“Supraga yaqinlashmaydigan qiz edim”
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bakalavr va bir yil magistratura o‘qiganman. Ketma-ket farzandli bo‘lganim uchun magistraturani davom ettira olganim yo‘q. Hozir bir qiz va o‘g‘il farzandimiz bor.
O‘qishga mukkasidan ketgan va shaharlikka aylangan barcha talaba qizlardek pishir-kuydir, ro‘zg‘or ishlaridan ancha yiroq bo‘lganman. O‘qishga ham kollej, litsey o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan fan olimpiadasida g‘olib bo‘lib, imtiyoz bilan kirganman.
Ayam kelgan sovchilarning hammasiga hech ishni bilmasligimni aytgan va bunga ko‘ngan qaynonamning uyida kelin bo‘lgach ham supraning oldidan uzoq bo‘lganman. Xullas, yaxshi kelin bo‘lmaganman.
Hozir ayam ham, qaynonam ham hayron bo‘lishadi, shuncha narsani qanday qilyapsan, deb. Kitobdan boshimni ko‘tarmagan, shoirlikka, maqolalar yozib, olimlikka intilib yurgan paytlarim oshpazlik haqida tasavvur ham qilmaganman. Farzandli bo‘libgina ro‘zg‘or qilishni ozgina o‘rgangan odamman. Yaqinda universitetga bordim. Eng qizig‘i, hamma meni o‘sha joyda ham bakalavr, ham magistraturada o‘qiganimnimas, ismaloqli taomlar tayyorlashimni bilisharkan. Bundan xursand bo‘lishimni ham, xafa bo‘lishimni ham bilmayman.

Kichik biznesning boshlanishi
Bola parvarishi ta’tilida uyda qolgach, xamirli uy taomlarini pishirib mijozlarga yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydim. Dastlab yarimfabrikatlar tayyorlab sotmoqchi bo‘lganman. Telegram orqali shu ish bilan shug‘ullanuvchi guruhlarni kuzatib yurardim. Men biladigan yarimfabrikatlar tayyorlab beradiganlarning ko‘pchiligi yosh bolali ayollar.
Ishimning boshlanishiga esa turmush o‘rtog‘imning kechga yaqin pichak (turli masalliqlar, ismaloq, ko‘katlar solib yupqa qilib tandirda yopiladigan taom) yegisi kelib qolishi sabab bo‘lgan. Erim yarim kechasi tayyor bo‘lgan pichak rasmini Facebook’ka joylagach, ko‘pchilik qizib qoldi. Shu bilan boshlanib ketgan hammasi. Dastlab, yuz ming so‘m bilan boshlaganman ishimni.

Aslida, bu ishni bolalar bilan qilish osonmas. Ba’zan bolalarimni qiynayapman deb o‘ylayman. Chunki ularga berishim kerak bo‘lgan vaqtim, mehrim, e’tiborim ikkiga bo‘linadi. Bir kun oldin berilgan buyurtmalarni bemalol tongda, ular uxlayotganda tayyorlayman. Ba’zan shoshilinch buyurtmalar bo‘ladi. O‘sha paytda qiynalaman.




















