O‘zbekiston | 18:52 / 17.08.2023
11575
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosarini qabul qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 avgust kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleuni qabul qildi.

O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, yangi amaliy mazmun bilan boyitish masalalari ko‘rib chiqildi.

Suhbat avvalida tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu O‘zbekiston rahbariga Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston yetakchisi keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani, jumladan, parlamentlar, hukumatlar, hududiy ma’muriyatlar, jamoatchilik va tadbirkorlar darajasida sermahsul muloqotlar amalga oshirilayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Prezidentning oldingi qabullaridan farqli o‘laroq bu safargisida Sardor Umrzoqov ishtirok etmagan 

Qo‘shma Hukumatlararo komissiya va ishchi guruh samarali faoliyat yuritmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi ko‘payib, ikki mamlakat yetakchi korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiya ko‘lami kengaymoqda. Madaniy-gumanitar tadbirlar muntazam o‘tkazib borilmoqda.

Uchrashuvda siyosiy muloqotlarni yanada faollashtirish, iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridagi loyihalarni jadallashtirish, gumanitar almashinuv dasturlarini kengaytirish hamda Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qo‘shnichilik va sheriklikni mustahkamlash choralarini ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi.

Mavzuga oid