Jahon | 13:05 / 31.08.2023
8493
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh suveren davlatlar uchun mo‘ljallangan fondidan Tayvanga yordam beradi

Vashington Tayvanga ilk bor Foreign Military Financing dasturi orqali harbiy yordam bermoqda. Ushbu mablag‘lar Tayvanga Xitoy tomonidan harbiy tajovuz yuz bergan taqdirda o‘z mudofaasini kuchaytirishga imkon yaratishi kerak.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati ilk bor Tayvanga Foreign Military Financing (FMF) dasturi doirasida harbiy yordam ko‘rsatadi, u orqali mablag‘lar odatda suveren davlatlarga ajratiladi, deb xabar berdi Reuters 30 avgust, chorshanba kuni kechqurun Oq uyning AQSh Kongressiga murojaati nusxasiga tayanib.

Murojaatda aytilishicha, AQSh Davlat departamenti birgalikda mudofaa qobiliyati va dengiz xavfsizligini ta’minlash orqali Tayvanga o‘zini o‘zi mudofaa qilishni kuchaytirishga yordam berish uchun 80 million dollar ajratadi. Davlat departamenti vakili maktubning haqiqiyligini tasdiqladi. Shu bilan birga, u Tayvanga FMF kanallari orqali yordam ko‘rsatish qarori hech qanday holatda AQSh siyosatining o‘zgarishini anglatmasligini ta’kidladi. 

Xitoy Tayvanni o‘zining isyonkor provinsiyasi deb biladi

Ayni paytda, ekspertlar ta’kidlashicha, Vashingtonning bu harakatlari, shubhasiz, Tayvanni o‘zining isyonkor provinsiyasi deb hisoblaydigan hamda Vashington va Taybeydagi ma’muriyatlar o‘rtasidagi «rasmiy almashinuv» orqali bu orolni mustaqil davlat sifatida tan olmaslik to‘g‘risida ogohlantirayotgan Xitoyni g‘azablantiradi. Tayvan Xitoyning o‘z hududi ustidan suverenitetini tan olishdan bosh tortmoqda. 

Avvalroq, iyun oyining oxirida Qo‘shma Shtatlar Tayvanga 440 million dollarlik o‘q-dorilar va harbiy qismlarni yetkazib berish niyatida ekanligini ma’lum qilgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid