BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish juma kuni, 2 yanvarda Isroilni o‘nlab xalqaro gumanitar tashkilotlar litsenziyalarini qaytarib olish qarorini bekor etishga chaqirdi. Uning fikricha, bu qadamlar G‘azo sektoridagi sulh (o‘t ochishni to‘xtatish) davrida erishilgan nozik taraqqiyotni izdan chiqarishi va “falastinliklar duch kelayotgan gumanitar inqirozni yanada og‘irlashtirishi” mumkin.

Avvalroq Isroil hukumati 37 ta xalqaro gumanitar tashkilotga — ular orasida “Chegara bilmas shifokorlar” (Médecins Sans Frontières) va Oxfam ham bor — litsenziyalari 2026 yil 1 yanvardan bekor qilinishi va o‘sha yil 1 martgacha faoliyatini to‘xtatishi kerakligi haqida ma’lum qilgan. Sabab sifatida ushbu NNT Isroil hukumatining yangi talablarini, xususan falastinlik xodimlarining ismlari va boshqa ma’lumotlarini taqdim etish talabi kabilarni buzgani ko‘rsatilgan. Isroilning Diaspora ishlari va antisemitizmga qarshi kurash vazirligi rahbari Amixad Shiklining aytishicha, agar gumanitar tashkilotlar 1 martgacha bu buzilishlarni bartaraf etsa, ularning ishni davom ettirish bo‘yicha arizalari qayta ko‘rib chiqiladi.

Oxfam e’lon qilgan qo‘shma bayonotda 53 ta xalqaro NNT Isroilni “ro‘yxatdan o‘tkazishni bekor qilish tartibini zudlik bilan to‘xtatishga va gumanitar yordam ko‘rsatishga to‘sqinlik qilayotgan choralarni bekor qilishga” chaqirdi. Hujjatni imzolaganlar donor mamlakatlar hukumatlaridan buning uchun “barcha mavjud ta’sir mexanizmlaridan foydalanish”ni so‘radi. “Chegara bilmas shifokorlar” alohida bayonotda Isroil hukumatini G‘azo sektorida va Iordan daryosining G‘arbiy sohilida yordam ko‘rsatishga to‘sqinlik qilishga qaratilgan “urinish”da ayblab, buni xalqaro gumanitar huquqning buzilishi deb atadi.

Kuchli yomg‘irlar va harorat pasayishi bilan G‘azo sektoridagi vaziyat yomonlashdi. Shu fonda Kanada, Daniya, Finlandiya, Fransiya, Islandiya, Yaponiya, Norvegiya, Shvetsiya, Shveytsariya va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlari qo‘shma bayonot bilan chiqish qildi. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, sektorda 1,3 million kishi tezkor ravishda turar joy bilan ta’minlanishga muhtoj. Tibbiyot muassasalarining yarmidan ko‘pi uskuna va materiallar yetishmovchiligini boshdan kechirmoqda, infratuzilmaning to‘liq izdan chiqishi esa 740 000 kishini oqova suvlar bilan suv bosishi xavfi ostida qoldirgani bayonotda qayd etilgan.

Bayonot mualliflari Isroilni shoshilinch choralar ko‘rishga, jumladan xalqaro nodavlat tashkilotlarga G‘azoda “doimiy asosda” faoliyat yuritish imkonini ta’minlashga chaqirdi. Bu, jumladan, Falastin qochqinlariga yordam ko‘rsatish va ishlarini tashkil etish bo‘yicha BMTning Yaqin Sharq agentligiga ham taalluqli, uning Isroildagi faoliyati 2025 yildan taqiqlangan — agentlik xodimlari HAMAS bilan hamkorlik qilganlikda ayblanganidan keyin.