O‘zbekiston | 22:08 / 01.08.2023
12800
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati hokimligi Olmaliqda fermerning yeri olib qo‘yilishi yuzasidan munosabat bildirdi

Foto: Kun.uz

Toshkent viloyati hokimligi fermer Bekzod Sheronovning yeri olib qo‘yilgani masalasida jurnalist Shokir Sharipov muallifligida Kun.uz'da e’lon qilingan materialga munosabat bildirdi.

“Mazkur surishtiruv suratga olinayotganda Olmaliq shahri hokimi Qobil Hamdamov va boshqa mutasaddilar jurnalist Shokir Sharipov bilan uchrashishgan, intervyular berilgan. Ammo, jurnalist faqat bir tomonning fikri bilan internetda material e’lon qilgan va holatga ishora qilib, inson, jamiyat haqida diniy-falsafiy xulosalar keltirib, jamoatchilikni chalg‘itishga uringan.

Jurnalist mazkur voqealar zanjirini har ikki gapning birida viloyat hokimi Zoyir Mirzayevga bog‘laydi, aniq misollar keltirmaydi, faqat farazlarini bildirish bilan cheklanadi. Haqiqat shuki, Olmaliq shahrining bosh rejasi ishlab chiqilganda, Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati hokimi lavozimida ishlamas edi.

Toshkent viloyati hokimligi mazkur jurnalist surishtiruvini noxolis axborot bilan omma fikrini chalg‘itish hamda tuhmat va haqoratdan iborat kontent, deb hisoblaydi, belgilangan tartibda huquq-tartibot idoralariga murojaat qiladi”, – deyiladi rasmiy munosabatda.

Xabarda holat yuzasidan Olmaliq tumani hokimi Qobil Hamdamov va hokimlik boshqa mutasaddilarining video-raddiyalari ilova qilingan.

Mavzuga oid