Temur Dashdamirov qariyb 20 yildan beri Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi “Maxsustrans” chiqindixonasida yashaydi. Ko‘rgan kishi u yashayotgan yerni chiqindixona emas, bog‘ yoki gul do‘koni deb o‘ylaydi. Eng qizig‘i, kuniga minglab odamlar chiqindi olib kelib tashlaydigan bu joyda hech qanday noxush hid, pashsha yo‘q.
Temur Dashdamirov 1969 yilda Qashqadaryoning Shahrisabz tumanida tug‘ilgan. Otasi 1963 yil Ozarboyjondan ishlash uchun Qashqadaryoga keladi. Qurilishda 2 yil ishlagan otasiga Shahrisabz yoqib qolib, oilasini ham shu yerga olib keladi. Shunday qilib millati lezgin bo‘lgan Temur qashqadaryolikka aylanadi. Maktab, keyin texnikumni bitirib, 1996 yilda Toshkentga keladi. Savdo sohasida ishlab, turli davlatlarini kezib chiqadi. O‘zining aytishicha, bormagan joyi qolmagan.

«Bolgariya, Ruminiya, Moldova, Ukraina, Kavkazorti davlatlari, Tojikistan, Turkmaniston, Qozog‘iston davlatlarida bo‘lganman. Maktab, keyin armiya, keyin texnikumni bitirdim. Keyin uylandim. Uylanganimdan keyin esa sayohatlar tugadi», – deb kuladi u.
Uning 28 yoshli bir nafar o‘g‘li bor. Hozir Moskvada yashaydi. Otasini ko‘rishga yilda bir marta kelib turadi.

2004 yilda bir do‘stining taklifi bilan Yangihayot tumanidagi chiqindixonaga kelgan, o‘shandan beri shu yerda istiqomat qiladi.
«Birinchi kelganimda bu yer juda abgor ahvolda edi. Sekin-sekin sharoit qilib, bog‘ yaratyapmiz», – deydi u.
U kun davomida konteyner yuvadi, odamlar olib kelgan chiqindilarni saralaydi. «Baklajka», sellofan, po‘choqni alohida ajratadi.

«Konteynerlarni har kuni yuvaman. 4 kun idish-tovoq geli, 3 kun kir yuvish sodasi bilan, 10 kundan keyin soda va xlor bilan yuvaman. Shuning uchun hidi yo‘q. Dezinfeksiya ham qilaman

















