O‘zbekiston–Qirg‘iziston–Xitoy temiryo‘li qurilishi 5–7 mlrd dollarga tushishi mumkin
Hozirda uchta davlat birlamchi texnik-iqtisodiy asoslari tayyor bo‘lgan loyihani kim, qanday moliyalashtirishi masalasini ko‘rib chiqyapti. Transafg‘on temiryo‘li loyihasi esa dastlabki texnik topshiriqni ishlab chiqish bosqichida qolmoqda.
13 sentabr kuni Toshkentda “Xalqaro avtomobil transporti: barqaror rivojlanish va farovonlik sari” nomli xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda 11 ta xalqaro tashkilot, 29 ta mamlakatdan 93 nafar delegatsiya vakillari ishtirok etishdi. Unda xalqaro yuk tashuvlarida yuzaga kelayotgan muammolar, logistika masalalari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida Transport vazirligi departament rahbari Abdusamad Mo‘minovning jurnalistlar savoliga javoban aytishicha, hozirda O‘zbekiston–Qirg‘iziston–Xitoy temiryo‘li loyihasini amalga oshirish uchun pul topish harakati ketyapti.
“Bugungi kunda tashqi savdoni rivojlantirish, O‘zbekistonning eksport, import yuklarini tashqi dunyoga olib chiqish uchun 6-7 ta marshrutlarimiz bor. Qo‘shimcha ravishda alternativ variant sifatida bizda Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston multimodal koridoridan foydalanilmoqda.
May oyida prezidentning Tsian shahriga tashrifi chog‘ida kelishuvlar bo‘ldi. Shunda O‘zbekiston–Qirg‘iziston–Xitoy temiryo‘li qurilishi bo‘yicha dastlabki texnik-iqtisodiy asos tayyorlandi. Hozirgi kunda ushbu loyiha uchun pul topish harakati ketyapti. Hamda bu loyihani boshqarish shartlari kelishilyapti”, – dedi Abdusamad Mo‘minov.
Vazirlik vakiliga ko‘ra, loyiha qiymati 5–7 mlrd dollar atrofida baholanyapti. Qurilajak temiryo‘lda yiliga 8-10 mln tonna yuk, xususan tranzit yuklar tashilishi mo‘ljallanmoqda.
Mo‘minov Termiz–Mozori Sharif–Kobul–Peshovar temiryo‘li loyihasi haqida ham gapirarkan, bugungi kunda bu yo‘nalishda ham multimodal tashuvlar yo‘lga qo‘yilgani, O‘zbekistonga Afg‘oniston hududi orqali kirib kelayotgan yuklar hajmi bir necha barobarga oshganini qayd etdi.
“Loyiha boshlanish bosqichida, texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlashimiz uchun dastlabki texnik topshiriq tayyorlanyapti. Buning uchun 3 ta tomon loyihaga pul jalb qilishni kelishyapti”, – dedi u.
“Tolibon” hukumatini hech bir davlat tan olmagani loyihaga xalqaro moliya tashkilotlarini jalb etishni qiyinlashtirmoqda.
“To‘g‘ri, loyiha uchun Jahon banki pul bermasligi mumkin, ammo boshqa xalqaro moliya intitutlari bor. Masalan, Osiyo taraqqiyot, Islom taraqqiyot banklari bor. Hozirda shular bilan ishlanmoqda”, – dedi Transport vazirligi rasmiysi.
Avvalroq 600 km uzunlikdagi Transafg‘on temiryo‘li qurilishi 4,8 mlrd dollarga baholangan edi. Loyiha ustidagi ishlar “Tolibon” hokimiyatga kelgach to‘xtab qolgan, lekin 2022 yilning iyuliga kelib temiryo‘lning yo‘nalishi va texnik-iqtisodiy asoslarini aniqlash bo‘yicha ekspeditsiya ishlari boshlangandi.
Qirg‘iziston orqali Xitoyga va Afg‘oniston orqali Pokiston portlariga chiqish O‘zbekiston uchun strategik muhim ahamiyatga ega.
“Tasavvur qiling, Xudo xohlasa shu kunlar baribir keladi, ikkita temiryo‘l qurilsa, iqtisodiyotimiz qanday barqaror bo‘ladi. Biz birovga qaram bo‘lmaymiz. Agar mana shu ikkita katta temiryo‘l bo‘lsa, biz ham tarif orqali manfaat ko‘radigan davlatga aylanamiz”, – prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan oydagi nutqida bu ikki tranzit koridorining ahamiyatini shunday tushuntirgan edi.
Yevropalik hamkorlar bilan yuk mashinalari haydovchilari tayyorlanmoqda
13 sentabr kungi konferensiyada aytilishicha, har yili O‘zbekistonning mahsulotlarni import hamda eksport qilish hajmi 15-20 foizga oshib bormoqda. Ularni xalqaro doirada tashishdagi eng qulay transport vositasi esa avtomobil hisoblanadi. Boisi, yuk avtomobillari boshqa vositalardan farqli o‘laroq “eshikdan eshikkacha” tamoyili asosida ishlaydi.
Transport vazirligi vakili Abdusamat Mo‘minovning aytishicha, bu jarayonda xalqaro yuk tashuvchi, ya’ni avtomobil haydovchilarining sohadan qanchalik boxabar bo‘lishi ham ahamiyatli.
“Haydovchi deganda avtomobilga o‘tirib, haydab ketadigan insonni emas, balki xalqaro tashuvlarni ham biladigan odamni tushunish kerak. Chunki u 4-5 ta mamlakatga kirib, shu davlatlarning chegaralaridan o‘tadi. Shunchasidan o‘tganidan keyin bu davlatlarning transport tizimi, hujjatlarni rasmiylashtirish, o‘zining taqiqlari, ruxsatlari bor. Umuman olganda, haydovchi esli, hushli bo‘lishi, xalqaro tashuvni bilishi shart.
Bugungi kunda O‘zbekistonda Transport vazirligi, O‘zbekiston xalqaro yuk tashuvchilari assotsiatsiyasi hamda Latviya, Litva mamlakatlari bilan birgalikda katta loyiha qilyapmiz. Hozirgi kunda O‘zbekistondagi 100 nafar odamni o‘qitdik, ularni Yevropaga amaliyot o‘tashlari uchun yuboryapmiz. Ular yaxshi o‘qib qaytgach, O‘zbekistonda ishlashi, agar eplashsa, Yevropada qolishi mumkin. Bunday rejalarni ham o‘ylayapmiz.
Qo‘pol qilib aytganda, ularning oyligi 200-300 dollar bo‘lmaydi, haydovchilar kamida 1,5 yoki 2 ming yevro maosh olishadi. Bu pul Yevropada qolmaydi, balki O‘zbekistonga keladi. Kelgusida shunday katta loyiha uchun o‘quv markazlarini ko‘paytirmoqchimiz va o‘zimizning yigitlarni o‘qitmoqchimiz.
Hozirgi tashuvchilar kamida ming dollar oylik oladi. Lekin uning azobi katta. Chunki avtomobillar chegara bojxona postlarida 3-5 kunlab, bir xil kunlari 10 kun qolib ketishadi. Tashilayotgan yuk qimmat bo‘lib qolsa, ayniydigan bo‘lsa, avtomobil doim yoqiq bo‘lishi lozim. Bu oson emas. Shuning uchun ham buni yoshi kattalar emas, asosan yoshlar orasida targ‘ib qilyapmiz. Masalan, Buxorodagi chegaralarda ko‘p yoshlar haydovchi bo‘lib ishlash niyatida yuribdi, hatto ishlashmoqda ham”, – deydi Mo‘minov.
Mavzuga oid
15:09 / 19.08.2024
Malayziyaning yirik port kompaniyasi O‘zbekistonda logistika markazi qurishi mumkin
22:32 / 13.07.2024
O‘zbekiston Qashg‘ar–Andijon temiryo‘li qurilishi uchun 255 mln dollar ajratadi
17:00 / 30.06.2024
Toshkentda O‘zbekiston-Pokiston logistika forumi o‘tkazildi
15:25 / 05.06.2024