Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Timoti Torlot o‘z missiyasiga va umuman diplomatik karerasiga yakun yasayapti. Kun.uz muxbiri oxirgi to‘rt yil davomida O‘zbekiston-Britaniya munosabatlari rivojiga o‘z hissasini qo‘shgan elchi bilan suhbatlashdi.

Suhbatda elchi Tim Torlot so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarda kuzatilgan o‘zgarishlar, savdo aloqalarini yanada mustahkamlash imkoniyatlari, ta’lim sohasidagi hamkorlik, Markaziy Osiyodagi xavfsizlik masalalari, Ukrainadagi urush va boshqa ko‘plab mavzularda o‘z fikrini bildirdi.

— Janob elchi, siz bu lavozimga tayinlanganingizdan beri o‘tgan vaqt davomida O‘zbekistonda ham, Buyuk Britaniyada ham ko‘plab o‘zgarishlar kuzatildi. Masalan, mamlakatingiz Yevropa Ittifoqini tark etdi, uzoq yillik monarx – qirolicha vafot etdi va uning o‘rniga taxtni yangi qirol egalladi, bir necha bor bosh vaziringiz almashdi va yana boshqa ko‘plab o‘zgarishlar bo‘ldi. Sizningcha, bularning bari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga qanday ta’sir ko‘rsatdi?

— Aytib o‘tishim kerakki, Buyuk Britaniya Markaziy Osiyoga har doim muhim mintaqa sifatida qarab kelgan, ayniqsa O‘zbekistonning ahamiyati katta biz uchun. Biz Yevropa mamlakatlari orasida birinchilardan bo‘lib bu yerda o‘z elchixonamizni ochganmiz.

Siz sanab o‘tganga o‘xshash o‘zgarishlar nafaqat Buyuk Britaniyada, balki butun dunyoda ro‘y berdi, deyishim mumkin. Bizning Yevropa Ittifoqini tark etishimiz shubhasiz munozarali masala bo‘ldi va boshqa davlatlar bilan munosabatlarimizga u yoki bu ko‘rinishda bevosita ta’sir o‘tkazdi. Bundan asosiy maqsad – Yevropa hududidan tashqarida ham aloqalarimizni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy imkoniyatlarimizni kengaytirish bo‘lgan. Albatta, Yevropa mintaqasidagi davlatlar va ular bilan yagona ittifoq biz uchun muhim, lekin biz uning tashqarisida ham faoliyat yuritishni istadik. Xususan, mening diplomat sifatidagi asosiy vazifalarimdan biri ham mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni yaxshilashdan iborat.

Shu o‘rinda so‘ngi yillarda xalqaro maydonda sodir bo‘lgan o‘zgarishlarning O‘zbekistonga ta’siri haqida ham biroz to‘xtalib o‘tsak. Aytib o‘tganingizdek, men bu yerda to‘rt yildan beri faoliyat yuritib kelmoqdaman. Shu vaqt oralig‘ida biz global pandemiyani boshdan kechirdik. Bu boshqa davlatlar qatori sizning mamlakatingizga ham o‘zining jiddiy salbiy ta’sirini ko‘rsatdi. Bundan tashqari, qo‘shni Afg‘onistonda hukumat tepasiga “Tolibon”ning kelishi ham sizlarga xavfsizlik va iqtisodiy jihatdan yangi muammolarni keltirib chiqardi. O‘tgan yili Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi va uning hududini bosib olishga urinishi esa navbatdagi iqtisodiy-ijtimoiy muammolarni keltirib chiqardi.