Jahon | 08:26 / 27.07.2023
3766
2 daqiqa o‘qiladi

NYT: AQSh Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari haqida Haaga sudi bilan ma’lumot almashadi

AQSh prezidenti Jo Bayden o‘z ma’muriyatiga Rossiyaning Ukrainadagi harbiy jinoyatlari to‘g‘risidagi dalillarni Haagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJS) bilan bo‘lishishni boshlashni buyurdi, deb yozadi The New York Times vaziyatdan xabardor bo‘lgan ismini oshkor etmagan rasmiylarga tayanib. 

Foto: Getty Images

Ularga ko‘ra, AQSh Mudofaa vazirligi bunday harakatga qarshi chiqqan. Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, Haagadagi sud bilan har qanday hamkorlik xorijda joylashgan AQSh qo‘shinlarini siyosiy jihatdan ta’qib qilish imkoniyatlarini ochishi mumkin, deya ta’kidlaydi Reuters. 

Oq uy XJSga aloqador hamkorlik tafsilotlarini jurnalistlar bilan muhokama qilishdan bosh tortdi. Qo‘shma Shtatlar Rim statutini imzoladi, ammo keyinchalik imzosini qaytarib oldi. 

Avvalroq Niderlandiyaning Haaga shahrida Yevropa Ittifoqi, AQSh va Xalqaro jinoyat sudi (XJS) prokurorlarini o‘z ichiga olgan xalqaro tergov markazi (ICPA) ish boshladi. U Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qiladi. 

Eurojust qayd etishicha, markazning tashkil etilishi maxsus tribunal yaratish yo‘lidagi birinchi qadamdir, chunki markaz tomonidan to‘plangan materiallar Ukrainadagi bosqinchilik jinoyati bo‘yicha ish qo‘zg‘atish uchun asos bo‘ladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid