14:21 / 25.07.2023
5761

Litva Ukraina g‘allasi eksporti uchun o‘z portlarini taklif qildi

Litva vazirlarining ta’kidlashicha, Boltiqbo‘yi portlari orqali yiliga 25 million tonna Ukraina donini tashish mumkin.

Foto: Reuters

Litva Rossiya «g‘alla bitimi»ni uzaytirishdan bosh tortgach, Yevropa Ittifoqiga Ukraina g‘allasini eksport qilish uchun Boltiq dengizidagi portlaridan foydalanishni taklif qildi. Bu haqda Litva vazirlarining Yevrokomissiyaga yo‘llagan maktubiga tayanib, 24 iyul, dushanba kuni AFP agentligi xabar berdi.

Maktubda aytilishicha, Boltiqbo‘yi portlari orqali yiliga 25 million tonna g‘alla tashilishi mumkin, bu esa ularni «Ukraina tovarlari, jumladan, g‘alla tranziti uchun ishonchli alternativ variantga» aylantiradi. Bundan tashqari, Litva vazirlari Yevropa komissiyasini Ukraina va Polsha chegarasi orqali quruqlik orqali g‘alla tashishga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishga chaqirdi. 

Avvalroq Klaypeda dengiz porti bosh direktori Algis Latakas Litvaning asosiy porti 10 million tonnagacha Ukraina donini tashishi mumkinligini, biroq uni Boltiq dengiziga yetkazib berish muammosi saqlanib qolayotganini aytgan edi. 

Bir kun avval Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tegishli cheklovlar muddati tugaydigan 15 sentabrdan keyin Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quruqlik orqali eksport qilishni to‘sib qo‘yishini nomaqbul deb atadi. «Biz Yevrokomissiya bilan kelishuvga ishonamiz, lekin biz har qanday ssenariyga tayyorlanyapmiz», deb yozgan prezident va Kiyev «hammaga ma’qul keladigan yechim topish uchun barcha manfaatdor tomonlar bilan aloqada» ekanini qo‘shimcha qildi. 

Mavzuga oid
Top