Soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov Kun.uz'ga bergan intervyusida soliq tizimida kutilayotgan o‘zgarishlarni sharhlab berdi. Asosiy yangiliklar kafe va restoranlar, mehmonxonalar va turoperatorlarga taalluqli. Shuningdek, elektron tovar yuk xatini rasmiylashtirish soddalashtirilmoqda.

 

“O‘zbekiston fuqarosi bir burda non yedimi, u – soliq to‘lovchi”

— Asosiy mavzuga o‘tishdan oldin, “Oriat Dono” radiosidagi efirda soliqlar qayerga ketayotganini hukumatdan talab qiladigan aholiga nisbatan negativ fikr bildirib, “sen o‘zing kimsan, soliqlarni qayerga ketayotganini so‘rashga haqqing yo‘q” degan ma’noda fikr bildirilgan ekan, shu fikrga mutaxassis sifatida o‘zimning fikrimni bildirishni joiz deb topdim.

Hurmatli bloger, jurnalistlar, shoirlar – agar sizning mutaxassisligingiz bo‘yicha masalalarga biz aralashadigan bo‘lsak, bizni tanqid qilishga arziydi. Lekin soliq masalasiga kelganda, biroz ehtiyot bo‘lishingizni so‘rardik. Har bir O‘zbekiston fuqarosi soliq to‘lovchi hisoblanadi. U daromad topib soliq to‘lashi shart emas, bir burda non yedimi, u soliq to‘lovchi. Har bir iste’mol qilayotgan mahsulotingiz ichida soliq bor. Masalan, qo‘shimcha qiymat solig‘ining oxirgi to‘lovchisi – iste’molchi hisoblanadi. Sotib olayotgan narsamdan barcha soliqlarni olib tashlab, menga sotadigan bo‘lsa, unda “soliq to‘lamagansan” deb aytishsa bo‘ladi. Daromad topdikmi, topmadikmi, iste’molchi sifatida yuribmizmi – soliq to‘lovchimiz. Soliq to‘lovchi bo‘ldikmi, har bir shaxsning hukumatdan to‘lagan soliqlarim qayerga ketdi, deb so‘rashga haqqi bor. Chunki hukumat, davlat degan shaxs yo‘q. Davlatni ham shu soliq to‘lovchilardan tashkil topgan odamlar boshqaradi xolos. Bizning pulimizni qayerga ishlatyapsan deyishga haqqimiz bor. Aynan shu narsani talab qilishi, har bir so‘m qayerga ketayotganini ko‘rsatish – soliq madaniyatini oshiradigan omillardan hisoblanadi.

Oddiy misol, Yaponiyada soliq to‘lovchi yil tugagandan keyin deklaratsiyasini topshiradigan bo‘lsa, 10 minut ichida unga sms keladi. Bir yil ichida to‘lagan soliqlaringning qaysi biri qayerga ketdi deb, har bir manba bo‘yicha ajratib beradi. Ko‘prikka ketdimi, mudofaaga ketdimi, tibbiyotgami, ko‘rsatib beradi. Shunchalik shaffoflik darajasi yuqoriki, ketgan summaga qarab, tibbiyotga qancha pul ketdi-yu, aynan mening pulimga nima olindi degan narsagacha kuzatsa bo‘ladi, Bu darajada shaffoflik, soliq to‘lovchilar to‘lagan soliqlari qayerga ketganini ko‘ra olishi odamlarda soliq madaniyatini oshiradi. Odamlar soliq to‘lamaslikka uyaladi keyin.