O‘zbekiston | 07:26 / 01.09.2023
1669
2 daqiqa o‘qiladi

FVV yong‘inlar profilaktikasi sohasi tubdan takomillashtiriladi

"Favqulodda vaziyatlar vazirligining yong‘inlar profilaktikasi sohasini tubdan takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash haqida"gi Favqulodda vaziyatlar vazirligining buyrug‘i loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

Buyruq loyihasi bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligining yong‘inlar profilaktikasi sohasini tubdan takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash nazarda tutilmoqda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining yong‘inlar profilaktikasi sohasini takomillashtirish konsepsiyasi vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladigan favqulodda vaziyatlar profilaktikasining asosiy yo‘nalishlaridan hisoblangan yong‘inlarning oldini olish sohasini ilmiy-texnik taraqqiyot hamda ilg‘or xorijiy tajriba asosida 2026 yilga qadar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan konseptual masalalarni o‘z ichiga olgan.

Konsepsiyada asosiy maqsadlar va ustuvor yo‘nalishlar, davlat yong‘in nazorati organlari faoliyatining joriy holati va mavjud muammolar, davlat yong‘in nazorati organlari faoliyatidagi muammolarni hal etish yo‘llari, konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar va konsepsiyani amalga oshirish mexanizmlari aks etgan.

Taklif etilayotgan buyruq loyihasi bilan tasdiqlanadigan konsepsiyaning qabul qilinishi natijasida 2026 yil yakuniga qadar:

  • yong‘inlar profilaktikasini amalga oshirish tartibi takomillashadi, mavjud bo‘shliq va muammolar bartaraf etiladi, rag‘batlantirish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi, sohaga ilg‘or xorijiy tajriba tatbiq etiladi;
  • jamiyatda yong‘in xavfsizligining ta’minlanganlik darajasi oshiriladi, fuqarolarning yong‘in xavfsizligini ta’minlash masalasiga munosabati o‘zgaradi, yong‘in xavfsizligi sohasida qonunchilik talablarini buzgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligi ta’minlanadi, fuqarolarda shaxsiy xavfsizlik immuniteti shakllanadi;
  • yong‘in xavfsizligini ta’minlash faoliyatining shaffofligi va oshkoraligi ta’minlanadi, yong‘inlar bilan kurashish ishlariga jamoatchilik va ko‘ngillilarni jalb etish darajasi oshadi;
  • yong‘inlarning oldini olish sohasidagi vakolatli organ faoliyatiga ishni tashkil etishning zamonaviy shakl va usullari hamda ilg‘or raqamlashtirish texnologiyalari keng joriy etiladi.

Mavzuga oid