Raqobat qo‘mitasi Zoodpay platformasi ustidan ish qo‘zg‘atdi
Zoodpay mikrokreditlash korxonasi ta’sischisi hisoblangan “Orienswiss Tashkent” MChJ ustav fondining 99,99 foiz ulushi BAAda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyaga sotilgan. Mazkur bitim O‘zbekistonning amaldagi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonuni talablariga zid ravishda amalga oshirilgan.
O‘zbekiston hududida faoliyat yuritayotgan Zoodpay (Zoodpay MChJ) mikrokreditlash korxonasi ta’sischisi hisoblangan “Orienswiss Tashkent” MChJ qo‘shma korxonasi ustav fondining 99,99 foiz ulushini Birlashgan Arab Amirliklarida ro‘yxatdan o‘tgan “Zooduz Holding Limited” kompaniyasiga sotish bo‘yicha bitim tuzilgan. Mazkur bitim Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining roziligini olmasdan amalga oshirilgani yuzasidan ish qo‘zg‘atildi.
Qayd etilishicha, ushbu shartnomani tuzish bo‘yicha harakatlar amaldagi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 17-moddasi ikkinchi qismi talablariga zid holatda amalga oshirilgan.
Ya’ni ushbu moddaga muvofiq, quyidagi hollarda monopoliyaga qarshi organning shaxs yoki shaxslar guruhi tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub’yekt ustav fondidagi aksiyalarni olish bo‘yicha bitimlarga oldindan roziligini olish zarur bo‘ladi, agar:
- bunday shaxs yoki shaxslar guruhi ko‘rsatilgan aksiyalarning (ulushlarning) 50 foizidan ortig‘ini tasarruf etish huquqini olsa;
- bitimda ishtirok etayotgan shaxslar aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushum BHMning 100 000 baravari miqdoridan ortiq bo‘lsa yoxud bitim ishtirokchilaridan biri tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi sub’yekt bo‘lsa.
O‘rganish jarayonida ulushlari sotilayotgan “Orienswiss Tashkent” MChJ QK aktivlarining balans qiymati hamda tovar aylanmasi BHMning 100 ming baravari miqdoridan ortiqligi aniqlandi.
“Qo‘mita tomonidan ushbu holat yuzasidan raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga asosan qonunbuzilishini bartaraf etish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida belgilangan javobgarlikni qo‘llash choralari ko‘rilmoqda. Shu o‘rinda, yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek qonunchilikda belgilangan holatlarda, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning ustav fondi (ustav kapitali)dan ulush (aksiya) olish bo‘yicha monopoliyaga qarshi organdan oldindan rozilik olish talab etilishini yana bir bor eslatib o‘tmoqchimiz”, deyiladi Raqobat qo‘mitasi xabarida.
Ma’lumot uchun: Shveytsariyaning “Orienswiss S.A.” kompaniyasiga tegishli bo‘lgan Zood brendi ostidaga ekotizimga kiruvchi Zoodmall marketpleysi, Zoodpay mikrokredit tizimi, Zoodship logistika va yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatadigan raqamli platformadan O‘zbekiston, Pokiston, Iroq va Livan davlatlarida 300 mlndan ortiq jismoniy shaxs hamda 5 mln biznes sub’yektlari foydalanadi.
Avvalroq, O‘zbekistondagi yirik ikki IT-kompaniya – Uzum va Click birlashishi haqida xabarlar tarqalgandi. Raqobat qo‘mitasi raisi Shohruh Shorahmedov mazkur holatga munosabat bildirib, kompaniyalar birlashuvi faqatgina qo‘mita ruxsati bilan amalga oshishi mumkinligini ma’lum qilgandi.
Mavzuga oid
16:06 / 08.11.2024
“Biologik faol qo‘shimchalar reklamalarida 328 ta qonunga zid holat aniqlandi” – Raqobatqo‘m
14:25 / 29.10.2024
Davr bank jarimaga tortildi – Raqobat qo‘mitasi
14:06 / 26.10.2024
Taom yetkazib berish xizmatlari bozori monopollashdi
12:48 / 21.10.2024