O‘zbekiston | 11:40 / 14.08.2023
10880
3 daqiqa o‘qiladi

Tashkilotlarga ishga qabul qilish chog‘ida tanlov o‘tkazish tartibi belgilandi

Tanlov natijasiga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan nomzod tanlov g‘olibi hisoblanadi va u bo‘sh (vakant) ish o‘rni mavjud bo‘lgan taqdirda ishga qabul qilinadi.

Ishga qabul qilish chog‘ida tanlov o‘tkazish to‘g‘risidagi namunaviy nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, namunaviy nizomda ishga qabul qilish chog‘ida tanlovni tashkil etish va o‘tkazish hamda nomzodlarning apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish tartibi belgilangan.

Ishga qabul qilish chog‘ida tanlov o‘tkazish uchun tashkilot rahbarining buyrug‘i bilan doimiy faoliyat yuritadigan tanlov komissiyasi tashkil etiladi.

Tanlov komissiyasi tarkibi tashkilotning xodimlari va tegishli sohaning malakali mutaxassislari orasidan kamida besh kishidan iborat va toq sonli tarkibda shakllantiriladi.

Tanlov komissiyasi tomonidan tanlov tadbirlari o‘tkazilishidan kamida bir oy oldin tashkilotning rasmiy veb-saytida bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari bo‘yicha ma’lumotlar hamda tanlov o‘tkazish joyi va kunlari, tanlov tadbirlarida berilishi mumkin bo‘lgan savollarning namunaviy ro‘yxati joylashtiriladi.

Nomzodlar tanlov komissiyasiga namunaviy nizomning ilovasiga muvofiq shakldagi ariza bilan yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi. Tanlov komissiyasi tomonidan nomzodning arizasi kelib tushgan kundan e’tiboran besh ish kuni ichida unda ko‘rsatilgan ma’lumotlar o‘rganib chiqiladi.

Tanlovda qatnashish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilgan nomzodlarga tanlov tadbirlari boshlanishidan besh kun oldin tanlov tadbirlarining boshlanish vaqti va joyi haqida tanlov komissiyasi tomonidan xabar beriladi.

Nomzodning ish tajribasi va kasbiy kompetensiyasini aniqlash uchun tanlov komissiyasi tomonidan test, suhbat va amaliy mashg‘ulot sinov tadbirlarining barchasi yoki ulardan biri o‘tkazilishi mumkin. Tanlov tadbirlarini o‘tkazish vaqtida nomzodning natijalari (tanlov natijalari) ballik tizimda baholanadi.

Tanlov tadbirlari faqat test sinovlari bo‘yicha o‘tkazilgan taqdirda nomzodning natijalari 100 ballik tizimda baholanadi. Bunda, test savollari 50 tani va har bir to‘g‘ri javob 2 ballni tashkil qiladi. Tanlov tadbirlari faqat suhbat va amaliy mashg‘ulot shaklida o‘tkazilgan taqdirda nomzodning natijalari 5 ballik tizimda baholanadi.

Tanlov natijasiga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan nomzod tanlov g‘olibi hisoblanadi va u bo‘sh (vakant) ish o‘rni mavjud bo‘lgan taqdirda ishga qabul qilinadi.

Namunaviy nizom talablari ishga qabul qilish uchun tanlov o‘tkazish tartibi alohida qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan tashkilotlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Mavzuga oid