Jahon | 19:55 / 31.07.2023
26507
7 daqiqa o‘qiladi

Saudiyada Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralari o‘tkaziladi. Unga Rossiya taklif qilinmadi

Avgust oyida Saudiya Arabistonida Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan hal qilishga bag‘ishlangan xalqaro muzokara o‘tkaziladi. Bu ma’lumotni Ukraina tomoni ham tasdiqladi.

Foto: Saudi Press Agency / EPA / Scanpix / LETA

Muzokaralarda Ukraina va ittifoqchilaridan tashqari ba’zi rivojlanayotgan davlatlar ham ishtirok etadi. Bu yig‘ilishga Rossiyani taklif qilishmagan, chunki unda Ukrainaning Moskvani qoniqtirmaydigan shartlar aks etgan tinchlik rejasi ko‘rib chiqiladi.

Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak Saudiyada tinchlik bo‘yicha muzokaralar o‘tishi, unda davlat rahbarlarining xavfsizlik va siyosat bo‘yicha maslahatchilari ishtirok etishini ma’lum qildi.

Yermak tinchlik uchun aynan Kiyev ilgari surgan reja asos bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. «Shuningdek, biz muloqot davomida BMT Nizomiga va xalqaro huquqqa zid bo‘lmagan fikrlarni inobatga olishga tayyormiz», degan Yermak.

Zelenskiy ofisi rahbari Kiyev tinchlik formulasini uch bosqichda amalga oshirmoqchi ekanini qo‘shimcha qilgan.

Rejaning birinchi qismida Ukrainada akkreditatsiyadan o‘tgan elchilar o‘rtasida uchrashuv bo‘lishi kerak. Ikkinchi bosqichda esa muammoga befarq bo‘lmagan davlat rahbarlarining xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari optimal yechim izlab muloqot qilishi kerak. Ikkinchi bosqich aynan Saudiyada bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Uchinchi bosqich esa davlat rahbarlari ishtirokidagi global sammit ko‘rinishida yil oxirigacha o‘tkazilishi mumkin.

Saudiyada Ukrainadagi urush mavzusida sammit o‘tkazilishi haqida birinchi bo‘lib AQShning Wall Street Journal nashri yozdi. Nashrga ko‘ra, uchrashuv 5-6 avgust kunlari Jiddada o‘tkaziladi. Saudiya va Ukraina sammitga 30 ga yaqin davlatlarni taklif qilgan. Ular orasida Yevropa Ittifoqi yetakchilari va AQShdan tashqari, Hindiston, Braziliya, Indoneziya, Misr, Meksika, Chili va Zambiya ham bor.

WSJ'ning yozishicha, shunga o‘xshash formatdagi Kopenhagenda o‘tkazilgan uchrashuvda Ukraina, Yevropaning bir necha davlatlari, Braziliya, Hindiston, Turkiya va JAR vakillari qatnashgan. AQSh prezidentining xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan esa o‘sha uchrashuvda onlayn qatnashgan.

Nega aynan Saudiya Arabistoni?

WSJ bilan suhbatlashgan g‘arblik diplomatlar aytishicha, sammit o‘tkaziladigan joy sifatida Saudiya Arabistonini tanlaganlar sammitga Xitoyni ham jalb etishga umid qilgan.

Ukrainaning g‘arblik ittifoqchilari prezident Zelenskiyning Tinchlik formulasini qo‘llab-quvvatlaydi. Rivojlanayotgan mamlakatlarning vakillarini esa hali bunga undash kerak, deya yozadi matbuot. Foto: NURPHOTO

Chunki Rossiya bilan qalin munosabatda bo‘lgan Xitoy Saudiya bilan ham yaxshi aloqada bo‘lib turibdi. Masalan, Xitoy ancha vaqtdan buyon sovuq munosabatda bo‘lgan Saudiya va Eronni yarashtirib qo‘yishga muvaffaq bo‘lgandi.

AQSh nashrining yozishicha, Kopenhagendagi uchrashuvda xitoyliklar bo‘lmagan. Ular Saudiyadagi sammitda qatnashishi haqida ham xabar qilmagan. Ammo Xitoyning bu uchrashuvga odam yuborishini ham istisno qilib bo‘lmaydi. O‘z navbatida, Saudiya Arabistoni ham oxirgi yillarda Rossiya bilan yaxshi munosabatda ekanini unutmaslik kerak. O‘tgan yil kuzida aynan Saudiyaning «neytral aralashuvi» sabab Rossiya va Ukraina harbiy asirlar (Medvedchuk va azovchilarni) almashishga kelishgandi.

Joriy yil may oyida Ar Riyodda o‘tgan Arab davlatlari ligasi uchrashuvida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham ishtirok etdi. O‘shanda Zelenskiy bilan uchrashgan Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon mamlakat Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi mojaro tinch yo‘l bilan hal qilinishi yo‘lida xalqaro sa’y-harakatlarni qo‘llashini bildirgandi.

Rivojlanayotgan davlatlarni sammit muhimligiga qanday ko‘ndirishadi?

WSJ'ning yozishicha, Saudiyadagi sammit Rossiya va Ukrainaning G‘arbdagi ittifoqchilari urush masalasida neytral bo‘lgan rivojlanayotgan davlatlarni o‘z g‘oyalariga ishontirish kurashi ketayotgan bir vaqtda o‘tkazilmoqda.

Ukrainaning tinchlik rejasi mamlakatda Rossiya tanklari qolmasligini ko‘zda tutadi, o‘lja qilib olinganlari bundan mustasno (fotodagi kabilar). Foto: EPA

Yermak Ukraina va G‘arbdagi ittifoqchilari yil oxiriga qadar imkon qadar ko‘proq davlatlarni qamrab olgan sammit o‘tkazmoqchi ekanini tasdiqladi. Bu sammitda urushni tinch yo‘l bilan hal qilishning umumiy prinsiplari ilgari suriladi. Kiyev bunday uchrashuvlar keyinchalik Rossiya bilan o‘tajak tinchlik muzokaralarida qulayroq pozitsiyada bo‘lishga imkon berishiga umid qilmoqda.

Saudiyadagi sammitda Ukraina tomoni aynan rivojlanayotgan davlat vakillari bilan urush qanday holatda tugashi borasida fikr almashishi mumkin. Ukraina ittifoqchilari Saudiyadagi bunday uchrashuv orqali tomonlarning o‘xshash fikr va qarashlarini saralash mumkin degan xulosaga kelgan.

Masalan, Kopenhagendagi uchrashuvda rivojlanayotgan davlatlar va Ukrainaning qarashlari ancha tezkari bo‘lgan. O‘shanda Kiyev rivojlanayotgan davlat vakillariga Volodimir Zelenskiy tomonidan ilgari surilgan tinchlik rejasini tushuntirishga intilgan. Bu rejada esa har qanday muzokaralar faqat Rossiya bosib olgan yerlaridan qo‘shinlarini olib chiqqanidan keyin boshlanishi aytilgan.

Kiyev rejasining qisqacha ko‘rinishi quyidagicha:

* Yadroviy, oziq-ovqat va energetik xavfsizlik;

* Rossiya hududiga olib ketilgan barcha ukrainalik asirlar va fuqarolarni qaytarish;

* Ukraina hududiy yaxlitligini tiklash;

* Rossiya qo‘shinlarini olib chiqish va harbiy harakatlarni to‘xtatish;

* Adolatni tiklash;

* Ekotsidga yo‘l qo‘ymaslik;

* Eskalatsiyaga yo‘l qo‘ymaslik;

* Urush yakunlanganini qayd etish.

Wall Street Journal'ning yozishicha, rivojlanayotgan davlatlar umumiy tinchlik prinsiplarini muhokama qilishga tayyor, ammo ular Zelenskiy ilgari surgan rejani qo‘llamoqchi emas.

Andrey Yermakning aytishicha, Zelenskiy ilgari surgan tinchlik formulasi har hafta 50 dan ortiq davlat vakillari bilan muhokama qilib turiladi.

Mavzuga oid