Jahon | 22:56 / 28.08.2023
10321
2 daqiqa o‘qiladi

Trampning «Kapitoliydagi tartibsizliklar» ishi bo‘yicha sud sanasi belgilandi 

Mahkama 4 mart kuni boshlanadi. 5 mart kuni esa Respublikachilar partiyasining praymerizlari o‘tkaziladi. 

Foto: EPA

AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning hokimiyatda qolish uchun 2020 yilgi saylov natijalarini o‘zgartirishga urinishi bo‘yicha sud mahkamasi 2024 yil mart oyida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. 

Federal sudya Tanya Chutkan mahkamaning 4 mart kuni boshlanishini ma’lum qildi. Shu bilan u Trampning sud jarayonini keyinroq - 2026 yilda boshlash haqidagi iltimosini rad etdi. Maxsus prokuror Jyek Smit 2024 yil yanvar oyini taklif qilgan edi. 

Amerika ommaviy axborot vositalarining qayd qilishicha, ilk mahkama AQSh Respublikachilar partiyasi uchun muhim voqeadan bir kun oldin bo‘lib o‘tadi: 5 mart kuni bir qator shtatlarda praymeriz o‘tkaziladi. 

Trampning yana bir jinoiy ishi bo‘yicha sud jarayoni 25 mart kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. «Maxfiy hujjatlar» bo‘yicha federal tergov Floridada 20 may kuni boshlanishi kerak. 

Maxsus prokuror Smit Trampning 2020 yilgi prezidentlik saylovida mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng, hokimiyatda qolish uchun qilgan xatti-harakatlarini tergov qilmoqda. Xususan, gap Trampning 2021 yil 6 yanvardagi nutqi haqida bormoqda, u saylov soxtalashtirilgani haqidagi bayonotlarini bir necha bor takrorlagan. Shundan so‘ng, uning tarafdorlari Kapitoliyga bostirib kirishgan. 

So‘nggi oylarda Trampga jami to‘rtta jinoiy ish bo‘yicha ayblov e’lon qilindi. Gap namoyishchilarning Kapitoliyga bostirib kirishi, maxfiy hujjatlarning noqonuniy saqlanishi, shuningdek, sobiq davlat rahbarining biznesi bilan bog‘liq qonunbuzarliklar haqida ketmoqda. Tramp barcha ayblovlarni rad qilmoqda. 

Mavzuga oid