natdi

Parij klubi yaqinda kelishuvdagi maxsus bandni ishga tushirib, Ksavi Simonsni 6 mln yevro evaziga PSV klubidan qaytarib olgandi. Shundan keyin u yangi mavsumni o‘tkazishi uchun tezda yangi variant topildi. Keyingi mavsumni ushbu 20 yoshli yarimhimoyachi «RB Leytspig» tarkibida o‘tkazadi. Klub rejasiga ko‘ra, u keyingi yil yozida barkamol holatida «PSJ»ga qaytib, jamoaning asosiy futbolchisiga aylanishi kerak.

Ksavi Simons. Foto: RBLEIPZIG.COM

«Inter» Xuan Kuadradoni safiga qo‘shib oldi

«Yuventus»ni erkin agent sifatida tark etgan Xuan Kuadrado «Inter» futbolchisiga aylandi. Sakkiz yil davomida Turin klubida to‘p surgan kolumbiyalik vinger endi jamoaning prinsipial raqibi bilan bir yillik shartnoma tuzdi. 35 yoshli futbolchi bu shartnoma bo‘yicha bonuslardan tashqari 2 mln yevro ishlab oladi.

Insayder Fabritsio Romanoning ma’lumotiga ko‘ra, u Italiyada qolish uchun o‘ziga yiliga 8 million yevrolik maosh taklif qilgan Saudiya Arabistoni klubini rad etgan.

Xuan Kuadrado. Foto: INTER.IT

Riyoz Mahrez Saudiya Arabistoniga yo‘l oldi

Yevropani yana bir yulduzli futbolchi tark etmoqda. The Athletic nashri yozishicha, «Al-Ahli» 32 yoshli vinger transferi borasida «Manchester Siti» bilan kelishuvga erishgan. 20 iyul kuni Mahrez tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va shundan keyin yangi klubi bilan uch yillik shartnoma imzolaydi. Kelishuv qiymati 30 mln yevroni tashkil etadi, futbolchining o‘zi esa yiliga 20 mln yevro maosh oladi.

Fabritsio Romano xabariga ko‘ra esa, jazoirlik futbolchi uchun Jidda klubi «shaharliklar» hisob raqamiga 35 mln yevro o‘tkazadi. Futbolchi va klub o‘rtasida 2027 yilga qadar shartnoma imzolanadi.

«Manchester Siti» Yoshko Gvardiolni sotib olmoqda

Gvardiol Gvardiolaning oldiga kelmoqda! Fabritsio Romanoning yozishicha, «RB Leypsig»ning 21 yoshli xorvatiyalik himoyachisi yaqin vaqtlar ichida Chempionlar ligasining amaldagi g‘olibi safiga o‘tadi.

Klub va futbolchi bir oldinroq kelishuvga erishib bo‘lgani va hatto Yoshko tibbiy ko‘rikning bir qismidan o‘tib bo‘lgani aytilmoqda.

Transfer qiymati 100 million yevroni tashkil etishi mumkin — nemislar klubi shuncha miqdorda tovon puli belgilab qo‘ygan. Avvalroq «Manchester Siti» 75 million yevrolik taklif yuborgan, ammo rad javobini olgandi.

Agar kelishuv amalga oshsa, Gvardiolning sotuvi «Leypsig» tarixidagi transfer rekordiga aylanadi.

«Atletiko» Feliksni «Barselona»ga qo‘yib yuborishga rozi bo‘ldi

Joau Feliks bolalikdan «Barselona»da o‘ynashni orzu qilgani haqida aytib intervyu berganidan so‘ng, bu transfer amalga oshishi muqarrar bo‘ldi. AS xabariga ko‘ra, «Atletiko» futbolchini mavsum yakunida sotib olish huquqi bilan «Barsa»ga ijaraga berishga rozi bo‘lgan.

Ushbu transfer shu haftadayoq e’lon qilinishi mumkin. Futbolchi «Atletiko» o‘zini qo‘yib yuborishi uchun qattiq harakat qilmoqda.

Transfermarkt 23 yoshli hujumkor yarimhimoyachining transfer qiymatini 50 million yevroga baholagan. 2019 yilda «Atletiko» Feliksni «Benfika»dan 127,2 million yevroga sotib olgandi.

Iyun oyida futbolchining agenti Jorjye Mendesh mijozi uchun 100 million yevro to‘lashga rozi bo‘ladigan klub qidirayotganini aytgandi. Uning yillik ijara haqi 10 million yevroga baholangan.

Yakunlangan mavsumning ikkinchi qismini ijara asosida «Chelsi»da o‘tkazgan portugaliyalik futbolchi APLning 16 o‘yinida maydonga tushib, 4 gol urgandi.

«Liverpul» sardoridan ayrilmoqda. Endi Henderson Jyerrard jamoasida o‘ynaydi

Yana Saudiya Arabistoni. Jordan Henderson 12 yil mobaynida «Liverpul» uchun to‘p tepdi, 2015 yildan buyon jamoaga sardorlik qildi, endi esa katta maosh uchun Osiyoga ketmoqda, unga bu yerda haftasiga 700–800 ming yevro taklif etishgan.

Fabritsio Romanoning tasdiqlashicha, «Al-Ahli» ingliz klubi bilan transfer shartlarini kelishib olgan. Gap bonuslardan tashqari 14 mln yevrolik to‘lov haqida boradi. 33 yoshli yarimhimoyachi yangi jamoasida sobiq jamoadoshi bilan hamkorlik qiladi — «Al-Ahli» biroz avvalroq Stiven Jyerrardni bosh murabbiylikka olib kelgandi.

Obameyang «Marsel»ga o‘tmoqda

«Chelsi» gabonlik 34 yoshli hujumchisi Per-Emerik Obameyangni, u bilan 2024 yil yoziga qadar amal qiluvchi shartnoma bo‘lganiga qaramay, tekinga «Marsel»ga qo‘yib yubordi.

Insayder Fabritsio Romano xabar qilishicha, forvard fransuzlar klubi bilan 2026 yilga qadar amalda bo‘luvchi shartnoma imzolaydi. U yaqin vaqtlar ichida tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va shundan keyin transfer e’lon qilinadi.

Ikki yil futboldan chetda qolgan Mendi Fransiyaga qaytdi

«Manchester Siti»ning sobiq himoyachisi Benjamen Mendi futbolchilik faoliyatini tiklaydi. 29 yoshli fransuz zo‘ravonlik va tamagirlik bo‘yicha sud ishida olgangach, futbolga qaytmoqda.

Futbolchi Fransiya chempionati ishtirokchisi bo‘lgan «Loryan» klubi bilan shartnoma imzolagan. U ingliz klubi bilan shartnomasi muddati tugagani tufayli yangi klubiga erkin agent sifatida kelib qo‘shildi.

2021 yilda ushbu himoyachi sud ishlari tufayli futboldan chetlatilgandi. Mendi o‘shanda qamoqqa olingan va faqat 2022 yil yanvarida ozod etilgan, lekin shundan keyin ham yana bir yarim yilni uy qamog‘ida o‘tkazdi va faqat 2023 yil yoziga kelib undan barcha ayblovlar olib tashlandi.

«Chelsi» Kaysedo bo‘yicha yana kelisha olmadi

London klubi «Brayton» yarimhimoyachisi Moyses Kaysedo transferi bo‘yicha 81,9 mln yevro miqdoridagi ikkinchi taklifni yuborgan. Ammo Devid Ornshteynning yozishicha, bu taklif ham rad etilgan.

Birinchi taklif qiymati biroz kamroq bo‘lgandi — 70,2 mln yevro. «Brayton» 21 yoshli futbolchisi transferidan maksimal foyda qilmoqchi va 90 mln yevrolik taklif kelishini kutmoqda.

«Manchester Yunayted»ning «yangi Holand» bo‘yicha rejalari barbod bo‘lishi mumkin

Bu transfer deyarli hal bo‘lgani aytilayotgandi, ammo kutilmaganda muammo chiqqan. The Athletic nashri yozishicha, «Atalanta» Rasmus Hoylund uchun 100 mln yevro talab qilgan, holbuki avvalroq klub 70 mln yevro va bonus sifatida ko‘zda tutiladigan 10 mln yevroga rozidek ko‘rinayotgandi.

«MYu» hamon asosiy transfer maqsadiga erishishdan umid qilmoqda, ammo agar italyan klubi ishtahasini kamaytirmasa, boshqa muqobil variantlarga ham yuzlanishga tayyor. Katta ehtimol bilan, 20 yoshli daniyalik futbolchi keyingi mavsumda ham Bergamoda qoladi.

Mavzuga oid