Livanlik siyosatchilar 73 yoshli Salamening o‘rniga kim nomzod bo‘lishi borasida kelishuvga erisha olmadi, bu esa hali ham prezidensiz yashayotgan va muvaqqat hukumat faoliyat yuritayotgan mamlakatda yana bir hokimiyat bo‘shlig‘ini yuzaga keltirdi.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Livanning moliyaviy yo‘qotishlari 72 milliard dollardan oshdi — bu mamlakatning 2021 yildagi YaIMidan uch baravar ko‘proq.

Riyoz Salame 30 yillik faoliyatdan so‘ng o‘z lavozimini tark etdi. Ko‘pchilik uni 2019 yilgi qulashgacha Livan moliya tizimining asosi deb hisoblagan. Shundan keyin Fransiya, Germaniya va Livanning o‘zida unga nisbatan korrupsiya ayblovlari paydo bo‘ldi. U aybdorligini inkor qiladi va o‘zini «gunoh echkisi» (qadimgi yahudiy afsonasiga ko‘ra, butun xalq gunohlari yuklangan echki) qilishganini ta’kidlaydi.

Salame mamlakatdagi iqtisodiy inqiroz, so‘ngra milliy valuta qulashi va qashshoqlik darajasi tezlik bilan o‘sishi uchun javobgar bo‘lgan Livan siyosiy elitasining asosiy figuralaridan biri edi. Livan banklarining aksariyat omonatchilari bir vaqtlar gullab-yashnagan bank sektoridagi depozitlaridan mahrum bo‘ldi.

Livan hukmron elitasidagi hal qilib bo‘lmaydigan mojarolar tufayli bir yildan ortiq vaqtdan beri prezidentni tayinlash va vazirlar mahkamasini to‘liq shakllantirishning imkoni bo‘lgani yo‘q.

Moliyaviy inqiroz 2019-yildan buyon davom etmoqda. Jahon banki bu inqirozni zamonaviy tarixdagi eng og‘irlaridan biri deb ataydi.

Livandagi eng muhim davlat lavozimlari musulmon yoki nasroniy bo‘lgan 18 ta tan olingan diniy jamoalar vakillariga taqsimlangan.

Bir yildan ortiq vaqtdan beri Livanni cheklangan vakolatlarga ega muvaqqat hukumat boshqarmoqda, to‘qqiz oydan buyon mamlakatda prezident yo‘q.

Vaqtincha bosh vazir Najib Mikati va parlament spikeri Nabih Berri bir necha oy Salamening o‘rniga o‘rinbosar qidirdi va 30 iyul kuni ular yana ehtimoliy nomzod borasida kelishib olishga urindi.

Livan qonunchiligiga ko‘ra, Salamening o‘rnini vaqtincha uning birinchi o‘rinbosari Vassim Mansuriy egallashi kerak.

Mansuriy va yana uch o‘rinbosar, iyun oyida agar zarur vakolatlar berilmasdan turib, ular bu mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga majbur qilinsa, iste’foga chiqish bilan tahdid qilgan edi.

Biroq, shialarning «Hizbulloh» partiyasi va uning ittifoqchisi, hukmron koalitsiya tarkibiga kiruvchi nasroniylarning «Erkin vatanparvarlik harakati» bu talablarni rad etib, muvaqqat hukumat Markaziy bankning doimiy rahbarini tayinlash vakolatiga ega emasligini ma’lum qildi.