11:14 / 09.09.2023
7326

OAV: Guterrish Rossiyaga sanksiyalarni yumshatishni taklif qilgan

Foto: Reuters

Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahbari Sergey Lavrovga maktub yozib, unda Moskvaga bir qancha muhim imtiyozlar berilgan holda «g‘alla bitimi»ni qayta tiklashni taklif qildi.

28 avgust kuni BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga maxfiy maktub yo‘llab, unda Rossiyaning «g‘alla bitimi»ga qaytishi va Qora dengiz tashabbusini qayta boshlashi evaziga sanksiyalarni sezilarli darajada yumshatishni taklif qildi, deb xabar bermoqda dpa agentligi 8 sentabr, juma kuni Bild ma’lumotlarini tasdiqladi. Guterrishning taklifi to‘rtta aniq banddan iborat, deya ta’kidlaydi nashr.

SWIFT orqali Rossiya to‘lovlari muammosini hal qilish 

Xususan, BMT rahbari 2022 yil iyun oyida Rossiya qishloq xo‘jaligi bankiga (Rosselxozbank) nisbatan YeI tomonidan kiritilgan moliyaviy sanksiyalarni bekor qilishni taklif etmoqda, u Rossiyaning boshqa moliya institutlari singari SWIFT tizimidan uzib qo‘yilgan. Guterrishning g‘oyasi bu bankning RSHB Capital S. A. shu’ba korxonasini tashkil etishi va uni SWIFT’ga ulashdan iboratdir. U mustaqil bank funksiyalarini bajarmagan holda to‘lov operatsiyalari bo‘yicha texnik xizmatlar ko‘rsatadi, shuning uchun bank litsenziyasi kerak bo‘lmaydi, deyiladi ma’lumotda.

Yevrokomissiya vakili Bild bilan suhbatda Yevropa Ittifoqi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va oziq-ovqat savdosi uchun to‘lovlarni SWIFT orqali Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini buzmagan holda amalga oshirish imkonini beruvchi «konstruktiv yechim» topish imkoniyatiga ruxsat berganini tasdiqladi. SWIFT kompaniyasi nashrga «Qora dengiz g‘alla tashabbusi bo‘yicha munozaralar yuqori darajada davom etayotganini» bildirdi. 

Rossiya kemalarini sug‘urtalash, ularni Yevropaga chiqishiga ruxsat berish va Rossiya aktivlarini qaytarish 

BMT ikkinchi band sifatida, Bild nashrining yozishicha, Rossiya kemalarini Azov va Qora dengizlarda Ukraina hujumlaridan sug‘urtalashni taklif qilmoqda. «Rossiyaning oziq-ovqat va o‘g‘it eksporti bo‘yicha BMT tomonidan moliyalashtiriladigan sug‘urta kompaniyasi 4-6 hafta ichida Lloyd's (xalqaro sug‘urta bozori) bilan hamkorlikni boshlashi mumkin», - deya Guterrishning ehtimoliy xatidan iqtibos keltiradi nashr. Shu bilan birga, BMT rahbari nafaqat Rossiya eksport yuklarini sug‘urta qilish, balki tashqi ta’sirlardan sug‘urtalash, shuningdek, uchinchi shaxslarga zarar yetkazilgan taqdirda sug‘urta qilishni ham zarur deb hisoblaydi. 

Uchinchi band Yevropa Ittifoqida muzlatilgan mablag‘larini Rossiyaga qaytarishni nazarda tutadi. Guterrish Rossiya Federatsiyasiga hisobraqamlar va aktivlar ro‘yxatini taqdim etishni, rossiyalik o‘g‘it ishlab chiqaruvchilarni esa sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha arizalar bilan Yevropa Ittifoqi organlariga murojaat etishni taklif qilyapti. Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahbari va’dalariga ko‘ra, BMT ushbu arizalarni ko‘rib chiqish uchun tegishli mamlakatlar va YeI rasmiylari bilan hamkorlik o‘rnatadi. 

To‘rtinchi band – oziq-ovqat va o‘g‘it tashuvchi Rossiya kemalariga Germaniya va boshqa mamlakatlar portlariga kirishga ruxsat berish taklifi. Bild nashri xulosa qilishicha, agar bu taklifni amalga oshirsa, BMT Rossiya rahbariyatining barcha talablarini bajaradi.

«BMT Rossiyani mukofotlamoqchi emas. Biz butun dunyo bo‘ylab oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilashga harakat qilmoqdamiz. Bizning maqsadlarimiz sof humanitar xususiyatga ega», - dedi BMT vakili dpa’ga. 

Rossiyaning «g‘alla bitimi»da ishtirok etishdan bosh tortishi 

Ukraina oziq-ovqat mahsulotlarini Qora dengiz portlari orqali eksport qilish yo‘lagi 2022 yil yozida kelishib olindi, u orqali 30-32 million tonna Ukraina g‘allasi jahon bozoriga, birinchi navbatda, rivojlanayotgan mamlakatlarga eksport qilindi. 2023 yil iyul oyida Rossiya urushga qaramay, Qora dengiz orqali Ukraina oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish imkonini beradigan «g‘alla bitimi»ni uzaytirishdan bosh tortdi. Shundan keyin Moskva Ukrainaning Qora dengiz va Dunay portlariga hujumlarini kuchaytirdi.

9 sentabrda boshlanadigan G20 sammiti oldidan Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel Rossiya Federatsiyasini Ukraina portlari blokadasini to‘xtatishga va g‘alla tashuvchi kemalarning Qora dengizga xavfsiz chiqishini ta’minlashga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Ukraina oziq-ovqat mahsulotlarining Yevropa «birdamlik kanallari» orqali muqobil eksporti yo‘llarini ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirmoqda. 

Mavzuga oid
Top