Jahon | 07:59 / 02.09.2023
6366
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukrainaga kam boyitilgan uranli snaryadlar yetkazib berishini e’lon qiladi

Qo‘shma Shtatlar keyingi haftada Ukrainaga kam boyitilgan uranli o‘q-dorilarning birinchi yetkazib berilishini e’lon qiladi, deb xabar bermoqda Reuters. Bu - sentabr oyida Kiyevga topshirilishi rejalashtirilgan Abrams tanklari uchun snaryadlar bo‘lishi kutilmoqda.

Foto: Reuters

AQSh ma’muriyati Ukrainaga kam boyitilgan uranli o‘q-dorilar yetkazib berilishini kelasi hafta e’lon qiladi. Bu haqda 1 sentabr, juma kuni Vashingtondagi yuqori martabali manbalarga tayanib, Reuters agentligi xabar berdi

Ularning so‘zlariga ko‘ra, gap Abrams tanklari uchun zirhni teshuvchi snaryadlar haqida ketyapti. Avvalroq Politico Vashington ushbu tanklarning 10 donalik birinchi partiyasini sentabr oyida Kiyevga topshirishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi. 

Bu o‘q-dorilar Ukrainaga yangi yordam paketiga kiritiladi, deb yozadi Reuters. Agentlik manbalaridan biri ushbu paketning narxini unga nimalar kirishiga qarab 240 million dollardan 375 million dollargacha baholagan. 

London allaqachon Kiyevga kam boyitilgan uranli snaryadlarni yuborgan 

21 mart kuni Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi Ukrainaga nafaqat Challenger tanklari, balki ular uchun kam boyitilgan uranli snaryadlar ham yetkazib berishini ma’lum qildi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin buni «yadroviy eskalatsiya» deb atadi va «Rossiya shunga muvofiq javob berishga majbur bo‘ladi», dedi. Britaniya tashqi ishlar vaziri Jyeyms Kleverli shunday javob berdi: «Yadroviy eskalatsiya yo‘q. Dunyoda yadroviy masalalar haqida gapiradigan yagona davlat bu - Rossiya. Rossiyaga hech qanday tahdid yo‘q, gap faqat Ukrainaga o‘zini himoya qilishda yordam berish haqida ketyapti». 

25 aprel kuni Buyuk Britaniya mudofaa vaziri o‘rinbosari Jyeyms Xippi kam boyitilgan uranli snaryadlarning birinchi partiyasi Kiyevga yetkazilganini tasdiqladi. 

Nima uchun kam boyitilgan uran harbiylarda katta qiziqish uyg‘otadi?

Kam boyitilgan uran atom elektr stansiyalari uchun uranni boyitish natijasida hosil bo‘lgan qo‘shimcha mahsulotdir. U tabiiy qazib olingan uranga qaraganda kamroq radioaktiv va yuqori zichlikka ega. Shu sababli, undan yasalgan o‘q-dorilar zirhni teshuvchi eng yaxshi xususiyatlarga ega. Bundan tashqari, tank zirhlari ham kam boyitilgan urandan tayyorlanadi. Yil boshida ba’zi OAV Vashington Kiyevga tarkibiga kam boyitilgan uran kiruvchi yashirin zirhlar borligi tufayli tayyor mashinalarni jo‘natishdan bosh tortayotgani haqida yozgan edi, ammo Pentagon bu ma’lumotni tasdiqlamadi. 

Ko‘pgina mamlakatlar kam boyitilgan uranli snaryadlarga ega - AQSh va Buyuk Britaniyadan tashqari, Fransiya, Xitoy va Rossiya. Nemis armiyasi ulardan foydalanmaydi. Birinchi marta bu snaryadlar 1991 yilda Fors ko‘rfazi urushi paytida keng miqyosda ishlatilgan. Keyin uranli snaryadlar sobiq Yugoslaviyada va 2003 yilgi Iroq urushida foydalanilgan. 

Kam boyitilgan uranli snaryadlar tanani og‘ir metallar bilan ifloslanishi va radioaktiv nurlanish orqali inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Umuman olganda, bu xavf jiddiy hisoblanmaydi. Biroq, bu snaryadlarni zirhli texnikaga zarba berish uchun ishlatish va iloji bo‘lsa, ulardan aholi zich joylashgan joylarda foydalanmaslik tavsiya etiladi. 

Mavzuga oid