Jahon | 11:54 / 01.08.2023
10005
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh va «Tolibon» iqtisodiyot, inson huquqlari va giyohvand moddalar masalasini muhokama qildi

Qo‘shma Shtatlar «Tolibon» bilan iqtisodiy barqarorlik va giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga tayyorligini bildirdi. «Tolibon» Afg‘oniston markaziy bankining xorijiy aktivlarini qaytarishni talab qildi. 

Foto: AFP

AQSh va Afg‘onistondagi hukmron «Tolibon» harakati vakillari Qatar poytaxti Dohada ikki kunlik muzokaralar uchun yig‘ildi. AQSh Davlat departamentining 1 avgust, dushanba kuni yig‘ilish birinchi raundi yakunlanganidan so‘ng ma’lum qilishicha, Vashington «Tolibon» bilan iqtisodiy barqarorlik va narkotik moddalar savdosiga qarshi kurash bo‘yicha keyingi texnik muzokaralar uchun ochiq.

Davlat departamenti Afg‘onistondagi moliyaviy ahvol yaxshilangani, jumladan, inflatsiya darajasining pasayishi, shuningdek, 2022 yilda joriy etilgan taqiq doirasida ko‘knori yetishtirish kamaytirilganini yuqori baholadi va giyohvandlikka qarshi kurashda hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistonda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat yomonlashayotganidan xavotir bildirdi va «Tolibon»ni qizlarning o‘rta ta’lim olishiga qo‘yilgan taqiqni bekor qilish, ayollarning ishga kirishiga ruxsat berish va hibsga olingan amerikaliklarni ozod qilishga chaqirishini takrorladi.

O‘z navbatida, «Tolibon» toliblar yetakchilariga qo‘yilgan safar qilish bo‘yicha taqiq hamda boshqa cheklovlarni olib tashlash, Afg‘oniston markaziy bankining xorijiy aktivlarini qaytarishga chaqirdi, deya xabar berdi Kobul hukumati.

Mavzuga oid