08:17 / 12.08.2023
6842

Talabalar uchun nomli davlat stipendiyalari ro‘yxati yangilandi

Barcha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari «a’lo» bo‘lgan hamda ijodiy ishda qatnashadigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishida o‘qiyotgan oxirgi ikki kurs talabalari uchun nomli davlat stipendiyalari ta’sis etildi.

2023 yil 10 avgust kuni prezidentning PF-132-sonli farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, PF-555-son farmon 2-bandiga o‘zgarishlar kiritildi.

Barcha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari «a’lo» (ko‘pi bilan 25 foizi «yaxshi») bo‘lgan hamda ijodiy ishda qatnashadigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishida o‘qiyotgan oxirgi ikki kurs (yuqori kurs) talabalari uchun quyidagi nomli davlat stipendiyalari ta’sis etildi: 

  • texnika yo‘nalishlarida — Beruniy;
  • tibbiyot yo‘nalishlarida — Ibn Sino;
  • humanitar yo‘nalishlarda — Navoiy;
  • tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishlarida — Kamoliddin Behzod;
  • tabiiy yo‘nalishlarda — Ulug‘bek;
  • kinematografiya yo‘nalishida — Xudoybergan Devonov;
  • tarix va geografiya yo‘nalishlarida — Bobur;
  • jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlarida — Pahlavon Mahmud;
  • O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida — Imom al-Buxoriy;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalarida — To‘lepbergen Qaipbergenov va Ibroyim Yusupov;
  • barcha yo‘nalishlarda — Islom Karimov nomli.

Belgilanishicha:

Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Kamoliddin Behzod va Ulug‘bek nomli davlat stipendiyalari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori kurslarning har ming nafar talabasiga bittadan;
Imom al-Buxoriy nomli davlat stipendiyasi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining uch nafar yuqori kurs talabasiga;
Xudoybergan Devonov nomli davlat stipendiyasi kinematografiya sohasi uchun kadrlar tayyorlovchi har bir oliy ta’lim muassasasining bir nafar yuqori kurs talabasiga;
Bobur nomli davlat stipendiyasi tarix va geografiya yo‘nalishlari uchun kadrlar tayyorlovchi har bir oliy ta’lim muassasasining bir nafar yuqori kurs talabasiga;
Pahlavon Mahmud nomli davlat stipendiyasi jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlari uchun kadrlar tayyorlovchi har bir oliy ta’lim muassasasining bir nafar yuqori kurs talabasiga;
To‘lepbergen Qaipbergenov va Ibroyim Yusupov nomli davlat stipendiyalari Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi har bir oliy ta’lim muassasasining bir nafar yuqori kurs talabasiga;
Islom Karimov nomli davlat stipendiyasi har bir oliy ta’lim muassasasining bir nafar yuqori kurs talabasiga tayinlanadi.

Top