O‘zbekiston | 11:41 / 14.08.2023
12311
2 daqiqa o‘qiladi

Hafta davomida harorat foni me’yordan past bo‘ladi

O‘tgan dam olish kunlari O‘zbekiston hududiga Ural hududlaridan salqin havo kirib keldi va havo harorati barcha joylarda +29...+32 darajagacha, janubiy hududlarda +34...+35 darajagacha pasaydi.

Foto: Kun.uz

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, bugun va ertaga respublika hududi bo‘yicha salqin ob-havo saqlanib turadi, harorat kechalari +13...+16 daraja, kunduz kunlari +27...+32 daraja, janubda +35 darajagacha bo‘ladi. Bu avgust oyi o‘rtasi uchun me’yoriy qiymatlardan +2...+4 darajaga pastdir.

Hafta o‘rtasidan salqin havo massasi respublika hududidan asta-sekin chekina boshlaydi, havo harorati ko‘tariladi va hafta oxiriga borib, kechalari +17...+20 daraja, kunduz kunlari +34...+37 daraja atrofida bo‘ladi.

Ushbu kunlarda hududning katta qismida quruq va kam bulutli ob-havo saqlanib turadi, faqat Farg‘ona viloyati ayrim tog‘li hududlarida bugun kechga tomon qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

14-15 avgust kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatiladi.

Poytaxtda 14-18 avgust kunlari havo kam bulutli bo‘ladi. Bugun va ertaga harorat +29...+32 daraja bo‘ladi, so‘ng +34...+37 darajagacha asta-sekin ko‘tariladi. Hafta boshida harorat kechasi va ertalab +13...+16 daraja, hafta oxiriga borib +17...+20 daraja bo‘ladi. Shamol sharqdan esadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid