Rossiya armiyasi Sumi va ehtimol Xarkiv yo‘nalishlarida yirik hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida ayrim harbiy ekspertlar ham gapirmoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 22 may kuni hukumat a’zolari bilan yig‘ilishda Rossiya hududlarini Ukraina qurolli kuchlari tahdidlaridan himoya qilish uchun chegara bo‘ylab bufer xavfsizlik zonasi yaratish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini aytgandi.

Bu Vladimir Putin birinchi bor bunday bayonot berishi emas. U Ukraina chegarasi bo‘ylab xavfsizlik zonasini yaratish rejalari haqida dastlab 2024 yil mart oyida gapirgandi. O‘sha yil may oyida esa Rossiya qo‘shinlari Xarkiv oblastida yangi hujum boshlab, Vovchanskkacha yorib kirdi. Uch oy o‘tib javob zarbasi berildi – Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastiga bostirib kirdi.

Shu kunlarda Sumi oblasti harbiy ma’muriyati Rossiya armiyasi to‘rtta aholi punkti – Novenkoye, Basovka, Veselovka va Juravka qishloqlarini nazorat ostiga olganini tasdiqladi.

«Dushman bufer zonasi deb ataladigan hududni yaratish maqsadida oldinga siljish harakatlarini davom ettirmoqda. Vodologiya qishlog‘i atrofida va Xoten obshinasining Vladimirovka, Belovodov, Konstantinovka va Kondratovka qishloqlari yaqinida, shuningdek, Yunakov obshinasining Lokni qishlog‘i atrofida harbiy harakatlar davom etmoqda», – dedi ma’muriyat rahbari Oleg Grigorov..

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan qishloqlar aholisi allaqachon evakuatsiya qilingan, u yerda tinch aholiga hech qanday tahdid yo‘q.

Sumi oblasti chegaradosh hududining bir qismi, xususan, Juravka qishlog‘i bosib olingani haqida aprel oyi boshida Rossiya Mudofaa vazirligi xabar bergan edi, bu ma’lumotni OSINT-tadqiqotchilari ham tasdiqladi. May oyi oxiriga kelib Rossiya mudofaa vazirligi yana ikkita qishloq - chegaradan 7,5 kilometr uzoqlikdagi Belovodi va ikki kilometr uzoqlikdagi Vladimirovka egallab olinganini ma’lum qildi.

Ukrainaning DeepState OSINT-loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, Belovodi qishlog‘i qisman «kulrang zonada», Vladimirovka esa Ukraina nazorati ostida qolmoqda. Shu bilan birga, uning xaritalari Sumi oblastining 60 kilometr kvadratdan ortiq hududi allaqachon Rossiya nazorati ostiga o‘tganini tasdiqlaydi.

Rossiyaga bufer zona nega kerak?