Yaqin kunlarda prezident tadbirkorlar bilan uchrashadi. Kun.uz muxbiri uchrashuv oldidan ko‘plab tadbirkorlarning muammolari bilan ishlaydigan soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov bilan suhbatlashib, soliq sohasida biznesni qiynayotgan masalalar haqida so‘radi.
— Tadbirkorlar bilan bog‘liq ko‘plab muammolar o‘z yechimini topdi. Ammo soliq tekshiruvlari masalasi hali ham kun tartibida. 2022 yilda 2021 yildagiga nisbatan soliq tekshiruvlari 8 mingtaga ko‘paygan. Lekin Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, bu tekshiruvlarda huquqbuzarliklar 99,6 foizga tasdig‘ini topgan. Bu borada fikringiz qanday?
— Qo‘mitaning bu ma’lumotlari qayerdan yig‘ilgan, bilmayman. Ammo Davlat soliq qo‘mitasida ishlagan paytim ham takrorlagan edim: 99 foiz tekshiruvlarda kamchilik aniqlandi deyish – judayam uyatli holat. Maqtanadigan narsa emas bu. Demak, 99 foiz tadbirkor amaldagi soliq tizimi bilan ishlagisi kelmayapti, qoniqmayapti. Ayb tadbirkorda emas, soliq siyosatidadir. O‘zim bilgan holatlar bo‘yicha 99 foiz holatda tadbirkor haq bo‘lgan.
— Oldingi suhbatlarda tadbirkorni jazolashga qaratilgan soliq tekshiruvlari ko‘p ekanini ta’kidlagansiz. Vaziyat qanchalik o‘zgardi?
— Bizga soliqdan norozi bo‘lgan tadbirkorlar murojaat bilan keladi va bunday holatlar judayam ko‘p. Afsuski, biror bir holatda tadbirkor haq bo‘lib chiqsa ham, soliq organi ayni shunday amaliyotni boshqa tadbirkorlarga qo‘llayverish holatlari bor. Negadir ularni hech kim to‘xtatmayapti. Soliq organi rahbariyatiga yozma murojaatlar ham qilganmiz, shunchaki ma’lumot uchun qabul qilindi deyishadi, bo‘ldi.
Birovning to‘lamagan solig‘ini boshqa birovdan undirish amaliyoti bor. Oldingi qonunchilikka ko‘ra, soliq organi tadbirkorga talab qo‘yishi, tadbirkorlik sub’yekti bu talabga rozi bo‘lmasa, soliq organi uni sudga berishi mumkin edi. Hozir soliq organi o‘zi qo‘shimcha soliq hisoblab qo‘yishi mumkin, tadbirkorga yoqmasa, o‘zi sudlashib olsin. Hozir to‘g‘ridan to‘g‘ri qarzga kirgizib qo‘yib, yoqmasa sudlash deyishyapti.
Oldingi holatlarda bir xil ishni ma’muriy sud ko‘rib chiqqanda, tadbirkor haq der edi, hozir qo‘shimcha soliq hisoblangani va masala pulga bog‘liq bo‘lgani uchun ishni iqtisodiy sud ko‘ryapti va soliqchi haq deyapti. Bir xil operatsiya, bir xil holat, tadbirkorlar o‘rtasidagi o‘zaro hujjat almashinuvi bir xil – lekin ikkita sud ikki xil baho beryapti.
Achinarlisi shuki, buning natijasida ko‘plab tadbirkorlar bankrot bo‘lib ketyapti. Bu ishlarni hech kim tahlil qilmayapti, menimcha. Tekshiruvlardan keyingi holatni ham o‘rganinglar, qancha tadbirkor ishlab ketdi-yu, qanchasi to‘xtadi, bu holatni hech kim o‘rganmayapti va hech kim baho bermayapti. Holatga baho beriladigan bo‘lsa, tekshiruvlar aslida qanday natija berayotgani ko‘rinib qoladi. Shuncha qo‘shimcha hisobladik, tasdiqlandi emas, hammasi to‘landimi yoki yo‘q, undan keyin korxona ishladimi, yoki bankrot bo‘lib ketdimi? Bu statistikani ko‘taradigan bo‘lsa, tekshiruvlar aslida qanaqa natija berayotgani aniq bo‘ladi. Aytilgan 99,6 foiz holatdan keyin tadbirkor taqdiri nima bo‘lgani o‘rganilsa, asl muammo chiqadi.














