“UTAX” soliq maslahati tashkiloti rahbari, O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi a’zosi Murod Muhammadjonov Kun.uz'ga bergan intervyusida 2025 yildan boshlab yer, mol-mulk soliqlarini hisoblashda nimalar o‘zgargani va tadbirkorlar ijara narxlari bilan yuzaga kelayotgan qiyinchiliklar haqida gapirib berdi.
— Mol-mulk solig‘ini hisoblashda nima o‘zgardi?
— Bu yildan hisoblash usuli o‘zgartirildi: oldin balans qiymatiga qarab 1,5 foiz hisoblanadigan bo‘lsa, hozir minimal qiymatdan kelib chiqib 1,5 foiz hisoblanadigan bo‘ldi.
Shu paytgacha korxonalar ko‘chmas mulkining balans qiymatidan kelib chiqib 1,5 foiz stavkada mol-mulk solig‘i hisoblanar edi. 2024 yildan boshlab, mol-mulk solig‘iga minimal qiymat qo‘yila boshlandi, ya’ni Toshkent shahri uchun 1 kv metrga 3 mln so‘m qiymat belgilandi va o‘sha 3 mln so‘m qiymatdan 1,5 foiz soliq hisoblanadigan bo‘ldi.
100 kv metrlik do‘kon bo‘ladigan bo‘lsa, uning balans qiymati 100 mln so‘m bo‘lishi mumkin. 100 mln so‘mdan 1,5 foiz hisoblaydigan bo‘lsangiz, 1,5 mln so‘m chiqadi. Lekin yangi tartib bo‘yicha 1 kvadrat metr 3 mln so‘m deb baholanadi, endi 3 mln so‘mdan 1,5 foiz hisoblanadi. Ya’ni 100 kv metr maydoningiz balans qiymati 100 mln so‘m bo‘lsa-da, 300 mln so‘mdan kelib chiqib soliq hisoblanadi, bu esa o‘z-o‘zidan 4,5 mln so‘m soliqqa aylanadi.
Bu tartib o‘tgan yili kuchga kirdi va juda ko‘pchilik mulkini qayta baholatib, agar 1 kvadrat metri 3 mln so‘mdan pastroq bo‘lsa, baholash aktini soliq organiga taqdim etib, pastroq qiymatda soliq to‘lasa bo‘lar edi. Bundan ko‘pchilik foydalandi. 100 kvadrat metrlik misol bilan tushuntiraman: balans qiymati 100 mln so‘mlik mulkni davlat 300 mln so‘mdan kelib chiqib 4,5 mln soliq to‘laysan desa, tadbirkorlar baholash o‘tkazib, aslida 300 mln so‘m emas, bahosi 200 mln so‘m deb baholovchi aktini topshirgandan keyin, 200 milliondan kelib chiqib soliq to‘lashdi. Ya’ni 4,5 mln so‘m emas, 3,5 mln so‘m soliq to‘lab kelishdi.
2025 yildan boshlab Toshkent shahrida kvadrati 3 mln 300 ming so‘mlik joy yo‘qligini inobatga oladigan bo‘lsak, hech kim yolg‘on ma’lumot bilan past qiymatda baholamay qo‘ydi. Fakt qiymati 3 mln 300 ming so‘mdan baland bo‘lsa, hech kim past baholab bermadi. Natijada 100 mln so‘mlik qiymatga ega do‘kon uchun 330 mln so‘mdan kelib chiqib, 1,5 foizlik stavkada soliq to‘lanadigan bo‘ldi. Bu o‘z navbatida, 4 mln 950 ming so‘mni tashkil qiladi. O‘tgan yili 3 mln ekanida pasaytirib olib kelgan tadbirkorlar bu yil pasaytirib ololmadi. Buning natijasida mol-mulk solig‘i ko‘pchilikda 2-3 barobar, ayrim joylarda 5 barobar oshib ketgan holatlar ham bo‘ldi. Mulkka soliq solish maqsadida minimal qiymat o‘rnatilishi munosabati bilan, soliq qiymati bir necha barobarga o‘sdi.

















