AQShda Proud Boys ultrao‘ngchilar tashkiloti sobiq rahbari 22 yilga qamaldi
Kapitoliyga hujum qilingan paytda Enrike Tarrio Vashingtonda bo‘lmagan bo‘lsa-da, sud uni «fitnaning rahbari» deb tan oldi. Bu 2021 yil 6 yanvardagi tartibsizliklar bo‘yicha chiqarilgan eng qattiq hukmdir.
Proud Boys ultrao‘ngchilar tashkiloti sobiq yetakchisi Enrike Tarrio 2021 yil 6 yanvarda Kapitoliyga bostirib kirishga aloqadorligi uchun 5 sentabr, seshanba kuni Vashingtondagi sud tomonidan 22 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. U fitnada aybdor deb topilgan. Tarrioga hukm 2021 yil 6 yanvardagi tartibsizliklar ishida eng og‘ir jazo bo‘ldi. Tarrioning advokatlari apellyatsiya shikoyati berdi.
6 yanvar kuni Donald Trampning minglab tarafdorlari Kongress binosiga bostirib kirgan paytda Enrike Tarrioning o‘zi Vashingtonda bo‘lmagan. Biroq, sudya Tarrio «fitnaning rahbari» ekanini ta’kidladi. Tergov uning isyon paytida Proud Boys harakatlarini nazorat qilganini aniqladi. Tergovchilarga ko‘ra, u amerikalik o‘ng ekstremistlar orasida «alohida nufuzli shaxs» hisoblanadi. Avvalroq sud Proud boys’ning yana ikki yetakchisiga hukm chiqargan edi: Jozef Biggs 17 yilga, Itan Nordin esa 18 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Kapitoliyga hujum
2021 yil 6 yanvar kuni prezidentlik saylovlarida mag‘lub bo‘lgan Donald Tramp tarafdorlari prezidentlik saylovi natijalarini tasdiqlash vaqtida Kongress binosi oldida tartibsizliklar uyushtirdi. Namoyishchilar binoga bostirib kirgan, Kongressdagi munozaralar bir necha soatga to‘xtatilgan, qonun chiqaruvchilar evakuatsiya qilingan. Politsiya hujum ishtirokchilariga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan, Milliy gvardiya Vashingtonga yetib kelgan.
Tartibsizliklar paytida besh kishi halok bo‘ldi, 50 ga yaqin kishi qo‘lga olindi, ularning ba’zilariga ayblov e’lon qilindi. Hujumning bir necha ishtirokchisi allaqachon turli muddatlarga qamoq jazosiga hukm qilingan. Tergov fikricha, Proud Boys va Oath Keepers aksiyaning asosiy ishtirokchilari bo‘lgan.
Kapitoliyga bostirib kirish ishida jami mingdan ortiq odam ishtirok etmoqda - jumladan, Donald Tramp ham. AQSh sobiq prezidenti 2020 yilgi saylov natijalarini bekor qilishga urinishda ayblanmoqda. U o‘zining aybsizligini ta’kidladi.
Mavzuga oid
22:07 / 19.11.2024
AQSh Rossiya yadro siyosatining o‘zgarishi munosabati bilan o‘z yadro doktrinasini o‘zgartirmaydi
20:58 / 19.11.2024
Baydenning ruxsati urushning borishiga qanday ta’sir qiladi?
18:44 / 19.11.2024
Ukraina ATACMS raketalari bilan Rossiya hududiga birinchi zarbani berdi
16:15 / 19.11.2024