Sport | 21:22 / 11.08.2023
23996
14 daqiqa o‘qiladi

«Arsenal» «Siti»ni taxtdan tushira oladimi? APLda yangi mavsum intrigalari

11 avgust kuni kechqurun dunyoning eng yaxshi ligasi yangi mavsumi start oladi: muxlislarni Angliya premer-ligasida nimalar kutmoqda?

Amaldagi chempion «Manchester Siti» va chempionship g‘olibi sifatida yuqori ligaga qaytgan «Byornli» to‘qnashuvi bilan boshlanadigan APLning yangi mavsumida intrigalar juda ko‘p. Barcha top-klublar top darajadagi transferlar amalga oshirdi, qaysidir klublar kosmetik ta’mirlar bilan kifoyalangan bo‘lsa, qayerlardadir — global qayta qurish amalga oshirildi. Bu mavsumda Angliya jamoalari qanday kurash olib borishini kuzatish qiziqarli bo‘lishi kafolatlangan. 

Chempionlik uchun kimlar raqobatlashadi? Kuchli to‘rtlikni qaysi jamoalar tashkil etadi?

O‘tgan mavsum oxirida chempionlikni boy berib qo‘ygan va xatolardan xulosa chiqargan «Arsenal» futbolchilarining bu mavsumdagi ishtiyoqi va g‘alabaga chanqoqligi o‘ta yuqori. Achchiq tajriba to‘plagan Mikel Arteta yangi mavsumda o‘z ustozi Pep Gvardioladan o‘zib ketish uchun yana bir urinishni amalga oshiradi.

«Arsenal» a’lo darajadagi transfer kampaniyasi olib bordi va har bir chiziqni mustahkamladi. Aaron Ramsdeylga o‘tgan mavsumda ko‘p ko‘rsatkichlar bo‘yicha yuqori natijalar qayd etgan ispaniyalik David Rayya raqobat qiladi, himoyaga universal Yurriyen Timber olib kelindi (u chapda ham, o‘ngda ham va himoya markazida ham, tayanch yarimhimoyachisi sifatida ham o‘ynashi mumkin), yarimhimoyaga esa - 116 million yevrolik Deklan Rays. Va nihoyat jamoa tarkibi Kay Havers bilan to‘ldirildi: u markaziy hujumchi pozitsiyasida ham, yarimhimoyada ham o‘ynashi mumkin.

«Arsenal» chempionatni yutish uchun (jamoa katta ehtimol bilan YeChLdan ko‘ra ichki chempionat o‘yinlarini birinchi o‘ringa qo‘yadi) maksimal darajada chog‘langan bir vaqtda o‘tgan mavsum oltin trebl qayd etgan «Manchester Siti» va Gvardiola qo‘shimcha motivatsiya topishi va o‘zi bilan o‘zi kurashishi kerak bo‘ladi. Klub ramzlariga aylangan Ilkay Gundo‘g‘an hamda Riyoz Mahrezning ketishiga yo‘l qo‘yib bergan Pep 2023/24 yillar mavsumini navbatdagi kichik qayta qurish uchun qurbon qilishga tayyor ekanini namoyish etdi — bunday holda esa o‘quvchisi undan o‘zib ketishi tayin. Bu holat 2019/20 yillar mavsumida ham kuzatilgandi: o‘shanda Gvardiola alamzada «Liverpul» nihoyat o‘z maqsadiga yetishiga jiddiy qarshilik qilmagandi.

Bu safargi chempionlik poygasida ham «Manchester Siti»ning raqibi «Manchester Siti»ning o‘zi bo‘ladi. Jamoa nihoyat orziqib kutilgan Chempionlar ligasi g‘olibligiga yetishgani jamoaga ta’sir qilmasdan qolmaydi. Buni sodda qilib — bayramdan keyingi karaxtlik va bo‘shashish deb atash mumkin. Yanvar oyida «Tottenhem»ga qarshi kechgan o‘yindan keyin (o‘shanda «shaharliklar» birinchi bo‘limda ikki gol o‘tkazib yuborgan va o‘yinga faqat ikkinchi bo‘limda qayta olib, 4:2 hisobida ustunlikka erishgandi) keyingi matbuot anjumanida Pep Gvardiola ochiqchasiga futbolchilaridan noligan va ularni sovrinlarga to‘yib qolib, ishtiyoqni yo‘qotib qo‘yishda ayblagandi. Uning o‘sha nutqi jamoani silkitgan va futbolchilar mavsumning qolgan qismini namunali darajada o‘tkazishgandi. Ammo trebldan keyin ham murabbiy buni uddalay oladimi? So‘nggi mavsumlarda kosmik o‘yin ko‘rsatgan Ilkay Gundo‘g‘anning o‘rnini bilintirmaslik imkoni bo‘ladimi? Nima bo‘lganda ham, Gvardiolani oldindagi mavsumda juda ko‘p ish kutmoqda.

Kuchli to‘rtlikni esa katta ehtimol bilan o‘tgan mavsumdagi kabi «MYu» va «Nyukasl» to‘ldiradi. 

«MYu»ning vaziyati bir yil ichida ancha yaxshilandi. Birinchidan, Krishtianu Ronaldu ketdi. Ikkinchidan, Erik ten Hag o‘tgan mavsum davomida o‘z jamoasini qurdi va barqaror natija ko‘rsata boshladi. Uchinchidan, Maunt, Hoylund va Onana — ajoyib xaridlar. Qolaversa, Amrabat ham olib kelinishi kutilmoqda. Mavsumoldi yig‘inlarini ham yaxshi o‘tkazgan «qizil iblislar» (xususan, «Arsenal» 2:0 hisobida mag‘lub etildi), yangi mavsumda  natijasini yaxshilashi va hatto chempionlik uchun kurashishi mumkin.

«Nyukasl» o‘tgan mavsumda YeChLga yo‘llanma olishi tasodif emasdi: Eddi Hau ham ten Hag kabi tizimli futbolni yo‘lga qo‘yib, o‘z jamoasini qurdi. Jamoa saudiyaliklar qo‘liga o‘tganidan keyin aql bovar qilmas pullar sarflanishi taxmin qilingandi, ammo «qarg‘alar» isrofgarchilik qilishmadi — natijada Uilson 18 gol urdi. «Nyukasl» yozda ajoyib transferlar amalga oshirdi — Sandro Tonali, Tino Livramento va Harvi Barns kabi futbolchilar o‘zini ko‘rsatishi aniq.

Muntazam ravishda kuchli to‘rtlikka da’vogar bo‘lib kelgan «Chelsi» bu safar 12-o‘rinda qolib ketmasligi aniq, ammo Maurisio Pochettino yosh yigitchalar bilan birdaniga top-4ga yorib kirishi dargumon. «Liverpul» Yurgen Klopp davrida o‘sishdan to‘xtab qoldi, qolaversa jamoani og‘riqli avlodlar almashinuvi kutmoqda. «Tottenhem» esa Harri Keynsiz faqat kuchsizlashadi.

Mavsum to‘purarlari bo‘lishga nomzodlar

Kim eng yaxshi to‘purar bo‘lishi oldindan aniq, agar jarohat olmasa, Holand o‘tgan mavsumdagi natijalarini yanada yaxshilab, APLda bir mavsumda urilgan gollar soni bo‘yicha o‘zi o‘rnatgan rekordni (36) ham yangilashi mumkin. 

Holand ortidan Keyn joylashishi kerak edi, ammo u «Bavariya»ga o‘tib ketmoqda. Shuning uchun, bu o‘rinni egallash uchun asosiy nomzod Nunes bo‘lib qoldi — urugvaylik hujumchi o‘tgan mavsumni juda yomon boshlagandi, ammo u aslida «Liverpul» uchun yetarlicha gol urdi (APLda 29 o‘yinda 9 gol urgan, lekin o‘rtacha o‘yin vaqti 58 daqiqa). Mavsumoldi yig‘inlarida ham Darvin yaxshi ko‘rindi, Salohning «Liverpul» o‘yiniga ta’siri esa borgan sari pasayib bormoqda.

Markus Reshfordda ham kuchli uchlikka kirish imkoniyati bor, ammo «MYu» sof markaziy hujumchi (Hoylund) olib kelgani uning imkoniyatlariga ta’sir qiladi, endi u daniyalik sherigiga golli uzatmalar berish bilan shug‘ullanishi ham mumkin.

«Arsenal»ning o‘tgan mavsumdagi eng yaxshi to‘purari Gabriel Martinelli (15 gol) natijasini yaxshilashini kutish mumkin. Martinelli «Arsenal» chap qanotida namoyish etadigan haddan tashqari faollik bilan yangi mavsumda 19-20 gol urishini taxmin qilsa bo‘ladi. 

Qaysi murabbiylar birinchilardan bo‘lib iste’foga chiqariladi?

Mavsum boshlanmasidan «Vulverhempton» Xulen Lopetegini ishdan bo‘shatib bo‘ldi. Mavsumning birinchi qismida iste’foga chiqarilishga asosiy nomzodlar - odatga ko‘ra debyutantlar - «Sheffild Yunayted» ustozi Pol Xekkinbottom va «Luton» murabbiyi Robert Edvards bo‘lib turibdi.

Shuningdek «Nottinghem Forest»ning APL startidagi qiyin grafigi (dastlabki 7 turdagi raqiblar - «Arsenal», «MYu», «Chelsi» va «Siti») Stiv Kuperning faoliyatini xavf ostida qoldiradi, u o‘tgan mavsum davomida ham ikki bor iste’fo yoqasida qolgan, faqat mo‘jiza bilan omon qolgandi. «O‘rmonchilar»ning o‘tgan mavsumda jamoaga kiritgan sarmoyalari va ularning ambitsiyalari turnir jadvalidagi o‘ringa mos emasdi. Endi esa jamoa rahbarlarining sabr-kosasi to‘lishi mumkin.

«Kristal Pelas» bu yozda qator muhim futbolchilarini yo‘qotgani va yo‘qotayotganidan kelib chiqilsa (Dukure va Olisega ham grand klublar da’vogar), Roy Hojsonning kelajagi ham tumanli ko‘rinmoqda. 76 yoshli murabbiy APL sur’atlariga dosh bera olmasligi mumkin.

Harakatlarini oldindan taxmin qilib bo‘lmaydigan Todd Bouli qisqa muvaffaqiyatsizliklar fonida Maurisio Pochettinoning javobini berib yuborishi mumkinligini ham istisno etib bo‘lmaydi.

Mavsum yoqimtoylari

Murabbiylar:

«Byornli»ni APLga qaytargan Vensan Kompani ustoziga munosib shogird bo‘lishi mumkin — u Shon Daych davrida eskicha uslubdagi o‘yini bilan ajralib turgan jamoani butkul zamonaviy uslubda o‘ynata boshladi.

Roberto de Dzerbi boshqaruvidagi «Brayton»dan navbatdagi syurprizlar va yanada o‘sish kutsa bo‘ladi — ayniqsa «chaykalar» «Ayaks»dan Muhammad Quddusni transfer qila olsa. Eslab o‘tish joizki, aynan de Dzerbi o‘tgan mavsum oxirida Arteta jamoasini «Emireyts»da 3:0 hisobida mag‘lub etib, chempionlik poygasiga rasman nuqta qo‘ygandi.

Chempionat davomida Unai Emeri ham o‘zini ko‘rsatishi aniq. U «Aston Villa»da ilk to‘laqonli mavsumini o‘tkazadi — va Birminghemdagi muxlislar undan ko‘p narsa kutishmoqda. Jamoa yozda yaxshi transferlar amalga oshirdi («Bayyer»dan universal hujumchi Mussa Diabi, «Vilyarreal»dan markaziy himoyachi Pau Torres olib kelindi, qolaversa, chempionshipga tushib ketgan «Lester» yetakchilaridan biri Yuri Telemans erkin agent sifatida kelib qo‘shildi). Emeri jamoa bilan yana yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun kurashadi (o‘tgan yilda — yettinchi o‘rin bilan Konferensiyalar ligasiga yo‘l olingandi, holbuki u mavsum o‘rtasida kelganida jamoa quyi pog‘onalarda ketayotgandi).

Futbolchilar:

«Byornli» darvozaboni Jyeyms Trafford iyun oyida yoshlar o‘rtasidagi Yevroda olti o‘yinda birorta gol o‘tkazib yubormadi va Angliya jamoasi g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi. Vensan Kompani uni o‘z jamoasiga olgani bejiz emas — «Byornli» bosh murabbiyi oyoqda o‘ynovchi darvozabonlar qanday foydali ekanini yaxshi biladi va katta ehtimol bilan uni jamoaning asosiy darvozaboni qiladi.

«Brayton»ning 18 yoshli forvardi Evan Fergyuson ham mavsum davomida e’tiborga tushishi mumkin. APLni diqqat bilan kuzatib boruvchi muxlislar ushbu irlandiyalikni yaxshi tanishadi, chunki u o‘tgan mavsumda naq olti gol urishga erishgan. Ammo Fergyuson bu mavsumda porlab, uni barcha yaxshi tanib qolishi mumkin.

Yoshko Gvardiol ham o‘z o‘yini bilan muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lishi kutilmoqda. Bundesliga fanatlari o‘ta aniq uzatmalarga ega bu zamonaviy himoyachini juda yaxshi bilishadi, ammo Gvardiola boshqaruvida u yangi darajaga chiqishi tabiiy.

Shuningdek, «Brayton»da o‘tgan mavsum oxirida ko‘zga tashlana boshlagan Xulio Ensiso, ushbu klub sotib olishi kutilayotgan Muhammad Quddus, «MYu»ning yangi xaridi Rasmus Hoylund, «Nyukasl»ga kelgan Sandro Tonali va Tino Livramento kabi futbolchilar ham muxlislarni hayron qoldirishga qodir.

APLning yangi mavsumida yana nimalar bo‘lishi deyarli aniq:

  • Holand samaradorlik bo‘yicha navbatdagi rekordni o‘rnatadi;
  • Uord-Praus jarima zarbasidan gol uradi;
  • Maguayr (qaysi jamoada bo‘lishidan qat’i nazar) yangi memlar uchun qahramonga aylanadi;
  • «Liverpul» yana jarohatlar girdobida qoladi;
  • Risharlison yana futbolkasini yechgani uchun sariq kartochka oladi;
  • Kazemiroga qizil kartochka ko‘rsatishadi;
  • Fillips milliy jamoada o‘ynagan vaqti «Siti»dagidan ko‘proq bo‘ladi;
  • Gvardiola top-jamoa bilan o‘yinda ortiqcha donolik qiladi;
  • «Brayton» navbatdagi nouneymni kashf etadi;
  • Fanatlar stadion uzra samolyotga biriktirilgan bannerni olib o‘tishadi;
  • «Chelsi» qishda yana besh-olti futbolchi sotib oladi.

Mavzuga oid